Oilalarda kitobxonlik madaniyati shakllanmoqda
Foto: Xalq so‘zi
Zahiriddin Muhammad Bobur nomidagi Andijon viloyati axborot-kutubxona markazi tomonidan aholi keng qatlamining mutolaaga qiziqishini oshirish borasida qator loyihalar ishlab chiqilgan boʻlib, hududlarda tashkil etilayotgan koʻchma kutubxonalar faoliyati shular jumlasidandir. Andijon shahridagi “Dalvarzin”, «Safoiy» va “Shodlik” MFYlarida ish boshlagan bu turdagi kutubxonalar xizmatidan kitobsevar kishilar minnatdor.
— Boʻsh vaqt boʻldi deguncha kitob oʻqiyman, — deydi “Dalvarzin” MFYda istiqomat qiluvchi mehnat faxriysi Qobiljon Ubaydullayev. — Afsuski, hamma vaqt ham yangi kitob keltirishga imkon boʻlmaydi. Kutubxonaga borishga yoʻl uzoqlik qiladi. Mahallamizda koʻchma kutubxona tashkil etilganidan juda xursand boʻldim. Yuzlab turli mavzudagi kitoblarni koʻrib, koʻz quvnaydi.
Taʼkidlash oʻrinliki, bundan besh yil oldin boshlangan bu xayrli loyiha kutubxona oʻquvchilari soni ortishiga sabab boʻlyapti.
— 2021-yilda kutubxonamizda taʼmirlash ishlari bajarilgach, kitobxonlar uchun yanada qulay sharoitlar yaratildi, — deydi axborot-kutubxona markazi rahbari Gulnora Ismoilova. — Ishonasizmi-yoʻqmi, hozirda bir kunda ming nafargacha kitobxonlarga xizmat koʻrsatyapmiz. Bu qoʻshimcha oʻquv zallari ochishni taqozo etmoqda. Afsuski, bu bir zumda hal qilinadigan masala emas. Shu bois mahallalardagi koʻchma kutubxonalar faoliyatini yanada rivojlantirish orqali muammoga yechim izlamoqdamiz.
Jumladan, yuqoridag 3 MFYda oʻrtacha 200 ta kitob fondiga ega boʻlgan moʻjazgina kutubxonalar xizmatidan bir oy davomida 600 nafardan ziyod kitobxon foydalanmoqda. Har oyda bu kutubxonalardagi kitoblar yangilanib turilayotir.
— Biz shu bilangina kifoyalanib qolayotganimiz yoʻq, — deya davom etadi G. Ismoilova. — Viloyatimizdagi mavjud 6 ta oliy taʼlim muassasasini respublika elektron yigʻma katalogiga ulash orqali mamlakatdagi mavjud kutubxonalar xizmatidan foydalanish imkoniyatini yaratdik.
Hozirda viloyat axborot-kutubxona markazida 882 ming 445 ta kitob fondi mavjud. Muhimi, bugun bu kitoblar javonlarda chang bosib yotgani yoʻq. Oilalarda qoʻlma-qoʻl sevib oʻqilmoqda. Boshqacha aytganda, aholi oʻrtasida kitobxonlik madaniyatini shakllantirish uchun imkon darajasida zarur choralar koʻrilmoqda.
Saminjon HUSANOV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring