Ogʻiz nega quriydi va undan qanday qutilish mumkin?
Baʼzi insonlarni ogʻiz qurishi tez-tez bezovta qiladi. Mutaxassislarning taʼkidlashicha, bu jiddiy kasalliklar alomati boʻlishi mumkin.
— Tibbiyotda kserostomiya deb ataluvchi ushbu holat soʻlak bezlari faoliyati buzilishi oqibatida kelib chiqadi, — deydi tibbiyot fanlari nomzodi Nasiba Alimova. — U koʻproq katta yoshli insonlarda uchraydi.
Ayrim kishilar ogʻiz qurishi faqat qandli diabet alomati deb oʻylaydi. Biroq bu xato.
Sababi ushbu holat:
— yuqori qon bosimi;
— revmatoidli artrit;
— temir yetishmovchiligi (anemiya);
— burundan yaxshi nafas ololmaslik;
— kuchli stress;
— muntazam spirtli ichimliklar ichish kabi turli omillar natijasida ham kelib chiqishi mumkin.
Ogʻiz qurishidan xalos boʻlish uchun birinchi navbatda koʻproq gazlanmagan suyuqlik ichish tavsiya qilinadi. Ovqatni yaxshi va uzoq chaynash ham soʻlak bezlarining yetarli miqdorda shira ajratishiga va ogʻiz qurib qolmasligiga yordam beradi.
Shuningdek, burundan nafas olish, ogʻizni suv bilan muntazam chayish, zararli illatlardan voz kechish, gazlangan ichimliklar, qahva, shoʻr va achchiq taomlarni cheklash, koʻp asabiylashmaslik bu muammodan xalos boʻlishga koʻmaklashadi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring