Odamlar bardoshini sinash emas, ularga amaliy koʻmak zarur
Haqiqiy rahbar, haqiqiy yetakchi odamlarning bardoshini sinash uchun emas, balki ularga munosib shart-sharoit yaratib berish, ogʻirini yengil qilish uchun rahbar etib tayinlanadi, deb taʼkidlagan edi Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev. “Oyogʻi yerdan uzilgan” ayrim rahbarlarning el-ulus taqdiriga eʼtiborsizlik bilan yondashuvi aholining haqli eʼtirozlariga, noroziligiga sabab boʻladi. Buni mamlakatimizning turli hududlarida davlat va jamoat ehtiyoji uchun yer uchastkalari olib qoʻyilgan hamda uy-joylari buzilgan fuqarolarning murojaatlari ham tasdiqlab turibdi. Davlatimiz rahbari ushbu masala boʻyicha oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida uchta viloyat hokimini qattiq tanqid ostiga oldi va ularga aholidan uzr soʻrashni tayinladi.
Xorazm viloyati hokimi Farhod Ermanov, Qashqadaryo viloyati hokimi Zafar Roʻziyev, Fargʻona viloyati hokimi Shuhrat Gʻaniyev fuqarolar bilan uchrashib, oʻz xatolarini tan olib, aholidan uzr soʻradi.
Xalqimiz oriyatli, nomusli va shu bilan birga, kechirimli. Rahbarlarning bunday oʻzboshimchaliklaridan jabr koʻrgan aholi haqiqat joyida qaror topgani, qonun ustuvorligi taʼminlanganini taʼkidlab, moddiy va maʼnaviy koʻmak berilayotgani uchun Prezidentimizga oʻz minnatdorchiliklarini bildirdilar.
Saʼdulla TOʻRAYEV,
(mehnat faxriysi, “Ashxobod” mahallasi):
— Yangi uyni qurmay turib, eskisini buzma, degan naql bejiz aytilmagan. Aslida mahalla ahli yangi uylarni tiklab, koʻchib kirgandan keyin eski hovlilarni buzish maqsadga muvofiq edi. Shu yerda sal shoshma-shosharlik boʻldi va mahalliy rahbarlar xalq ichiga kirib borib, aholi bilan doimiy muloqotda boʻlish, muammolarga yechim topish oʻrniga oʻzlarinichetga olishdi. “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak”, degan tamoyilni unutishdi.
Viloyat hokimi mahallamizga kelib yoʻl qoʻygan xatolari, vaziyatga eʼtiborsizlik bilan yondashgani uchun bizdan uzr soʻradi, barcha masalalarni oqsoqollar bilan maslahatlashib yechishga vaʼda berdi. Menimcha bu voqea barcha hokimlar uchun oʻziga xos saboq boʻldi. Endilikda har bir rahbar bundan toʻgʻri xulosa chiqarib, faoliyatini yangicha tashkil etadi va xalqimiz bu oʻzgarishlardan rozi boʻladi.
Quronboy SAFAROV,
(“Ashxobod” mahallasi):
— Garchi sharoiti ogʻir boʻlsa ham oʻzi tugʻilib oʻsgan, kindik qoni tomgan maskanda muqim yashash, boshqa joyga koʻchib ketmaslik xalqimiz mentalitetiga xos xususiyat. Qoʻni-qoʻshnilar oʻrtasidagi munosabatlar, oʻzaro bordi-keldilar bizni mahallaga mustahkam rishtalar bilan bogʻlab turadi. Hovli-joylarning buzilishi nafaqat moddiy, balki maʼnaviy-ruhiy jihatdan ham taʼsir koʻrsatmasdan qolmaydi, albatta.
Ana shunday bir sharoitda uylarni buzishni aholini rozi qilib, qonun doirasida, puxta reja asosida amalga oshirish kerak. Tadbirkorlar va xorijiy sarmoyadorlar imoratlar qurish uchun boʻsh yerlarni tanlasalar maqsadga muvofiq boʻlardi. Shunda turli koʻngilsiz voqealar yuz berishining oldi olinadi.
Farzandlarim, nabiralarim bilan yangi imoratimizni tiklayapmiz. Nima muammo boʻlsa mahalla hududida tashkil qilingan qurilish shtabiga murojaat qilsak, darrov hal qilinyapti. Odamlarning kayfiyati yaxshi, nasib qilsa, kuzda mahallamizda hovli toʻylari bir-biriga ulanib ketadi.
Umid BOʻRIYEV,
— Mahalliy rahbarlarning meʼmoriy rejalashtirish borasida uzoqni oʻylamasdan ish yuritishi, baʼzida hokimlarning ayrim guruhlarning biznes manfaatlaridan kelib chiqib qarorlar qabul qilishi tufaylitadbirkorlarning koʻchmas mulklarini zoʻravonlik bilan buzib tashlash, kamiga kompensatsiya ham toʻlamaslik holatlari mavjud edi. Ayniqsa, bozorlar hududida bunaqa “qayta qurish”lar tez-tez amalga oshirilardi. Urganch tumani buyum bozori hududida joylashgan 80 dan ortiq savdo doʻkonimiz va umumiy ovqatlanish shoxobchamiz ham“snos”ga tushgan. Ammo oradan ancha muddat oʻtgan boʻlsada, buzilgan mulklarimiz uchun yer ajratish masalasi hal etilmadi. Biznesimiz kasod boʻldi, korxonamizda ishlab roʻzgʻor tebratayotgan qancha xodimlarimiz ishsiz qoldi. Achinarlisi, buzilgan doʻkonlar oʻrni 4 yildan buyon tashlandiq holatda yotibdi. Mahalliy hokimlik ushbu yer maydonini yana oʻzimizga xatlab bersa, bu joylarni obod qilib, yuzlab yangi ish oʻrinlari ochishga tayyormiz.
Prezidentimizning2019-yil 3-avgustda qabul qilingan “ Fuqarolar va tadbirkorlik subyektlarining mulk huquqi kafolatlanishini soʻzsiz taʼminlash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoyishi “snos” tufayli moddiy zarar koʻrgan va koʻchmas mulki taqdiridan yurak hovuchlab ishlayotgan tadbirkorlarning dardiga malham boʻlib, ertangi kunga ishonchini, biznesga ishtiyoqini oshirdi. Mazkur hujjatga muvofiq, 2019-yil 5-avgustdan boshlab fuqarolar va tadbirkorlik subyektlarininger uchastkalarini olib qoʻyish va koʻchmas mulklarini buzish ishlari Vazirlar Mahkamasi ruxsati bilan amalga oshiriladi.
Xorazmga xorijiy investitsiyalarni olib kelish uchun qancha saʼy-harakatlar qilinyapti. Ammo mulk huquqi kafolatlanmasa, ochigʻi investor ham sarmoya tikishga ikkilanadi. Viloyatimiz hokimi fuqarolarning turarjoylari va tadbirkorlar koʻchmas mulklarini buzishda yoʻl qoʻyilgan xatolar uchun aholidan uzr soʻradi. Mutasaddi rahbarlar oʻz aybini tushunib, yetarli xulosa chiqarib oldilar. Ishonamizki, davlat va jamoat ehtiyoji uchun yer uchastkalarini olib qoʻyishda endi bunday nomaʼqulchiliklarga yoʻl qoʻyilmaydi va tadbirkorlarning qonun bilan kafolatlangan mulk huquqi daxlsizligi taʼminlanadi.
Ravshan MIRZAYEV,
Rishton tumanidagi
“Chinigaron” mahalla fuqarolari yigʻini faoli:
— Kuni kechaoʻtkazilganvideoselektorda prezidentimiz Xorazm, Qashqadaryo, Fargʻona viloyatlari hokimlari va qurilish ishlariga masʼul idora rahbarlarini “snos” ishlarida ortiqcha manmanlik, birovni mensimaslik, Prezident siyosatini notoʻgʻri talqin qilganligiuchun qattiq tanqid qildi.
Fargʻona viloyat hokimining Rishton xalqi bilan uchrashib,keng jamoatchilik bilan yuzma-yuz suhbutlashishini, ulardan chin dildan kechirim soʻrashini, ochigʻi, biz kutmagan edik. Xalq bilan kelishib, oqsoqollar bilan bamaslahat ish qilish bugun zamon talabi ekanligini endi ayrim oyogʻi yerdan uzilgan rahbarlar ham anglab yetadilar degan umiddaman. Biz, rishtonliklar adolat qaror topib, “snos”lardan aziyat chekkan aholiga zarur moddiy va maʼnaviy koʻmak berilayotganidan boshimiz koʻkka yetdi.
Manzura SHOKIROVA,
(tadbirkor, Rishton tumani):
— 20yilda Rishton markaziy dehqon bozorida 6-marta qurilish ishlari olib borildi. Bozor qirgʻogʻidagi ikkita doʻkonimni shu yillar mobaynida 3-marta buzibqayta qurdim. Orttirib biror yirikroq ishlab chiqarishni ham yoʻlga qoʻya olmadik. Tuman markazidagi qurilishlar va “buz-buz”lardan zada boʻlganmiz. Eng qizigʻi, bozordagidoʻkonlarningqonunda belgilangan tartibga amal qilmay, hech qanday ogohlantirishlarsiz, kompensatsiya pullarisiz buzib yuborilganligi va oʻz fikrini ochiq bayon qilganlarga turli taʼziyqlar boʻlganligi bor gap.
Viloyat hokimi hamda qurilish ishlariga masʼul idora vakillarining xalqdan kechirim soʻrashi, ochigʻi, meni hayratlantirdi. Endi ular ham pastga tushib, bizning dardimizni tinlasalar, yillar mobaynida qiynab kelayotgan muammolarimizni bartaraf etishga koʻmaklashsalar, shu yurt rivoji uchun oʻz hissamizni qoʻshishdan hech qachon charchamaymiz. Hafsalamiz pir boʻlmaydi.
Olim ERGASHEV,
(mehnat faxriysi, Yakkabogʻ tumani Ibn Sino mahallasi):
— Xalqimizda “birniki mingga, mingniki millionga” degan gap bor.Xizmat vazifasida oʻtirgan bir noinsofning katta-kichik bilan maslahatlashmasdan, mulk egalarining roziligini soʻramasdan turib, notoʻgʻri harakatlari oqibatida kelib chiqqan tushunmovchiliklar uchun viloyat rahbariyatining xalq oldida yuzi shuvut boʻldi.
Prezidentimizning kuni kecha oʻtkazgan vedioselektor majlisida uchta viloyat rahbariga boʻlgan tanqidiy fikrlari barcha hokimlar uchun ibrat boʻldi, albatta. Shundan keyin viloyatimiz hokimi Zafar Roʻziyev tumanimizga kelib, uyi buzilgan, doʻkoni buzilgan odamlar bilan uchrashdilar, ulardan shaxsan uzr soʻradilar.Xalqimizning ruhini koʻtarish kerakligi, ularga koʻmaklashish rahbarlarning asosiy vazifasi ekanligini aytdilar.
Haqiqatan ham, Davlatimiz rahbari taʼkidlaganidek, bu ishlarning ustida turgan mutasaddilar oʻzlarining uyi buzilganida qanday ahvolga tushar edi. Shuning uchun haqiqiy rahbar xalq bilan ishlayotganda ularning tashvishini, avvalo, oʻzi his qilishi, ularning oʻrniga oʻzini qoʻyib koʻrishi kerak. Axir uy-joy boʻladimi, doʻkon boʻladimi,umuman, mana shu mulk uchun bir oila butun umrini bagʻishlaganku!
Prezidentimiz qayta-qayta uqtirganidek, nimaiki ish qilsak, avvalo, xalqning roziligini olib, keyin amalga oshirishimiz lozim. Zero, ezgu va xayirli ishlarning barchasi xalq duosi va roziligi bilan boʻladi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring