Odam suvdan zaharlanishi mumkinmi?

13:32 29 Oktyabr 2020 Iqtisodiyot
1378 0

Shunday holatlar boʻladi – yogʻingarchilik paytlari xonadonimiz joʻmragidan oqayotgan suvning koʻrinishi oʻzgaradi. Biz uni loyqalandi, deb ataymiz va isteʼmol qilsak turli kasalliklar kelib chiqishi mumkin, deya tindirishga harakat qilamiz. Xoʻsh, ichimlik suvi nega loyqalanadi va u rostdan ham kasallik tarqatadimi?

— Yogʻingarchilik koʻp boʻlgan paytlarda, masalan, sel kelganda suv rostdan ham loyqalanadi, — deydi «Kampirrovot» suv tozalash inshooti rahbari Abdumajid Mamasidiqov. — Uni inshootimizda tindirib, tiniqlashtirib, filtrlab, isteʼmolga tayyor holatga keltirgunimizga qadar oʻndan ziyod jarayonlar amalga oshiriladi. Suvning xiralashib qolishi uning isteʼmolga noloyiqligi belgisi emas. Suv inshootimiz laboratoriyasida bir kunda bir necha marotaba laboratoriya tekshiruvidan oʻtkaziladi. Isteʼmolga yaroqli holatdagina aholiga yetkazib beriladi.

— Suv shunday xususiyatga egaki, u kasallik tarqatmaydi, — deydi “Andijon viloyati suv taʼminoti” MCHJ markaziy analitik laboratoriyasi rahbari Rashida Kirishenko. — Qaytanga, tanadagi mikroblarni yuvadi. Aksariyat hollarda fuqarolar tarqalgan yuqumli kasalliklarda isteʼmol qilayotgan suvini sabab deb oʻylashadi. Bu xato! Kasallik gigiyena qoidalariga toʻla rioya qilmaganlik, yaʼni yuz-qoʻlimizni yaxshilab yuvmasligimiz orqali tarqalishi mumkin.

“Andijon viloyati suv taʼminoti” MCHJ tomonidan tashkil etilgan mediaturda qatnashgan jurnalist, bloger va matbuot xizmati xodimlari xulosa qildilarki, demak, xonadonimizgacha yetib kelgan suvning tashqi koʻrinishi qanday boʻlishidan qatʼiy nazar u isteʼmolga yaroqli va suv orqali kasallikka chalinish mumkin emas.

Mediatur davomida maʼlum boʻldiki, «Kampirrovot» suv tozalash inshooti bir sutkada 200 ming kub suvni yetkazib berish quvvatiga ega boʻlgani holda ayni paytda bu koʻrsatkich teng barobarga ortgan. Boisi, pandemiya sharoitida aholining ichimlik suvga boʻlgan talabi va ehtiyoji ikki barobarga ortdi. Inshootda maxsus texnik vositalar bu ehtiyojni qondirishga xizmat qilmoqda.

— Ayni paytda viloyat aholisining 90 foizi toza ichimlik suvi bilan taʼminlangan, — deydi jamiyat direktori Shuxratbek Matmusayev. — Joriy yilning oʻtgan davrida 1 ta ichimlik suv inshooti, 137 ta ichimlik suv qudugʻi, 880 kilometr ichimlik suv tarmogʻini qurish va rekonstruksiya qilish, shuningdek, 1 dona suv haydash stansiyasi, 12,5 kilometr oqova suv tarmogʻida qurilish-montaj ishlari amalga oshirildi.

Mediatur ishtirokchilari «Kampirrovot» suv tozalash inshooti va jamiyat analitik laboratoriyasi faoliyati bilan yaqindan tanish davomida boshqa muhim xabarlardan ham voqif boʻldilar.

Saminjon HUSANOV,
“Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер