Odam savdosi va majburiy mehnatga qarshi kurashish borasida amalga oshirilayotgan ishlar muhokama qilindi

16:09 06 May 2022 Siyosat
1455 0

Foto: Oliy Majlis Senati axborot xizmati

Joriy yilning 6-may kuni Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish Milliy komissiyasining navbatdagi yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

Tadbirda Milliy komissiya aʼzolari, vazirlik va idoralar, nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari hamda OAV xodimlari ishtirok etdi.

Majlisda odam savdosi va majburiy mehnatga qarshi kurashish borasida 2021-yilda amalga oshirilgan ishlar, koʻrilgan choralar, sohada saqlanib qolayotgan masalalar hamda 2022-yilga rejalashtirilgan ustuvor vazifalar muhokama qilindi.

Tadbirda odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish sohasida 2021-yilda amalga oshirilgan ishlar va sohada mavjud muammolar yuzasidan davlat rahbariga yillik axborot kiritilgani maʼlum qilindi.

Senat va Milliy komissiya Raisi T.Narbayeva tomonidan mamlakatimiz hayotining barcha jabhalarida, shu jumladan, bolalar mehnati va majburiy mehnatga toʻliq barham berish sohasida aniq natijalarga erishilgani qayd etildi.

Bu borada milliy qonunchilikni va tashkiliy-huquqiy bazani takomillashtirishga, xalqaro standartlarni implementatsiya qilishga, institutsional asoslarni rivojlantirish, sohada amalga oshirilayotgan ishlar natijadorligini tahlil qilish va mavjud muammolarning yechimiga tizimli yondashish, shu bilan birga fuqarolik jamiyati vakillari hamda tegishli xalqaro tashkilotlar bilan samarali hamkorlikni faollashtirish sohalarida ishlar olib borilgani qayd etildi.

Shuningdek, qishloq xoʻjaligi sohasida amalga oshirilgan keng koʻlamli ishlar, sohaga bozor tamoyillarining keng tatbiq etilishi, mehnat qonunchiligi ustidan samarali nazorat va mustaqil monitoring amalga oshirilishi paxtachilik sohasida tizimli majburiy mehnat holatlarining toʻliq oldini olishga xizmat qilgani eʼtirof etildi.

Mamlakatimizda odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish sohasida amalga oshirilgan ishlar koʻplab xalqaro tashkilotlar tomonidan ham eʼtirof etilayotganligi taʼkidlandi.

Xususan, AQSH Davlat departamenti tomonidan 2021-yil uchun eʼlon qilingan Jahonda odam savdosi toʻgʻrisidagi yillik maʼruzada Oʻzbekiston alohida kuzatuv ostidagi davlatlar roʻyxatidan chiqarilib, xalqaro standartlarni toʻliq bajarish boʻyicha keng koʻlamli ishlarni amalga oshirayotgan davlatlar roʻyxatiga kiritilgan.

Xalqaro mehnat tashkiloti tomonidan Oʻzbekistonda 2021-yilda ham paxta yigʻim-terimi mavsumi davomida tizimli bolalar mehnatidan va majburiy mehnatdan umuman foydalanilmaganligi toʻgʻrisidagi yakuniy xulosasi, shuningdek, ushbu yoʻnalishdagi monitoring ishlari yakunlari toʻliq Oʻzbekiston tomoniga topshirilganligini eʼlon qildi.

“Cotton Campaign” xalqaro koalitsiyasi tomonidan Oʻzbekiston paxtasiga qoʻyilgan global boykot bekor qilinishi keng koʻlamli islohotlar samaradorligining yorqin misoli boʻlganligi qayd etildi.

Majlisda Milliy komissiya tarkibidagi Odam savdosiga qarshi kurashish masalalari boʻyicha kichik komissiyaga rahbarlik qilayotgan Ichki ishlar vazirligi, Majburiy mehnatga qarshi kurashish masalalari boʻyicha kichik komissiyaga rahbarlik qilayotgan Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, shuningdek Samarqand va Qashqadaryo viloyati hududiy komissiyalari raislari hisoblangan viloyat hokimlarining axborotlari ham eshitildi.

Shuningdek, tadbirda Milliy komissiya tomonidan tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda ishlab chiqilgan “2021-yilda odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish sohasida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan axborotda bildirilgan takliflarni amaliyotga tatbiq etish boʻyicha chora-tadbirlar rejasi («Yoʻl xaritasi”)” loyihasi muhokama qilindi.

Bundan tashqari, joylarda odam savdosi va majburiy mehnatga qarshi kurashish borasida amalga oshirilayotgan ishlar boʻyicha hududiy komissiyalarni ham hisobotlari eshitildi.

Muhokama qilingan masalalar yuzasidan Milliy komissiyaning tegishli qarori qabul qilinib, kelgusidagi vazifalar belgilab olindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер