Ochiq muloqotlar va amaliy tashabbuslar ustuvorlik kasb etdi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Fuqarolarning sogʻligʻini saqlash masalalari qoʻmitasi tomonidan brifing oʻtkazildi.
Taʼkidlanganidek, 2023-yilda qoʻmita aholi salomatligini mustahkamlash va tibbiyot tizimini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlarni yanada chuqurlashtirish, sohani bugungi kun talablari darajasida taraqqiy ettirishga qaratilgan tadbirlarni huquqiy jihatdan taʼminlashga alohida ahamiyat qaratgan.
Oʻtgan davrda qoʻmita qonun ijodkorligi yoʻnalishida 4 ta qonun loyihasi uchun masʼul boʻlgan. Ushbu qonun loyihalari muhokamasi boʻyicha ishchi guruhlari va ekspert guruhlarining 20 dan ziyod yigʻilishlari oʻtkazilgan.
Qoʻmita tomonidan jami 12 ta nazorat-tahlil tadbiri oʻtkazilgan.
Shu bilan birga, joylarda olib borilayotgan oʻrganishlar davomida aniqlangan kamchilik hamda muammolarga mutasaddilar eʼtiborini qaratgan holda hal etishga ustuvor ahamiyat berilgan. Xususan, qoʻmita aʼzolari tomonidan mansabdor shaxslarga jami 4 ta deputat soʻrovi yuborilgan.
Xalq bilan muloqot qilish, odamlarni oʻylantirayotgan masalalarni hal etishda deputatlarning saylov okruglaridagi uchrashuvlari muhim ahamiyat kasb etmoqda. Zero, bugun odamlarni quruq vaʼdalar bilan aldab boʻlmaydi, ularga amaliy natijalar kerak. Fuqarolar bilan ochiq muloqot yoʻlga qoʻyilgan joyda esa farovonlik hukm suradi, taraqqiyot boʻladi, odamlarning ertangi kunga ishonchi yanada ortadi.
Brifingda qoʻmita aʼzolarining aholi, xususan, saylovchilar bilan muloqotlari doimiy yoʻlga qoʻyilgani, natijada koʻplab masalalar ijobiy yechim topgani alohida qayd etildi. Shuningdek, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini oʻz vaqtida oʻrganish hamda ularni hal etishga alohida eʼtibor qaratilgani ham aytib oʻtildi. Xususan, qoʻmita nomiga kelib tushgan jami 338 ta murojaat belgilangan tartibda koʻrib chiqilgan holda, shundan 289 tasiga ijobiy yechim topilgan.
Shu bilan birga, qoʻmita faoliyati haqida keng jamoatchilikni oʻz vaqtida xabardor qilish, nazorat-tahlil tadbirlari yakunlari va qoʻmita masʼulligida koʻrib chiqilayotgan qonun loyihalarining mazmun-mohiyatini aholiga muntazam ravishda tushuntirib borish boʻyicha ham muayyan ishlar amalga oshirilgani taʼkidlandi. Jumladan, shu davrda qoʻmita faoliyati OAVda jami 1 076 marotaba yoritilgan.
Brifing davomida qoʻmitaning kelgusidagi faoliyati haqida ham axborot berildi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring