Ochiq maʼlumotlar portali “Gold level” oltin darajadagi sertifikat oldi
2023-yil 5-dekabr kuni Londondagi Ochiq maʼlumotlar Instituti (ODI) baholash tizimi boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasining Ochiq maʼlumotlar portali data.egov.uz “Gold level” oltin darajadagi sertifikatini oldi.
Bugungi kunda Ochiq maʼlumotlar institutining sertifikatini dunyodagi 155 mingdan ortiq sayt va portallar olgan. Lekin, dunyoda atigi 3 ta sayt eng yuqori boʻlgan “Platinum level” darajadagi sertifikatga ega boʻlgan. Ulardan biri Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Statistika agentligining rasmiy sayti stat.uz.
Shuningdek, dunyoda jami 9 ta sayt va portallar “Gold level” oltin darajadagi sertifikat olishga muyassar boʻlgan va ular qatoriga Oʻzbekiston Respublikasining Ochiq maʼlumotlar portali data.egov.uz ham qoʻshildi.
Ochiq maʼlumotlar Sertifikati – ochiq maʼlumotlarning nashr etilishini professionallashtirish uchun tasdiqlangan standartlar toʻplamiga mos keladigan mustaqil sifat belgisidir.
Barqaror ochiq maʼlumotlardan foydalanishni qoʻllab-quvvatlash uchun huquqiy, amaliy, texnik va ijtimoiy talablarni qamrab oladi.
Hozirgi kunda, Oʻzbekiston Respublikasining Ochiq maʼlumotlar portalida jami 9 mingga yaqin maʼlumotlar toʻplamlari 3 tilda (oʻzbek, rus va ingliz tillarida) joylashtirilgan.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring