NYT: Erondagi maktabga qilingan hujum uchun masʼuliyat AQSH zimmasida
Eronning Minab shahridagi boshlangʻich maktabga qilingan hujum uchun masʼuliyat AQSH zimmasiga tushadi, deb xabar bermoqda The New York Times.
Nashrning tergovning dastlabki maʼlumotlari bilan tanish boʻlgan suhbatdoshlariga koʻra, maktab binosi Amerika harbiylarining nishonni belgilashdagi xatosi tufayli zarba ostida qolgan. Harbiylar maktabga qoʻshni boʻlgan Eron harbiy bazasiga zarba berishni rejalashtirgan edi. Ilgari taʼlim muassasasi binosi ushbu bazaning bir qismi boʻlgan.
Taʼkidlanishicha, AQSH Markaziy qoʻmondonligi ofitserlari Mudofaa razvedka boshqarmasi tomonidan taqdim etilgan eskirgan maʼlumotlardan foydalanib, nishon koordinatalarini belgilaganlar.
NYTʼning yozishicha, harbiy nishonlarni tanlash koʻplab idoralar ishtirok etadigan murakkab jarayon boʻlib, unda Markaziy qoʻmondonlik ofitserlari razvedka maʼlumotlarini qayta tekshirishi shart. Hozirda tergovchilar, shuningdek, potensial nishonlarning sunʼiy yoʻldosh tasvirlari uchun masʼul boʻlgan Milliy geofazoviy razvedka agentligi ishini ham oʻrganmoqda.
Eslatib oʻtamiz, zarba qizlar uchun moʻljallangan boshlangʻich maktabga berilgan. Eron Taʼlim vazirligi 175 kishi halok boʻlganini maʼlum qildi.
Maktab joylashgan bino 2013-yildan 2016-yilgacha boʻlgan davrda harbiy bazadan toʻsiq bilan ajratilgan edi. Bino yaqinida ilgari mavjud boʻlgan kuzatuv minoralari demontaj qilingan, maktab uchun uchta kirish yoʻli ochilgan, hudud tozalanib, asfaltda oʻyin maydonchalari chizilgan edi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring