Nukusda profilaktika inspektori keksa fuqaroning uyi va pulini oʻzlashtirib olgani aniqlandi
Illyustrativ foto
Ijtimoiy tarmoqlarda JIB Nukus shahar sudi sudyasi tergov organi tomonidan qoʻyilgan ayblovlarni asossiz olib tashlab, hukm chiqargani haqidagi xabarlar tarqaldi. Qoraqalpogʻiston Respublikasi prokuraturasi holat yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, profilaktika inspektori A.M. oʻziga biriktirilgan mahallada istiqomat qiluvchi keksa yoshdagi O.Y.ning yaqin qarindoshlari yoʻqligi va aqli norasoligidan foydalangan. Gap shundaki, A.M keksa fuqaroning mulklarini qoʻlga kiritish maqsadida, goʻyoki Y.O. jamoat joylarida yurish-turish qoidalarini buzib yurgani toʻgʻrisida 1-son ruhiy-asab kasalliklari shifoxonasi rahbariga bildirishnoma yozib, majburan shifoxonaga joylashtirib, uni uyidan chiqarib yuborishga va ozodligini cheklashga erishgan.
Soʻngra, u O.Y.ga qarashli turar joyga egalik huquqini tasdiqlovchi orderni soxtalashtirish orqali kadastr idorasi xodimi Ch.S. koʻmagida qalbaki kadastr hujjatlarini tayyorlab, turar joyni oʻzining nomiga rasmiylashtirgan.
Profilaktika inspektori jinoyatlarini yashirish maqsadida turar joyni turmush oʻrtogʻi O.D.ga hadya shartnomasi orqali qayta rasmiylashtirib, Y.O.ning juda koʻp miqdordagi mol-mulkini yashirin ravishda talon-toroj qilgan.
Shuningdek, inspektor jabrlanuvchining ojizligidan foydalangan holda qoʻlga kiritgan bank plastik kartasidagi pul mablagʻlarini oʻz ehtiyojlariga ishlatib yuborgan.
Bundan tashqari, u O.Y.ning bankdagi omonat hisob-raqamida saqlanayotgan juda koʻp miqdordagi pullarini bank xodimlarini goʻyoki egasiga berish uchun olayotganiga ishontirib, qoʻlga kiritgan. A.M. yuqoridagi jinoiy harakatlari natijasida qoʻlga kiritgan Y.O.ning juda koʻp miqdordagi omonat pullariga opasining nomiga Lacetti rusumli avtomashina xarid qilib, jinoiy daromadlarini legallashtirgan.
Tergov natijasiga koʻra, profilaktika inspektori A.M.ga Jinoyat kodeksining 206-moddasi (hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish) 2-qismi “a” bandi, 228-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) 3-qismi, 169-moddasi (oʻgʻrilik) 4-qismi “a” bandi, 243-moddalari (jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish) hamda kadastr idorasi xodimi Ch.S.ga Jinoyat kodeksining 228-moddasi 2-qismi “a” bandi, 228-moddasi 3-qismi va 28, 169-moddasi 4-qismi “a” bandi bilan ayb eʼlon qilinib, jinoyat ishi sud muhokamasiga yuborilgan.
Biroq Nukus shahar sudi sudyasi joriy yil 6-iyundagi hukmiga asosan tergov organi tomonidan A.M.ga Jinoyat kodeksining 169, 228, 243-moddalari bilan qoʻyilgan ayblovlarni asossiz ravishda olib tashlab, Jinoyat kodeksining 206-moddasi 2-qismi “a” bandi bilan aybli deb topib, 2-yil muddatga muayyan huquqdan mahrum qilgan holda, 2-yil muddatga ozodlikdan cheklash jazosi tayinlagan.
Xuddi shunday, kadastr idorasi xodimi Ch.S.ning ayblovidan Jinoyat kodeksining 228-moddasi 3-qismi va 28,169-moddasi 4-qismi “a” bandi olib tashlanib, Jinoyat kodeksining 228-moddasi 2-qismi “a” bandi bilan aybli deb topilgan.
Bundan tashqari, sud hukmi bilan tergovda jabrlanuvchi O.Y.ning soxta hujjatlar asosida begonalashtirilgan turar joyi talon-toroj etilishi oqibatida yetkazilgan zararni qoplash maqsadida undirilgan 180 million 50,7 ming soʻm pullarni sudlanuvchiga qaytarib berish belgilangan.
Qoʻshimcha qilinishicha, prokuratura organlari tomonidan apellyatsiya muddatida ish hujjatlari oʻrganilib, mazkur sud hukmi roʻyi-rost asossiz, adolatsiz va noqonuniy deb topilib, sud qarorini bekor qilish haqida protest keltirilgan.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring