Norasmiy bandlik ulushi qisqaradimi?
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Mehnat va ijtimoiy masalalar qoʻmitasining navbatdagi yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Unda qoʻmita aʼzolari “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga norasmiy bandlik ulushini qisqartirish hamda mehnat resurslari balansini zamonaviy yondashuvlar asosida shakllantirishning yangi mexanizmlarini joriy etishga qaratilgan oʻzgartishlar va qoʻshimcha kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasini dastlabki tarzda koʻrib chiqishdi.
Ushbu qonun loyihasi bilan Soliq kodeksi hamda “Tomorqa xoʻjaligi toʻgʻrisida”gi qonunga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish nazarda tutilmoqda.
Xususan, Soliq kodeksining 408-moddasiga kiritilayotgan oʻzgartish va qoʻshimchalarga asosan, savdo majmualari va bozorlarda faoliyat yuritayotgan yakka tartibdagi tadbirkorlar bilan mehnat munosabatlarida boʻlgan jismoniy shaxslar uchun amaldagi tartib saqlab qolingan holda ijtimoiy soliq summasining eng kam miqdori oyiga bazaviy hisoblash miqdorining 50 foizida toʻlanishi, boshqa yakka tartibdagi tadbirkorlar bilan mehnat munosabatlarida boʻlgan jismoniy shaxslar uchun ijtimoiy soliq summasining eng kam miqdori yiliga bazaviy hisoblash miqdorining bir baravarigacha kamaytirilishi belgilanmoqda.
Shu bilan birga, “Tomorqa xoʻjaligi toʻgʻrisida”gi qonunning 11-moddasi ikkinchi qismiga kiritilayotgan oʻzgartishga koʻra, fuqarolarning tomorqa yer uchastkasi maydoni hamda chorva va parranda bosh soniga qoʻyilgan talablar chiqarib tashlanib, faoliyat turlari kengaytirilgan holda chorvachilik, issiqxona, parrandachilik, quyonchilik, asalarichilik, baliqchilik, bogʻdorchilik, limonchilik, gulchilik faoliyat turlari bilan shugʻullanayotgan fuqarolarga ularga tegishli boʻlgan tomorqa yer uchastkasi maydoni yoki ular tomonidan parvarish qilinayotgan uy hayvonlari va parrandalarning sonidan qatʼiy nazar ixtiyoriy tartibda ijtimoiy soliqni toʻlashga ruxsat etilishi belgilanmoqda.
Savol-javoblarga boy boʻlgan yigʻilishda qoʻmita aʼzolari tomonidan qonun loyihasi dastlabki tarzda maʼqullanib, Qonunchilik palatasi Kengashining navbatdagi yigʻilishi muhokamasiga kiritishga tayyorlashga kelishildi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring