Noqonuniy holatlar “BillingGaz” dasturida aks etmoqda
Фото: "Халқ сўзи"
Bugungi tezkor rivojlanish, raqamlashtirish davridagi “aqlli texnologiyalar” qingʻir ishning qiyigʻini qirq daqiqaga ham yetmasdan ommaga oshkor etmoqda. Gap shundaki, Prezidentimizning 2020-yil 24-sentyabrdagi “Tabiiy gaz nazorati va hisobining avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish” loyihasini amalga oshirishga doir qoʻshimcha chora — tadbirlar toʻgʻrisida»gi qaroriga koʻra, respublikamiz boʻylab tabiiy gaz isteʼmolchilari xonadonlariga “aqlli” hisoblagichlar bepul oʻrnatilyapti. Bundan koʻzlangan maqsad inson aralashuvisiz tabiiy gazning bir maromda aholi xonadonlariga yetib borishini taʼminlash hamda debitor qarzdorlikning oldini olishdan iboratdir. Hozirga qadar poytaxtimizda 180 mingdan ortiq xonadonlarga shunday gaz hisoblagichlar bepul oʻrnatib boʻlindi.
“Hududgaz Poytaxt» gaz taʼminoti filiali jismoniy shaxslarga tabiiy gaz yetkazib berishni nazorat qilish boʻlimi tomonidan joylarda oʻtkazilgan tezkor reyd tadbirlari davomida fevral oyining 18 sanasiga qadar 20dan ortiq noqonuniy holatlar aniqlandi. Xususan, birgina Olmazor tumanida 10dan ortiq xonadonda zamonaviy hisoblagichdan notoʻgʻri foydalanib, gaz taʼminotiga moddiy jihatdan zarar yetkazilgan. Bu kabi qonun buzilish holatlaridan Yakkasaroy, Shayxontohur tumanlari ham holi emas. Masalan, Yakkasaroy tumani, Abdulla Qahhor koʻchasida istiqomat qiluvchi xonadon egasi gaz taʼminoti korxonasi tomonidan oʻrnatib ketilgan gaz hisoblagichni noqonuniy yechib, rezina shlang yordamida tabiiy gazdan foydalanib kelgan. Natijada 21 666 metr kub tabiiy gazni sarf qilib, korxonaga 8 233 080 million soʻm miqdorida moddiy zarar keltirgan.
Taʼkidlash joizki, “aqlli” hisoblagichlar isteʼmolchilar tomonidan isteʼmol qilingan tabiiy gaz hajmini doimiy koʻrish imkonini beradi. “BillingGaz” dasturi orqali shahar aholisining kunlik isteʼmol qiladigan tabiiy gaz hajmlari koʻrinib turadi. Agar isteʼmolchi hisoblagichni yechib qoʻyib, tabiiy gazdan noqonuniy foydalanib kelayotgan boʻlsa, bu dasturda bevosita aks ettiriladi. “0” koʻrsatkich yuborayotgan hisoblagichlar tahlil qilinib, joylarga chiqib oʻrganiladi. Oʻrganishlarda esa mutaxassislar tomonidan oʻsha vaqtning oʻzida isteʼmolchi xonadoni tabiiy gaz tarmogʻidan uzib qoʻyiladi hamda dalolatnoma rasmiylashtirilib, qonuniy chora koʻriladi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring