Nodavlat OAV: muhokamalar va eʼtibor markazida

13:56 22 Noyabr 2018 Jamiyat
3462 0

Kuchli davlatdan —
kuchli fuqarolik jamiyati sari

Poytaxtimizda Oʻzbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi (OʻzEOAVMA), Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qoʻllab-quvvatlash jamoat fondining mablagʻlarini boshqarish boʻyicha parlament komissiyasi, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi, Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi hamkorligida “Oʻzbekiston nodavlat ommaviy axborot vositalari: rivojlanish bosqichlari va kelajak istiqbollari” mavzuida xalqaro konferensiya, Yoshlar media-forumi, “Ozod yurt toʻlqinlari” XI anʼanaviy media-festivali gʻoliblarini taqdirlash marosimi oʻtkazildi.

OʻzEOAVMA tashkil etilganining 15 yilligiga bagʻishlangan xalqaro konferensiyada Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati aʼzolari va Qonunchilik palatasi deputatlari, davlat va jamoat tashkilotlari, Oʻzbekiston Respublikasida akkreditatsiyadan oʻtgan diplomatik korpus va xalqaro tashkilotlar vakillari, shuningdek, mamlakatimizda faoliyat yurituvchi ommaviy axborot vositalari hamda OʻzEOAVMAga aʼzo nodavlat teleradiostansiyalar xodimlari qatnashdi.

Konferensiyada yurtimizda kuchli davlatdan kuchli fuqarolik jamiyati sari dadil qadamlar tashlanayotgani taʼkidlandi. Nodavlat ommaviy axborot vositalarining mustaqilligini mustahkamlash, erkin va samarali faoliyat yuritishi va rivojlanishi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish masalalari, shuningdek, ularning demokratik huquqiy davlat va ochiq fuqarolik jamiyati qurilishidagi roli muhokama qilindi. Bu borada mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ishlar, erishilayotgan yutuqlar, istiqboldagi vazifalar hamda sohaga doir xalqaro tajriba boʻyicha maʼruzalar tinglandi.

Yoshlar media-forumida OʻzEOAVMA hamda Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi hamkorligi natijalari, 2019 yilda amalga oshiriladigan loyihalar taqdimoti oʻtkaziladi.

“Ozod yurt toʻlqinlari” XI anʼanaviy media-festivali “Kelajak — bugundan boshlanadi” shiori ostida tashkil etildi. Yoshlar zamonaviy uslubda yangicha koʻrinishdagi chiqishlari bilan ishtirok etdi. Festivalda milliy jurnalistika rivojiga munosib hissa qoʻshayotgan nodavlat teleradiouzatuvchilarning eng yaxshi ijodiy va texnik xodimlari “Innovatsion yondashuv uchun”, “Oilaviy qadriyatlar doim trendda”, “Tezkor, aniq va batafsil”, “Markazda yoshlar”, “Hududda yetakchi”, “OʻzEOAVMAning eng yaxshi media loyihalari” nominatsiyalari boʻyicha takdirlandi. Shuningdek, “2017-2021 yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasi ijrosini yoritishda faol hamkorligi uchun”, “Nodavlat teleradiouzatuvchilar rivojiga qoʻshayotgan hissasi uchun”, “OʻzEOAVMA bilan ishonchli va uzoq yillik hamkorligi uchun”, “Bolalar va yoshlar yoʻnalishidagi faol hamkorlik uchun”, “OʻzEOAVMA bilan samarali ijtimoiy sheriklik uchun” nominatsiyalari boʻyicha esa hamkor tashkilotlar aniqlandi.

Gʻoliblarga “Ozod yurt toʻlqinlari” statuetkasi, diplom va qimmatbaho sovgʻalar topshirildi.

Dilshod KARIMOV,
“Xalq soʻzi” muxbiri.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер