“New tech Samarkand” toʻrt oyda 54 ming tonna asfalt ishlab chiqardi

12:10 06 May 2020 Iqtisodiyot
1316 0

Bugungi karantin sharoitida iqtisodiyotda barqarorlikni taʼminlash muhim sanaladi. Bu borada yirik soliq toʻlovchi tadbirkorlik subyektlari muhim rol oʻynamoqda. Ushbu xoʻjalik yurituvchi subyektlar karantin sharoitida sanitariya va gigiyena qoidalariga amal qilgan holda faoliyatini davom ettiryapti.

Samarqand viloyatining Past Dargʻom tumanidagi “New tech Samarkand” masʼuliyati cheklangan jamiyati ham karantin davrida faoliyatini toʻxtatgani yoʻq. Korxona soliqlarni oʻz vaqtida toʻlab, mamlakatimiz taraqqiyotiga oʻz hissasini qoʻshmoqda.

- Korxonamizga 2010-yilda asos solingan, — deydi “New tech Samarkand” masʼuliyati cheklangan jamiyati direktori Behruz Salohiddinov. — Asosiy faoliyatimiz avtomobil yoʻllarini qurish, kapital va joriy taʼmirlash, rekonstruksiya qilish hamda asfalt ishlab chiqarishdan iborat. Joriy yilning oʻtgan davrida 54 ming tonna asfalt ishlab chiqardik. Umuman, yil davomida 600 ming tonna asfalt ishlab chiqarishni rejalashtirganmiz. 2020-yilning birinchi choragida 3 milliard 427 million 200 ming soʻm miqdoridagi soliqlarni toʻladik. Karantin davrida davlatimiz tadbirkorlik subyektlarini qoʻllab-quvvatlamoqda. Jumladan, taqdim etilayotgan soliq imtiyozlari faoliyatimizni barqaror davom ettirish imkonini beradi. Hozirgi murakkab davrda ishlab chiqarishni toʻxtatmasdan mamlakatimiz iqtisodiyotiga oʻz hissamizni qoʻshayotganimizdan xursandmiz.

Bugungi kunda korxonada 261 kishi mehnat qilmoqda. Ishchi-xodimlarning salomatligini asrashga alohida eʼtibor qaratilgan. Jumladan, ishchilarning harorati muntazam oʻlchanmoqda. Ular zarur sanitariya-gigiyena vositalari bilan taʼminlangan.

Abdulaziz Yoʻldoshev,

(“Xalq soʻzi”)

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер