Neft narxining keskin tushib ketishi Oʻzbekistonga qanday taʼsir koʻrsatadi?

14:38 09 Mart 2020 Jamiyat
2584 0

Yaqinda OPEK mamlakatlari va uning tarkibiga kirmagan, jumladan, Rossiya, Qozogʻiston va Ozarbayjon(OPEK+) kabi davlatlar neft vazirlari uchrashishdi. Ular 2016-yildan buyon ilk marta qazib chiqarishni qisqartirish boʻyicha kelish olishmadi.

Masalan, Rossiya qazib chiqarish hajmlarini qoʻshimcha kamaytirishni rad etdi va kuniga neft qazib chiqarishni 1,7 mln. barrelga qisqartirish nazarda tutilgan amaldagi kelishuvni kuchida qoldirishni taklif etdi.

Saudiya Arabistoni esa, aksincha, yil oxiriga bu koʻrsatkichga yana 1,5 mln. barrel qoʻshish kerakligini bildirdi.

1-apreldan boshlab kompaniyalar qancha kerak deb hisoblashsa, shuncha qazib olishni boshlashadi. Ar-Riyod neft qazib chiqarishni kuniga 10 mln. barreldag ziyodga, zarurat tugʻilganda 12 mln. barrelgacha oshirishni rejalashtiryapti.Oʻz navbatida Saudi Aramco neft xom ashyosi narxini kamaytirishga qaror qilgan.

Neftga nima boʻldi?

Oʻtgan hafta juma kuniyoq “qora oltin” narxi 9 foiz tushib ketdi va dushanbaga kelib “avj nuqtasi”ga chiqdi. 9-mart kuni savdolar ochilishi bilan Brent markali neft narxi 38 dollarni, yopilishida esa 46 dollar atrofida boʻldi.

Shunday qilib ushbu turdagi “qora oltin”ning bir barreli qiymati 22 foiz pasayib, 35 dollargacha arzonlashdi. Neft oxirgi marta bunday narxda 2016-yilda sotilgan edi.

Bu boradagi antirekord 1991-yilda AQSH Fors koʻrfazida bosib olingan Quvaytni Iroqdan ozoz qilish uchun “Sahrodagi boʻron” operatsiyasini boshlaganda roʻy bergandi.

Rublga nima boʻldi?

Oʻtgan hafta jumadan boshlab rubl arzonlashishni boshlagan edi. Ammo dunyo boʻyicha neft narxining keskin tushib ketishi oqibatida uning kursi keskin pasayib ketdi. Uning dollarga nisbatan kursi 72 rublga, yevroga nisbatan esa 82 rublgacha qimmatlashdi.

Oʻzbekistonning nima aloqasi bor?

Neft narxlari Oʻzbekistonga ham Rossiya va boshqa mamlakatlar orqali bilvosita taʼsir qiladi. Bu birinchi navbatda mamlakatga valyuta oqimining asosiy kanallaridan biri boʻlgan mehnat migrantlari orqali taʼsirdir.

Rublning AQSH dollariga nisbatan kuchsizlanishi Oʻzbekistondagi koʻplab oilalar bogʻliq boʻlgan mazkur joʻnatmalarning valyuta hajmi qisqarishiga olib kelishi mumkin.

Rossiya markaziy banki 2019-yilning 9 oyi boʻyicha eʼlon qilgan statistikasiga koʻra, ushbu davrda Rossiyadan Oʻzbekistonga 3,4 mlrd. dollar yuborilgan. Rubl qancha kuchsiz boʻlsa, bu summa shuncha kamayadi.

2014-yilda rublning keskin tushib ketishi, sanksiyalar va boshqa voqealardan soʻng Rossiyaga boradigan oʻzbekistonlik mehnat migrantlari kamaya boshlagan edi, biroq 2016-yildan mazkur oqim qayta tiklandi va faol ravishda oʻsib boryapti.

Ikkinchi omil bu eksportchilar bilan bogʻliq. Ayni paytda Xitoy koronavirus tufayli qiyinchiliklarni boshdan kechirayotgan paytda, Rossiya oxirgi uch yilda ilk marta Oʻzbekistonning asosiy importchisiga aylandi.

Kuchsiz rubl soʻmning almashtirish kursini mustahkamlashi ehtimoli bor. Bu esa Rossiya bozorlarida Oʻzbekiston eksportchilar mahsulotlarini yana-da qimmatlashtirib, valyuta tushumlarini kamaytirishi mumkin.

Rossiya iqtisodiyotining sekinlashuvi u tomondan talab kamayishiga olib keladi. Bunday holat Xitoy bilan roʻy berganiga ancha boʻldi. Bu esa asosiy eksport tovarlari narxlari pasayishiga sabab boʻlishi ham mumkin.

Binobarin, Markaziy bank asosiy savdo hamkorlarimizdan birining milliy valyutasi qadrsizlanishi kurslar boʻyicha kutilmalar va valyuta bozori ishtirokchilarining qaror qabul qilish jarayonlariga taʼsir etishini taʼkidlab oʻtdi.

Biroq bu boradagi tashqi xatarlar sezilarli emasligi bildirildi. MB 2020-yilda Oʻzbekistondagi iqtisodiy vaziyat rivojlanishiga asosan ichki omillar taʼsir qiladi deb hisoblaydi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер