“Nazoratdagi 25 431 nafar shaxs muddatidan ilgari ozod etildi” — IIV

14:01 03 Mart 2020 Jamiyat
1376 0

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligining anjumanlar zalida “Probatsiya xizmati faoliyatining bir yillik natijalari” mavzusida matbuot anjumani boʻlib oʻtdi.

Unda Ichki ishlar vazirligi Jazoni ijro etish bosh boshqarmasi huzuridagi Probatsiya xizmati rahbariyati, masʼul xodimlari, tegishli davlat organlari va hamkor jamoat tashkilotlar vakillari ishtirok etib, jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga javob berishdi.

Probatsiya boʻlinmalari jinoyat qonunchiligida belgilab qoʻyilgan ozodlikdan mahrum qilish bilan bogʻliq boʻlmagan (axloq tuzatish ishlari, majburiy jamoat ishlari, ozodlikni cheklash, muayyan huquqdan mahrum qilish, shartli hukm qilish) jazolarni ijro etish boʻyicha faoliyatini boshqa davlat organlari va tashkilotlari, shuningdek, jamoat tuzilmalari bilan oʻzaro hamkorlikda olib borayotgani qayd etildi.

Xususan, probatsiya boʻlinmalari nazoratida turgan yoshlar oʻrtasida ichki ishlar organlarining boshqa sohaviy xizmatlari, Yoshlar ittifoqi, bandlikka koʻmaklashish markazlari, xotin-qizlar qoʻmitalari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari bilan birgalikda profilaktik tadbirlar amalga oshirilishi samara berayotgani bildirildi.

Mutasaddilar shartli hukm qilingan va jazoni oʻtashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilingan shaxslarning xulq-atvori ustidan taʼsirchan nazorat oʻrnatishning yangi mexanizmlari yaratilayotgani haqida maʼlumot berdi. Natijada qatʼiy tuzalish yoʻliga kirgan, qonunlarga itoatkorligi va mehnatga ijobiy munosabatda boʻlgan 25 431 nafar nazoratdagi shaxslar jazoni oʻtashdan muddatidan ilgari ozod etilgan.

Taʼkidlanishicha, tuzalish yoʻliga kirmagan, jazodan boʻyin tovlab yurgan 4 127 nafar shaxsning jazolari jazoning boshqa turiga almashtirilgan. Nazoratdagi shaxslardan 89,5 foizining tuzalish yoʻliga oʻtishiga erishilgan.

“Nazoratdagi shaxslarning jamiyatda munosib oʻrin egallashlari, sogʻlom turmush kechirishlari hamda kasb yoʻnalishlari boʻyicha bandligini taʼminlash uchun huquqiy, moddiy va maʼnaviy yordam koʻrsatildi, — dedi IIV vakili Jamshid Sultonov. — Bu borada probatsiya boʻlinmalari xodimlari tomonidan 1008 marotaba “Ishga marhamat” tadbiri tashkil etilib, nazoratdagi shaxslardan 7 839 nafari ishga joylashtirildi va 9 090 nafariga ishga yoʻllanma berildi. Bundan tashqari, muayyan kasbga ega boʻlmagan 4 555 nafar nazoratdagi shaxsdan 3 794 nafari kasb-hunarga oʻqitildi”.

Maʼlumot uchun: “Jinoyat-ijroiya qonunchiligini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2018-yil 7-noyabrdagi Prezident qaroriga binoan 2019-yil 1-yanvardan eʼtiboran ichki ishlar organlari tizimida probatsiya xizmati tashkil etilgan.

Tahrirlash

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер