Najot yoxud falokat masalasi

14:04 01 Iyun 2020 Jamiyat
1195 0

Har yili 1-iyun jahon miqyosida bolalarni himoya qilish kuni sifatida keng nishonlanadi. Bayram arafasida farzand tarbiyasiga oid turli maqolalar, telekoʻrsatuvlar, radioeshittirishlar eʼlon qilinadi. Internet saytlarida mavzuga doir qiziqarli faktlar paydo boʻladi. Bu yaxshi, albatta.

Lekin farzand tarbiyasi bilan bir kun emas, butun yil davomida shugʻullanish kerak. Faqat tilda emas, amalda jajji qalb egalariga namuna boʻlishimiz zarur. Bola tarbiyasi – oʻta murakkab, serqirra va turli bosqichlarda davom etadigan jarayon.Bu jarayonning ilk bosqichi hali tugʻilmagan farzandga munosib ona tanlash orqali hosil boʻladi. Bu “Pushti kamaringiz uchun munosib ona tanlangiz”, degan muborak hadisda oʻz aksini topgan.

Oila qurilar ekan ota-onaning axloqi, odobiga, insoniyligiga alohida eʼtibor qaratiladi. Sababi, ulardagi xislat, fazilatlar ham, yomon odatlar ham bolaga koʻchishi isbot talab etmaydigan haqiqatdir.

Bola yetti yoshga kirguncha birovning himoyasiga muhtoj boʻladi. Yaʼni ovqatlanish, kiyinish, yuvinish va boshqa holatlarda kattalarning yordamiga tayanadi. Bu ishlarni uning ota-onasi, ular boʻlmasa yaqin qarindoshlari amalga oshirishi vojibdir. Yetti yoshdan balogʻat yoshiga yetguncha boʻlgan bolalar valiyga, oʻzidan katta rahbarga ehtiyoj sezadilar. Bu ham ota-ona boʻlmasa, yaqin qarindoshlariga yuklatiladi.

Paygʻambarimiz alayhissalom oʻta bolajon zot edilar. Nabiralarini koʻpincha yelkalariga opichib olardilar. Ularni suyib oʻpardilar. Ular bilan hazil-mutoyiba tariqasida oʻynardilar. Rivoyatlarda keladiki, Nabiy alayhissalom ogʻizlarini suvga toʻldirib olib, nabiralarining yuziga purkab u bilan oʻyin qilardilar.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallam hazrat Alining oʻgʻli Hasanni oʻpdilar. Shunda oʻsha yerda oʻtirgan Aqraʼ ibn Hobis Taymiy: “Mening oʻn nafar bolam bor, ularning birortasini oʻpmaganman”, – dedi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam unga bir nigoh tashlab qoʻydilar va: “Kim mehribonlik qilmas ekan, mehribonlik koʻrmaydi!” – dedilar».

Murgʻak bolalarni qilgan arzimas xatolari tufayli qattiq jerkib, kamsitib urishish Alloh bergan omonatga xiyonatdir. Ayrim kimsalar farzandlari kosa yoki piyolani sindirib qoʻysa, shunday urishadilarki, bor alamlarini farzandlaridan oladilar. Alamzada farzanddan kelajakda elu yurtga, jamiyatga, Vatanga katta manfaatlar yetadigan, xalqimizni dunyoga tanitadigan mashhur va komil insonlar chiqishi dargumon. Negaki, yoshligida mehrga toʻymagan, ota-onasidan faqat kamsituvchi gaplar eshitgan bolaning ruhiyati, zamonaviy ibora bilan aytganda, psixikasi buziladi. Unday bolada oʻziga nisbatan ishonchsizlik hissi paydo boʻladi. Har doim biron narsa qilmoqchi boʻlsa, koʻz oʻngida ota-onam urishadi degan toʻsiq paydo boʻlaveradi. Rasm chizish, ijod qilish, kitob oʻqish, sport bilan shugʻullanish kabi narsalarga qiziqmaydi.

Farzandlarimiz har tomonlama yetuk va barkamol boʻlib voyaga yetishlari uchun ularning qobiliyat va iqtidorlarini Tomas Edisonning onasi kabi kashf qila bilishimiz kerak. Bilasiz, oʻta noʻnoq, qobiliyatsiz bolakay Tomasning onasining bir ogʻiz shirin soʻzi uni yuksak iqtidor sohibi sifatida butun dunyoga tanitdi. Bugun biz foydalanadigan lampochkani ham Tomas Edison ixtiro qilgan.

Qobiliyat va tugʻma talant koʻp insonlarga Alloh tomonidan beriladigan tuhfa hamda inson vujudining ich-ichiga, tub-tubiga ekilgan yashirin bir urugʻdir. Bu urugʻ parvarishlansa, unib-oʻsib meva beradi. Tashlab qoʻyilsa, soʻlib, nobud boʻladi.

Tadqiqotlarga koʻra, goʻdaklar orasida besh yoshgacha boʻlganlarining 90 foizi qobiliyat va iqtidorli boʻlar ekanlar. Shu bois bolangiz biron narsani chizib koʻrsatsa yoki sheʼr aytib bersa, siz uni bir ogʻiz shirin soʻz bilan maqtab, koʻnglini koʻtarib qoʻysangiz, shuning oʻzi bolaning his-tuygʻularini moʻjizavor shaklda junbushga keltirishi, uning aʼlochilardan boʻlishiga turtki boʻlishi mumkin.

Vaqti-soati bilan kundalik daftarlarini tekshirib, oʻqituvchilari bilan ham farzandingizning oʻqishdagi ahvoli haqida soʻrab-surishtirib turing. Farzandingizga oʻzingiz ham u bu narsalarni oʻrgatib turing. Uy vazifalarini tayyorlashda koʻmak bering.

Tarbiyali, odob-axloqli, vatanparvar – maʼnaviyatli boʻlish uchun bir kun emas, yillar kerak. Faqat maktab emas, bu borada, oila, mahalla ham tengi yoʻq kuch ekanini esdan chiqarmaslik zarur. Darsdan keyin bolalar tarbiyasi asosan ular qaramogʻida boʻladi. Yoshlar oʻrtasidagi oʻzaro munosabat, huquqbuzarlik, kiyinish madaniyatiga eʼtiborsizlik, oilalardagi salbiy holatlarning oldini olishga mazkur tarbiya oʻchoqlari ham befarq boʻlmasliklari lozim.

Ulugʻ ajdodlarning munosib barkamol avlodi deganda, koʻz oldimizga yuksak maʼnaviyatli, oʻzligini yaxshi anglagan, qadimiy tariximiz va boy madaniyatimiz, ulugʻ ajdodlarimizning merosini chuqur oʻzlashtirgan, bugungi tez oʻzgarayotgan hayot voqeligiga ongli qarab, mustaqil fikr yuritadigan va diyorimizdagi barcha oʻzgarishlarga daxldorlik tuygʻusi bilan yashaydigan, noyob insoniy fazilatlarga ega, jismonan va aqlan yetuk, irodasi baquvvat, imon- eʼtiqodi butun, ruhan pok, qalbi ulugʻ ishlarga chorlaydigan, elim, Vatanim deb yashaydigan, milliy gʻoya va milliy qadriyatlarimizning maʼno-mohiyatini chuqur anglagan, yetuk dunyoqarashga ega boʻlgan chin inson gavdalanadi. Albatta, bunday barkamol avlod Vatan, xalq manfaatlari yoʻlida ezgu ishlarni amalga oshirishda barchaga namunadir.

Maʼlumki, yosh avlodni barkamol voyaga yetkazish va turli zararli odat va taʼsirlardan, mafkuraviy xurujlar, mutaassiblik balolaridan ehtiyotlab saqlash, shu jumladan, giyohvandlik, ichkilikbozlik ofatlaridan asrash hozirgi zamonning eng dolzarb masalasi ekani hammamizga. yaxshi maʼlum. Zero, aql va tanani muhofaza qilib, uni ehtiyotlab saqlash har bir inson uchun ham farz, ham qarzdir. Shundagina inson Alloh va Uning rasuli hamda ish rahbarlari amriga itoat qiladigan, irodali, aqlli, sogʻlom, odob-axloqli, jismonan barkamol, diniga himmatli, oʻz xalqiga fidokor, jamiyat manfaatini koʻzlovchi, ona-Vatanni sevuvchi va ardoqlovchi, hammaga barobar yaxshilikni ravo koʻruvchi, masʼuliyatni toʻla his qiluvchi komil inson boʻlishi mumkin.

Dilbandlarimizga shunday tarbiya beraylikki, ular oʻz ota-bobolariga oʻz tarixi, Vataniga, ona tiliga, oʻz milliy siymolariga, muborak islom dini anʼanalariga sodiq qolishsin. Chunki ilmli, odobli, farosatli inson hayoda oʻz oʻrnini topib oladi. Kitoblardan, ustozlardan oʻrganilgan maʼrifiy ilm qatorida oilada olingan hayot ilmi ham ularga suv va havodek zarur.

Muxtasar aytganda, yoshlar oʻrtasida maʼnaviy tarbiyani yana-da mustahkamlashimiz, targʻibot-tashviqot ishlarida yigit-qizlarning bugungi dunyoqarashi, bilimi, xabardorlik darajasi va albatta, qiziqishlari, talab-ehtiyojlarini toʻla hisobga olishimiz muhim. Chunki ular – millatning kelajagi, bugungi bunyodkorlik ishlarimizni ertaga ishonch va eʼtiqod bilan davom ettiradigan, yangi yuksak marralarni egallaydigan vorislarimizdir.

Nuriddin XOLIQNAZAROV,

Toshkent shahar bosh imom-xatibi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер