“Navoiyuran” davlat korxonasi tizimida zamonaviy qulayliklarga ega yangi inshoot foydalanishga topshirildi
Foto: “Xalq soʻzi”
Ilgari Navoiy kon metallurgiya kombinati tarkibida boʻlib, uran ishlab chiqarishga ixtisoslashgan tuzilmalarning “Navoiyuran” davlat korxonasi tizimiga birlashganiga bir yarim yil boʻldi. Oʻtgan shu qisqa fursat korxona hayotida ishlab chiqarish barqarorligini saqlagan holda xalqaro standartlarga muvofiq energiya samaradorligi va ekologik xavfsizlik choralarini taʼminlash, foydalanishda boʻlgan tabiiy uran konlarini uzluksiz ishlatish, uran konlarida mavjud noyob va nodir metallarni qazib olish, qayta ishlash va uran oksidini eksport qilish borasida oʻziga xos sinovlar yili boʻldi, desak mubolagʻa emas.
Respublikamiz Prezidentining 2022-yil 14-iyuldagi «2022 — 2030-yillarda “Navoiyuran” davlat korxonasida uranni qazib olish, qayta ishlash hajmlarini oshirish hamda uni transformatsiya qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” gi qarori mamlakatimizda uran xomashyosi ishlab chiqarishda yagona hisoblangan ushbu korxona hayotida yangi-yangi sahifalar ochmoqda.
Mazkur qarorda 2030-yilga qadar respublikamizda uran mineral xomashyosi bazasini 100 ming tonnaga yetkazish, tabiiy uran mahsulotining ishlab chiqarish hajmini ikki baravar, ammoniy perrenatini 1,7 barobarga oshirish, korxona iqtisodiy salohiyatini toʻlaqonli namoyish etish maqsadida uran zaxiralari va resurslari geologiyasi, ularni qazib olish, qayta ishlash va eksport hajmlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar, shuningdek, milliy va xalqaro standartlar asosidagi moliyaviy hisobotlari boʻyicha maʼlumotlarni rasman eʼlon qilish boʻyicha cheklovlarni olib tashlash vazifalari belgilangan.
Albatta, mazkur vazifalarni uddalashda korxonada mehnat qilayotgan ishchi xizmatchilarning mehnat muhofazasi, ularga qulay shart-sharoit yaratish muhim omillardan biri. Shu maqsadda “Navoiyuran” DK tomonidan “Inson qadri uchun” tamoyiliga asoslangan ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari tizimli ravishda amalga oshirib, “Nurobod” ishlab chiqarish maydonida bir qator inshootlar ishga tushirildi.
Binoning tantanali ochilish marosimida “Navoiyuran” DK erishgan yutuqlarda “Nurobod” ishlab chiqarish maydoni mehnatkashlarining ham hissasi salmoqli ekanligi taʼkidlandi.
— Ishlab chiqarish maydonimizda ishchi-xizmatchilarimiz nihoyatda noqulay mehnat sharoitda faoliyat koʻrsatib kelishayotgan edi, — deydi bosh direktor oʻrinbosari A.Oltinov. – Bugun foydalanishga topshirilgan inshootda ularning nafaqat mehnat qilishi, balki dam olishi, oʻz ustida shugʻullanishi, boʻsh vaqtlarini mazmunli oʻtkazishlari uchun ham qulayliklar yaratadi. Inshootda rahbariyat va muhandis-texnik xodimlar hamda kasaba uyushmasi qoʻmitasi xodimlari uchun zarur sharoitlarga ega boʻlgan 11 ta xona, shuningdek, 50 oʻrinli faollar zali joylashgan. Maishiy korpusda esa mehnatkashlar uchun barcha qulayliklarga ega kiyinish va yuvinish xonalari hamda sanuzellar oʻrin olgan. Isitish va issiq suv tizimida zamonaviy isitish qozonlari oʻrnatilgan. Albatta, bunday shart-sharoit jamoaga yangi-yangi marralarni zabt etishlari yoʻlida qanot boʻladi.
Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring