Navoiylik “злоумышленник” jazolandi
Temur ESHBOYEV/“Xalq soʻzi”. Rus adibi Anton Chexovning “злоумышленник” hikoyasi qahramoni Denis Grigoryev temiryoʻl tarmoqlaridan gaykalarni yechib olarkan, ushbu harakatlari katta halokatga olib kelishini tasavvur ham etolmaydi. Har holda XIX asr rus provinsiyasida yoppasiga savodsizlik hukmron damlar kishisi. Qolaversa, katta bir tarmoqdan bitta murvat olib qoʻyilishi koʻpam baxtsiz hodisaga olib kelmaydi, deb oʻylagan boʻlsa kerak.
Denisning navoiylik prototipi Q.J. esa XXI asr odami, ikki asr oldingi parovoz bilan bugungi uchar elektrovozlar farqiga boradi. Lekin koʻra-bila turib, qaltis ishga qoʻl uribdi.
— Fuqaro Q.J. kechasi oʻzi yashaydigan hudud, yaʼni Uchquduq temiryoʻl liniyasining 4 kilometrida temiryoʻl relslarini mustahkamlovchi 67 dona, jami qiymati 3 million 77 ming soʻmlik murvatlarni yechib olib, oʻziga tegishli ulovga yuklab ketayotganida ushlandi, — deydi Navoiy viloyati IIB transportda xavfsizlikni taʼminlash boshqarmasi profilaktika katta inspektori Asqar Tillayev. — Fuqaroning xatti-harakati bilan bogʻliq barcha hujjatlar tegishli tartibda toʻldirilib, ish jinoyat ishlari boʻyicha Navoiy shahar sudiga joʻnatildi.
Sud fuqaroga nisbatan OʻzRMJT kodeksining 61-moddasi 1-qismini qoʻllab, qilmishiga yarasha tegishli jazo tayinladi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring