Navoiyda noqonuniy oltin qaziyotgan 4 kishi zaharlanib halok boʻldi. 3 kishi esa jonlantirish boʻlimida
Navoiyda “Oltinsoy” togʻ tizmasidan noqonuniy oltin qaziyotgan 4 kishi zaharlanib halok boʻldi, yana 3 kishi tuman tibbiyot birlashmasining jonlantirish boʻlimiga yotqizildi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Xabarga koʻra, 12-iyun kuni Xatirchi tumanida yashovchi 7 kishi “Oltinsoy” togʻ tizmasidan tilla qumi qazib olish maqsadida borgan va chuqurlikka tushib, «elektrodvijok»dan chiqqan yoqilgʻi tutunidan zaharlanish oqibatida ularning 4 nafari voqea joyida vafot etgan. Yana 3 nafar fuqaro tuman tibbiyot birlashmasining jonlantirish boʻlimiga yotqizilgan.
Holat yuzasidan Xatirchi tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Shuningdek, noqonuniy ravishda tilla qumlarini qazib oluvchilarni aniqlash va bu kabi noqonuniy harakatlarning oldini olish yuzasidan muntazam ravishda huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan tadbirlar oʻtkazilib, aniqlangan huquqbuzarlik holatlari yuzasidan tegishli choralar koʻrilmoqda.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring