Navoiyda ham oʻqituvchi kaltaklandi

23:00 08 May 2021 Jamiyat
1379 0

Viloyatning Navbahor tumanida sodir boʻlgan bu voqea haqida turli mish-mish va ijtimoiy tarmoqlarda uni bosti-bosti qilishmoqchimi, qabilida xabarlar tarqaldi. Nihoyat bugun viloyat Xalq taʼlimi boshqarmasi mazkur holat yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi.

«Keyingi paytlarda oʻquvchilarning ota-onalari tomonidan arzimagan bahonalar yoki oʻqituvchining oʻz vazifasini bajarish chogʻidagi toʻgʻri tanbehi, ichki tartibga chorlovini notoʻgʻri talqin qilib, doʻpposlash, nafsoniyatiga tegish, haqorat qilish, shaʼnini yerga urish holatlari uchrab turibdi. Navoiy viloyati Navbahor tumanidagi 33-umumtaʼlim maktabida sodir etilgan oʻqituvchining doʻpposlanishi holati viloyat ahlini hayajonga solgani bejiz emas. Imoratlar ichida eng ulugʻi boʻlgan maktabga borib, kasblar orasida sharaflisi boʻlgan oʻqituvchilarning vakilini haqoratlash johillik belgisi, xolos.

Joriy yilning 5-may kuni Navbahor tumani xalq taʼlimi boʻlimi tasarrufidagi 33-umumiy oʻrta taʼlim maktabida direktoroldi yigʻilish oʻtkazilayotgan vaqtda shu taʼlim muassasasining 10-sinf oʻquvchisi Xaqnazarova Mohinur Nizom qizining onasi Navbahor tumani, “Paxtakor” koʻchasida yashovchi fuqaro Adizova Xilola Moʻminovna taʼlim muassasasiga, direktoroldi yigʻilishiga ruxsatsiz kirib, maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha direktor oʻrinbosari Qodirova Dilbar Yusupovnaga nisbatan keskin harakatlar qilib, sochidan tortib, taʼlim muassasasi zalida (foyesida) uni urgan. Taʼlim muassasasi pedagog xodimlarining aralashuviga qaramasdan D.Qodirovaga nisbatan tan jarohati yetkazgan.

Natijada D.Qodirovaga tez tibbiy yordami koʻrsatilib, tuman markazidagi shifoxonaga joylashtirilgan.

Taʼlim muassasasida sodir etilgan mazkur holat tuman xalq taʼlimi boʻlimi hamda viloyat xalq taʼlimi boshqarmasi tomonidan oʻrganilganda, maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha direktor oʻrinbosari Qodirova Dilbar Yusupovna fuqaro Adizova Xilola Moʻminovnaga nisbatan hech qanday qaltis harakat sodir etmaganligi, X.Adizovaning farzandi 33-umumiy oʻrta taʼlim maktabi 10-sinf oʻquvchisi Xaqnazarova Mohinurni maktab formasida kelishi yuzasidan ogohlantirilganligi fuqaro X.Adizova tomonidan ushbu harakatlarni sodir etishiga sabab boʻlganligi aniqlandi.

Viloyat xalq taʼlimi boshqarmasi boshligʻi M.Shamuratov Navbahor tuman tibbiyot birlashmasiga borib, jabrlanuvchi D.Qodirova bilan uchrashdi va masalaga oydinlik kiritish uchun shaxsan suhbatlashdi. Suhbat asnosida holatdan xabardor boʻlgach, 33-umumtaʼlim maktabga borib, pedagogik jamoa bilan uchrashuv oʻtkazdi. Oʻqituvchilar hamda texnik xodimlar bilan boʻlgan suhbatda D.Qodirova tomonidan oʻquvchiga nisbatan hech qanday bosim, shaʼniga teguvchi harakatlar sodir etilmagani aniqlandi. Shundan soʻng boshqarma boshligʻi huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat etib, masalani uzil-kesil adolat nuqtayi nazaridan koʻrib chiqish, aybdor shaxsni qonunchilikka muvofiq javobgarlikka tortish shartligini bildirdi.

Shuningdek, mazkur holat “Paxtakor” mahallasi fuqarolari va faollar ishtirokida muhokama qilinishi belgilab olindi.

Viloyat xalq taʼlimi boshqarmasi sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlardan oʻqituvchini kaltaklashda aybdor deb topilgan shaxslarni Qonun doirasida javobgarlikka tortib, kelgusida boshqa shaxslarga ham dars boʻlishi uchun bu haqda jamoatchilikka maʼlum qilishlarini soʻrab qoladi.»

Temur ESHBOYEV,
(“Xalq soʻzi”).

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер