Navoiyda Germaniya bilan kasbiy taʼlim sohasida hamkorlik masalalari muhokama qilindi

09:34 05 Mart 2026 Jamiyat
243 0

Germaniya iqtisodiyotining Markaziy Osiyodagi vakolatxonasi — German Industry and Commerce Uzbekistan (GIC Uzbekistan) kompaniyasi vakillari ilk bor Navoiy viloyatiga tashrif buyurib, kasbiy taʼlim sohasida samarali hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, yoshlarni kasbga yoʻnaltirish va ularning malakasini xalqaro standartlar darajasiga yetkazish masalalari boʻyicha qator uchrashuvlar oʻtkazdi.

Uchrashuvlarda Migratsiya agentligining Navoiy hududiy filiali, Kasbiy taʼlim boshqarmasi hamda texnikumlar vakillari ishtirok etdi. Tadbir davomida Skills Experts Programm (SEP) dasturi, dual taʼlim tizimi va uning amaliyotdagi ahamiyati, shuningdek, AHK xalqaro sertifikatlash tizimi haqida batafsil maʼlumotlar berildi. Qayd etilganidek, loyiha doirasida oʻquvchilarning malakasini baholash uchun Germaniyadan xalqaro ekspertlar jalb etiladi.

— Mazkur dastur orqali ham ichki mehnat bozori, ham tashqi mehnat migratsiyasi uchun malakali mutaxassislar tayyorlash yoʻlga qoʻyiladi, — deydi Migratsiya agentligining Navoiy hududiy filiali rahbari Ismat Boltayev. — Loyiha doirasida texnikumlar bazasida sanoat mexanikasi, avtomobilsozlik, payvandlash va tokarlik yoʻnalishlarida dastlabki oʻquv guruhlarini tashkil etish boʻyicha kelishuvga erishildi.

Shuningdek, kelgusida yoshlarning Germaniyada mehnat faoliyatini olib borish imkoniyatlarini kengaytirish, ular uchun zarur tayyorgarlik jarayonlarini tashkil etish hamda tomonlar oʻrtasida tizimli hamkorlikni rivojlantirish masalalari boʻyicha ham kelishuvlarga erishildi.

Mazkur uchrashuv taʼlim tizimi va xalqaro mehnat migratsiyasi yoʻnalishida yangi istiqbolli loyihalarni amalga oshirishga xizmat qiladigan muhim qadam boʻldi.

Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер