Navoiyda 376 mln soʻmlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalanilgani aniqlandi
Navoiy viloyatida 376 mln soʻmlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish holati fosh etildi. Bu haqda “Hududgaztaʼminot” AJ xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, barcha hududlarda tabiiy gaz taʼminotidagi noqonuniy holatlarni aniqlash va ularning oldini olishga qaratilgan tadbirlar davom ettirilmoqda. Shunday tadbirlardan biri “Hududgaz Navoiy” gaz taʼminoti filiali komplayens nazorat tuzilmalari, tuman gaz taʼminoti boʻlimi va huquqni muhofaza qiluvchi organlar ishtirokida Navoiy viloyatining Qiziltepa tumanida oʻtkazilgan.
Tumanning “Oʻzbekiston” MFYda joylashgan davlat maktabgacha taʼlim muassasasi xatlovdan oʻtkazilganda, tashkilot tegishli tartibda gazlashtirish loyiha-texnik hujjatlarini rasmiylashtirmasdan tabiiy gazdan foydalanib kelayotgani maʼlum boʻldi. Shuningdek, binoga oʻrnatilgan gaz hisoblash uskunasida bir martalik tamgʻa mavjud emasligi ham aniqlangan.
Tabiiy gaz sarfi qayta hisob-kitob qilinganida esa 376 million soʻmlik zarar yetkazilgani qayd etilgan. Hozirda holat yuzasidan dalolatnoma rasmiylashtirilib, barcha hujjatlar huquq-tartibot organlariga yuborilgan.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring