Navoiy viloyatidagi jazoni ijro etish muassasalari oʻrganildi

14:40 04 Aprel 2023 Jamiyat
771 0

Foto: Халқ сўзи

Joriy yilning 25-29-mart kunlari Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) hamda uning huzuridagi Qiynoq holatlarini aniqlash va ularning oldini olish boʻyicha Jamoatchilik guruhlari aʼzolari tomonidan Navoiy viloyatidagi harakatlanish erkinligi cheklangan yopiq muassasalarga monitoring tashriflari amalga oshirildi. Unda “Huquqiy tayanch”, “Madad” nodavlat notijorat tashkilotlari, Oʻzbekiston NNT milliy assotsiatsiyasi hamda “Yuksalish” umummilliy harakati vakillari ishtirok etishdi.

Monitoring tashrifi davomida Navoiy viloyatidagi 4, 5, 11,12-son jazoni ijro etish koloniyasi, 36-son Manzil-koloniyasi, Respublika ixtisoslashtirilgan narkologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Navoiy viloyati mintaqaviy filiali hamda Nurota tuman nogironligi boʻlgan erkak shaxslar uchun muruvvat uyidagi sharoitlar oʻrganildi.

Amalga oshirilgan monitoring davomida jazoni ijro etish muassasalarining yotoq joylari, oshxona, kutubxona, davolash boʻlimi, uzoq va qisqa muddatli uchrashuv xonalari, ishlab chiqarish hududidagi sharoitlar oʻrganildi.

Koloniyalardagi ishlab chiqarish sexlari faoliyati ham oʻrganildi. Maxsus kiyim-kechak tikish, mebel, yogʻoch oʻymakorligi sexlarida ish qizgʻin, mehnat sharoitlari qoniqarli ekani aniqlandi.

Shuningdek, mahkumlar bilan jamoaviy va yakka tartibda suhbatlar oʻtkazildi hamda mahkumlarning murojaatlari qabul qilinib, ish yurituviga olindi.

Jazo muddatini oʻtayotgan va nogironligi tufayli oʻzi erkin harakatlana olmaydigan mahkumlarga yaratilgan shart-sharoitlarni oʻrganish maqsadida ular bilan alohida suhbatlar oʻtkazildi.

Shuningdek, mahkumlarning Yangilanayotgan Konstitutsiyadan oʻrin olgan normalardan xabardor ekani, dam olish vaqtlarida koʻrsatuv va dasturlarni tomosha qilishlari maʼlum boʻldi.

Respublika ixtisoslashtirilgan narkologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Navoiy viloyati mintaqaviy filialiga oʻtkazilgan monitoringda bemorlarni ovqatlanish sharoitlari oʻrganilganda, har bir bemorga taomlanishi uchun kuniga ajratilgan summaning yetarli emasligi aniqlandi. Mazkur masala Respublikadagi boshqa narkologik dispanserlarda ham oʻrganiladi va tahlillardan kelib chiqib masʼul vazirlikka Ombudsman tavsiyalari kiritiladi.

Shu bilan birga tibbiy yordam koʻrsatish sifati, dori-darmonlar taʼminoti, palatalardagi sharoitlar ham koʻzdan kechirildi.

5 kun davomida amalga oshirilgan monitoringlarda harakatlanish erkinligi cheklangan muassasalarda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha tavsiyalar bildirildi.

Ombudsman hamda uning huzuridagi milliy preventiv mexanizm doirasida faoliyat yurituvchi Jamoatchilik guruhlari tomonidan respublika boʻylab harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan muassasalarga monitoring tashriflari davom ettiriladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер