Navoiy viloyatida xalqaro standartlar asosida yuk avtomobili haydovchilarini tayyorlash loyihasi muhokama qilindi
Navoiy viloyati hokimi Normat Tursunov Ruminiyaning “Remarkable Consulting” kompaniyasi ijrochi direktori Aleksandru Borza hamda kompaniya menejeri Vasile Bortani qabul qildi.
Uchrashuv davomida mazkur kompaniya bilan hamkorlikda navoiylik yuk avtomobili haydovchilarini Kod 95 va Yevropa Ittifoqi standartlari asosida oʻqitishni tashkil etishga qaratilgan loyihani amalga oshirish masalalari muhokama qilindi. Qayd etilishicha, ushbu tashabbus xalqaro mehnat bozorida raqobatbardosh mutaxassislar tayyorlashga xizmat qiladi.
Loyiha doirasida “Remarkable Consulting” kompaniyasi tomonidan malakali xorijiy instruktorlar ikki haftalik oʻquv kurslarini oʻtkazish uchun Oʻzbekistonga jalb etiladi.
— Dastlabki bosqichda oʻquvlarga 50 nafar talabgorni qamrab olish rejalashtirilgan, — deydi Migratsiya agentligining Navoiy viloyati hududiy filiali rahbari Ismat Boltayev. — Yil yakuniga qadar esa 300 nafar fuqaroni tayyorlab, ularni xorijda ish faoliyati yuritishga yoʻnaltirish koʻzda tutilmoqda.
Safar doirasida xorijiy mutaxassislar Navbahor tumanidagi 2-sonli hamda Qiziltepa tumanidagi 3-sonli politexnikumlarda boʻlib, ushbu taʼlim muassasalarida joriy etilgan dual taʼlim tizimi, yaratilgan oʻquv-amaliy sharoitlar bilan yaqindan tanishdilar. Shuningdek, mazkur muassasalarning oʻquv-mashgʻulot poligonlari, tumandagi “Vatanparvar” tashkiloti qoshidagi avtomobil boshqaruvi boʻyicha mashq maydonlarining imkoniyatlari koʻzdan kechirildi.
Uchrashuvlar davomida bitiruvchilar bilan muloqot oʻtkazilib, Yevropa davlatlaridagi mehnat sharoiti, kasbiy talablar va standartlar haqida batafsil maʼlumot berildi.
Taʼkidlash joizki, mazkur loyiha Migratsiya agentligi tashabbusi bilan amalga oshirilmoqda boʻlib, u yosh mutaxassislarning kasbiy bilim va koʻnikmalarini xalqaro talablar asosida oshirish, shuningdek, ularning tashqi mehnat bozoridagi raqobatbardoshligini kuchaytirishga xizmat qiladi.
Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring