Nasos stansiyalarida elektr energiyasi va suv sarfini “onlayn” monitoring qilish tizimi joriy etiladi

12:49 27 Fevral 2021 Iqtisodiyot
2868 0

BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlarida taqdim etilgan maʼlumotlarga koʻra, hozirgi kunda sayyoradagi 10 kishidan 3 nafari xavfsiz boshqariladigan ichimlik suv manbalaridan foydalanish imkoniyatiga ega emas. Har 10 kishidan 6 nafari sanitariya xizmatlaridan foydalanish imkoniyatiga ega emas. Dunyo aholisining 40 foizdan koʻprogʻi uchun suv tanqisligi dolzarb muammodir va zarur choralar qoʻllanilmasa, kelgusida bu koʻrsatkich yana-da yomonlashishi kutilmoqda. Hozirgi kunda 1,7 milliarddan ortiq odam suvga ehtiyoj suvni qayta toʻldirish hajmidan oshadigan daryolar havzalarida yashamoqda. Daryolar, koʻllar va suv qatlamlaridan olinadigan suvning qariyb 70 foizi sugʻorish uchun ishlatilmoqda.

Dunyo aholisining oʻsishi bilan suv va oziq-ovqatga boʻlgan talab ortib bormoqda. Suv resurslaridan oqilona foydalanish yetarli darajada emasligi, iqlim oʻzgarishi va atrof-muhit sharoitining yomonlashishi tufayli koʻplab suv manbalari xavf ostida qolmoqda. Dunyo resurslari institutining prognozlariga koʻra, 2040-yilga kelib, jahonning 33 davlati suvning oʻta darajada tanqisligi muammosi bilan toʻqnashadi. Bu mamlakatlar orasida Markaziy Osiyo davlatlarining barchasi mavjud.

Qolaversa, suv ayrim mintaqalar uchun geosiyosiy barqarorlik omili boʻlib, suvdan foydalanish va taqsimlashning samarali va barqaror amaliyotlarini ishlab chiqish mintaqa mamlakatlarining kelajakdagi iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishi uchun juda muhimdir.

Mamlakatimizda suvni tejash, undan oqilona foydalanish boʻyicha ijobiy islohotlar amalga oshirilmoqda. Bu borada davlatimiz rahbari raisligida 24-fevral kuni qishloq va suv xoʻjaligi sohasida joriy yilda amalga oshiriladigan ustuvor vazifalar muhokamasi yuzasidan videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi.

Videoselektor yigʻilishda suvdan tejab foydalanish masalalari ham muhokama qilindi. Joriy yil sugʻorish mavsumida suv taʼminoti meʼyorga nisbatan 25 foiz kam boʻlishi kutilmoqda. Shu bois, suv isrofiga umuman yoʻl qoʻymaslik hayotiy zarurat. Xususan, suvni tejaydigan texnologiyalar joriy etiladigan yer maydonlari 5 barobarga koʻpaytirilib, 430 ming gektar maydonda suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish orqali 3 milliard kubometr suvni iqtisod qilish mumkin.

Bu, oʻz navbatida, shunday texnologiya va uskunalarga talabni oshiradi. Dastlabki hisob-kitoblarga koʻra, tomchilatib sugʻorish tizimlari va quvurlar ishlab chiqarish uchun joriy yil fevral-aprel oylarida 35-40 ming tonna polietilen zarur. Shu bois, suv tejovchi texnologiyalar uchun zarur boʻlgan polietilen va polipropilen uchun import boji 1-oktyabrgacha bekor qilindi.

Suv xoʻjaligi vazirligiga 3 mingdan ziyod nasoslarni taʼmirlash va yangilash, nasos stansiyalarida elektr energiyasi va suv sarfini “onlayn” monitoring qilish tizimini joriy etish vazifasi qoʻyildi.

Shu bilan birgalikda, Oʻzbekiston Respublikasi suv xoʻjaligini rivojlantirishning 2020 — 2030-yillarga moʻljallangan konsepsiyasida belgilangan vazifalarni 2020 — 2022-yillarda amalga oshirish boʻyicha tasdiqlangan “yoʻl xarita”sida Suv xoʻjaligi vazirligi, manfaatdor vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda “Suv va suvdan foydalanish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni loyihasini, suv resurslarini boshqarish, suvdan samarali foydalanish va suvni isteʼmol qilish boʻyicha samarali mexanizmlarni joriy etish maqsadida Suv kodeksini ishlab chiqish koʻzda tutilgan. Umuman olganda, konsepsiya doirasida amalga oshiriladigan ishlar suv resurslari zaxirasi hamda aholini va iqtisodiyot tarmoqlarini suv bilan taʼminlashda yuzaga keladigan tahdidlarni oldini olish, sugʻoriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash, transchegaraviy suv resurslaridan adolatli foydalanish hamda suv tejovchi texnologiyalarini amaliyotga keng joriy qilish orqali suv resurslaridan oqilona va samarali foydalanish imkonini beradi.

Shuningdek, joriy yilning 24-fevral kuni davlatimiz rahbarining “Oʻzbekiston respublikasida suv resurslarini boshqarish va irrigatsiya sektorini rivojlantirishning 2021-2023-yillarga moʻljallangan strategiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi.

Mazkur hujjat bilan nasos stansiyalaridagi 518 ta nasos agregati va 807 ta elektrodvigatel zamonaviy energiya tejamkorlariga almashtirilishi, ularning yillik elektr energiyasi isteʼmoli 7,6 milliard kVt.sdan 7,15 milliard kVt.s gacha kamaytirish, suvni tejaydigan sugʻorish texnologiyalarini joriy qilish 308 ming gektardan 1,1 million gektargacha, shu jumladan tomchilatib sugʻorish texnologiyasi 121 ming gektardan 822 ming gektargacha yetkazish belgilandi.

Shuningdek, shoʻrlangan maydonlar 1 926 ming gektardan 1 888 ming gektarga, shu jumladan oʻrtacha va kuchli darajada shoʻrlangan yerlar 581 ming gektardan 532 ming gektargacha qisqartirish, yer osti suv sathi muammoli holatda (0-2 metr) boʻlgan sugʻoriladigan yer maydonlari 988 ming gektardan 900 ming gektargacha kamaytirish hamda qishloq xoʻjaligida foydalanishdan chiqib ketgan jami 232 ming gektar sugʻoriladigan yer maydonlari qayta foydalanishga kiritish masalalari ham qarorda oʻz aksini topgan. Bu kabi omillar sohaning istiqboliga, toʻplanib qolgan muammolarni bartaraf etishda muhim omil boʻladi.

Xulosa qilib aytganda, suv resurslaridan oqilona foydalanish orqali suv balansi va ekologiya buzilishining oldini olish mumkin, bu nafaqat agrar sohani kafolatlangan va barqaror suv bilan taʼminlash, balki mintaqaning ekologik xavfsizligini saqlash imkonini ham beradi.

Ravshanbek BEGMATOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
Agrar va suv xoʻjaligi masalalari qoʻmitasi aʼzosi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер