Namangandagi 10 ta hokimlik qabul qilgan hujjatlar qonunga zid deb topildi
Namangan viloyatidagi 10 ta tuman hokimliklarining qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlari “Raqobat toʻgʻrisida”gi qonun talablariga zid ekani aniqlandi. Bu haqda Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, joriy yilning birinchi yarmi mobaynida Mingbuloq, Kosonsoy, Pop, Norin, Namangan, Toʻraqoʻrgʻon, Uychi, Chust, Chortoq va Yangiqoʻrgʻon tuman hokimliklarida “Raqobat toʻgʻrisida”gi qonun talablari ijrosi yuzasidan jami 4214 ta normativ-huquqiy va boshqa turdagi hujjatlar yuzasidan oʻrganishlar olib borilgan.
Unda ushbu tuman hokimliklarida tovar yoki moliya bozorida raqobatni cheklashga hamda isteʼmolchilarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini kamsitishga olib keluvchi jami 12 ta qaror qabul qilinishi oqibatida “Raqobat toʻgʻrisida”gi qonunning 22-moddasi (Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari va boshqa tashkilotlar, yuridik shaxslarning birlashmalari tomonidan raqobatni cheklaydigan hujjatlar qabul qilinishini hamda harakatlar amalga oshirilishini (harakatsizlikni) taqiqlash) talablari buzilishi holatlariga yoʻl qoʻyilgani aniqlangan.
Oʻrganish ishlari natijalariga koʻra, hududiy boshqarma tomonidan shahar va tuman hokimliklariga qonun buzilish holatlarini bartaraf etish va kelgusida bu kabi holatlarga yoʻl qoʻymaslik toʻgʻrisida tegishli taqdimnomalar kiritilgan.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring