Namanganda yana bir sport bayrami oʻtkazildi

21:31 08 Sentyabr 2022 Jamiyat
822 0

Foto: Xalq so‘zi

Avval xabar berganimizdek, Namangan shahri xalqaro miqyosdagi yana bir yirik musobaqa – belbogʻli kurash boʻyicha erkaklar va ayollar oʻrtasidagi jahon chempionatiga mezbonlik qilmoqda. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun 8-11-sentyabr kunlari oʻtkaziladigan nufuzli sport anjumaniga dunyoning 32 davlatidan 450 ga yaqin polvonlar tashrifi kutilmoqda. Viloyat markazidagi “Barkamol avlod” sport majmuasida tashkil etiladigan bellashuvlarda erkaklar 8, ayollar 5 vazn toifasida gilamga tushadilar.

Bugun Namangan xalqaro aeroportida asosiy qatnashchi davlatlarning terma jamoalari tantanali ravishda kutib olindi. Chempionat dasturiga muvofiq, ularni akkreditatsiyalash, tibbiy nazoratdan oʻtkazish va tarozida tortish tadbirlari amalga oshirildi.

Namangan shahridagi “Axsikent” mehmonxonasi zalida ommaviy axborot vositalari va blogerlar uchun matbuot anjumani uyushtirildi. Unda Oʻzbekiston belbogʻli kurash federatsiyasi raisi Ravshan Dastirov jurnalist va blogerlarni sportning ushbu turi boʻyicha erkaklar va ayollar oʻrtasida ilk bor boʻlib oʻtayotgan chempionatga tayyorgarlik va uni oʻtkazishning oʻziga xos jihatlari bilan batafsil tanishtirdi. Belbogʻli kurash boʻyicha Oʻzbekiston milliy terma jamoasi murabbiysi Usmon Mahammatov, bir qator xorijiy davlatlar delegatsiyasi rahbarlari va musobaqaning boshqa tashkilotchilari “Xalq soʻzi”, «Pravda vostoka» gazetalari, OʻzA, “Sport” telekanali hamda Namangan viloyat teleradiokompaniyasi muxbirlarining savollariga javob qaytardilar.

Umumiy mukofot jamgʻarmasi 351 million soʻmni tashkil etadigan chempionatning asosiy musobaqalariga ertaga ertalabdan start beriladi. Ikki kun davom etadigan saralash, yarim final va final bahslari natijalariga koʻra yangi chempionlar nomi maʼlum boʻladi.

Qudratilla NAJMIDDINOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер