Isroil kompaniyasi vakili Namanganda lavandazorlar tashkil etishni taklif qildi

17:04 21 Yanvar 2021 Iqtisodiyot
1906 0

Bu taklif viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Shavkatjon Abdurazzoqov va Isroilning DRTS kompaniyasi mintaqaviy vakili Sulaymon Xartavioʻgʻli uchrashuvida oʻrtaga tashlandi.

Maʼlumki, DRTS (Drip Research Technology Solutions) tomchilatib sugʻorish va agrotexnologiyalar boʻyicha dunyodagi yetakchi kompaniya boʻlib, 35 yillik tajribaga ega. AQSH, Turkiya va Hindistonda filiallari bor. Mashhur kompaniya ayni paytda Oʻzbekiston bilan ham samarali hamkorlikni yoʻlga qoʻygan. Uning koʻmagi bilan Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq tumanida 40 gektar maydonda lavanda plantatsiyasi barpo etilmoqda. Sulaymon Xartavioʻgʻli xuddi shunday plantatsiyani Namangan viloyatida ham joylashtirish niyatida ekanligini aytdi.

— Lavanda — koni foyda oʻsimlik. Tibbiyot va parfyumeriyada keng qoʻllaniladi, suvi, guli va moyidan foydalanish, eksportga yoʻnaltirish mumkin. Kilogrammi jahon bozorida 8-9 ming dollar baholanadi, bir gektardan esa 70-80 kilogramm moy olish mumkin. Eng asosiysi, lavanda koʻp suv va parvarish talab qilmaydi, Oʻzbekiston sharoiti uchun juda qulay dedi, — dedi Sulaymon Xartavioʻgʻli.

Viloyat rahbari 2018-yilda Turkiyaning atirgullar va lavandalar oʻlkasi hisoblangan Ispartaga safar qilgani va oʻzaro tigʻiz aloqalar oʻrnatilganini eslab oʻtarkan, mazkur tashabbusni qoʻllab-quvvatladi. Buning uchun «Kosonsoy-farm» EIZ hududi bilan tanishishni taklif qilib, bu yerda plantatsiyalar tashkil etish va ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish uchun barcha sharoitlar yaratilganini taʼkidladi.

DRTS kompaniyasi mintaqaviy vakili shu kunning oʻzida «Kosonsoy-farm» EIZda boʻlib, bu yerda yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. Kompaniya tomonidan tumanda tomchilatib sugʻorish tizimini yoʻlga qoʻyish boʻyicha ham yaqindan koʻmak berilishini bildirdi.

Qudratilla NAJMIDDINOV
(
“Xalq soʻzi”)

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер