Namanganda keyingi ikki yilda 45 ta mikroGES ishga tushiriladi
Foto: Xalq so‘zi
Mutaxassislar hisob-kitobiga qaraganda, ayni paytda Namangan viloyatida isteʼmolchilar ehtiyojini toʻla qondirish uchun qoʻshimcha 490 million kilovatt soat elektr energiyasi talab etiladi. Ayni miqdordagi taqchillikni qoplash uchun quvvatlarni ishlab chiqish boʻyicha yangi loyihalarni amalga oshirish harakatiga kirishildi. Bunda quyosh fotoelektr manbalari va suv resurslaridan unumli foydalanish masalasiga ustuvor ahamiyat qaratilyapti. Xususan, 2023-2024-yillar uchun moʻljallangan dasturga muvofiq 45 ta shunday inshootlar loyihasi tayyorlandi. Birgina joriy yilning oʻzida viloyatda quyosh fotoelektr stansiyasi, shuningdek, mikroGESlarni foydalanishga topshirish hisobiga 600 million kilovatt soatlik quvvatlar yaratiladi.

— Viloyatimizda gidroelektrostansiyalar agregatlarini harakatga keltiradigan oqin suv manbalari anchagina, ulardan foydalanib keyingi paytlarda Uchqoʻrgʻon, Pop va Chortoq tumanlarida 120 million kilovatt soat elektr quvvatlari ishlab chiqara oladigan mikroGESlar qurildi, — deydi “Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati Namangan hududiy filiali matbuot kotibi Dilshodjon Abduvosiyev. — Endilikda ushbu yoʻnalishdagi ishlar koʻlami keskin ortgan. Bu yil xududlardagi kanal, kichik soy va daryolarda umumiy quvvati 110 MVtga teng 32 ta shunday gidrooinshoot barpo etiladi. Ular yordamida 55,4 million kilovatt soat energiya hosil qilish mumkin.
Maʼlumki, davlatimiz rahbarining Namangan viloyatiga tashrifi chogʻida elektr energiyasi ishlab chiqarish boʻyicha yangi loyihalarni amalga oshirishni jadallashtirish topshirigʻi berilib, bu ishga ilk marotaba xususiy sektorni ham faol jalb qilish alohida taʼkidlangandi. Shundan kelib chiqib, amaliy ishlar boshlab yuborildi. Jumladan, kuni kecha «Oʻzbekgidroenergo» AJ boshqaruvi raisi Abdugʻani Sanginov viloyatda suv resurslaridan unumli foydalangan holda elektr energiyasi ishlab chiqarish boʻyicha tadbirkorlar bilan muloqot oʻtkazdi. Muloqot avvalida xususiy mikrogidroelektr stansiyalari qurish boʻyicha istiqbolli loyihalar taqdimoti tashkil etilib, Norin daryosi, Shimoliy Fargʻona kanali va soylardagi imkoniyatlar xususida batafsil maʼlumot berildi.
Hozirgi paytda ikkita obyekt - Namangansoyning viloyat markazidan oʻtgan qismida 200 kilovatt soat va Uchqoʻrgʻon tumani Toʻda kanalida 100 kilovatt soat quvvatga moʻljallangan mikroGESlar qurilishi boshlanish arafasida. Tez orada boshqa loyihalar ijrosiga ham kirishiladi.
Qudratilla NAJMIDDINOV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring