Namanganda bir guruh bolalarga nogironlik aravachasi va bayram sovg‘alari topshirildi

14:45 01 Iyun 2023 Jamiyat
931 0

Foto: «Xalq so‘zi»

Butun dunyo bo‘ylab har yilning 1 iyuni “Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni” sifatida bayram qilinadi. Sanani nishonlashga  bundan 98 yil avval, Jenevada bolalar farovonligiga bag‘ishlangan Butunjahon konferensiyasida qaror qilingan edi. Bu kun yurtimizda ham tantana, turli madaniy-ma’rifiy va ko‘ngilochar tadbirlar bilan o‘ziga hos mazmunda o‘tkaziladi. 
Viloyat hokimligi va “Mahalla” xayriya jamoat fondi tomonidan Namanganda ham Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan qator uchrashuv, yo‘qlov va xayriya ishlari amalga oshirilmoqda. Jumladan, 20 dan ortiq nogironligi bo‘lgan o‘g‘il-qizlarga maxsus aravachalar, esdalik sovg‘alari, o‘yinchoqlar, oziq-ovqat mahsulotlaridan iborat bayram tuhfalari taqdim etildi. Ulardan biri To‘raqo‘rg‘on tuman Axsi qishlog‘ida yashovchi Zilola Vahobova 1-guruh nogironi, harakatlanishida muammolari borligi sababli uyda qolib kelayotgan edi. Unga nogironlik aravachasi berildi. Jismoniy kamchiligiga qaramay anchagina iqtidorli bo‘lgan bu qiz  chevarchilik va qo‘l mehnati orqali o‘yinchoqlar yasab, tumandagi maktabgacha ta’lim muassasalariga yetkazib beryapti, daromadi hisobidan ota-onasiga yordam ko‘rsatmoqda.

- Yurtimizda har bir inson munosib qadr topayotganini yana bir bor his qildim,- deydi Zilola. – Ayniqsa, biz singari jismoniy imkoniyati cheklanganlarga ko‘rsatilayotgan alohida e’tibordan nihoyatda hursandmiz.  

Bugun erta tongdan viloyatning barcha hududlarida bayram quvonchlari  yangramoqda. Maktabgacha ta’lim muassasalarida sana ayniqsa, o‘ziga hos mazmunga boy dasturlar bilan nishonlanyapti. Mehnat jamoalari, tadbirkorlik tuzilmalari vakillari, mahallalardagi sahovatli insonlar ko‘p farzandli xonadonlarga sovg‘alar bilan kirib borib yo‘qlovlar uyushtirishmoqda.

Qudratilla NAJMIDDINOV, “Xalq so‘zi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер