Nafsi oʻpqon qassob
Bogʻotlik B. Karim (ismi-sharifi oʻzgartirilgan)ning kasbi qassob. U oʻz hunaridan foydalanib, 2018-yilning avgust oyida shu tumanda yashovchi Q. Rahimovning 2 bosh qoramolini 15.000.000 soʻmga kelishib, pulini oʻn kunda berishini aytadi. Karimning soʻzlariga ishongan Quronboy oʻylab oʻtirmay qoramollarini unga berib yuboradi, ammo...
Shundan soʻng qassob Bogʻiston mahallasida yashovchi Gʻ.Boboshevning uyiga borib, uning ikki bosh qoramolini 10.620.000 soʻmga, Ashxobod mahallasida yashovchi J.Roʻzmetovning toʻrt bosh qoramolini 33.696.000 soʻmga, Boʻka mahallasida yashovchi O.Madaminovning bir bosh qoramolini 8.575.000 soʻmga, Bogʻzor mahallasida yashovchi S.Qoʻchqorovning bir bosh qoramolini 9.921.000 soʻmga nasiyaga olib ketadi. Nafsi oʻpqonga aylangan qassob shu bilan cheklanib qolmasdan, fuqarolar Gʻ.Matniyozov, X.Yusupov, O.Sotiboldiyev, R.Matniyozov, J.Roʻziboyev, F.Egamberdiyev, Z.Avezovalarni ham chuv tushiradi.
Xullas, haromdan hazar qilmaydigan bu kimsa ikki yil davomida sodda, ishonuvchan fuqarolarni aldab, ularning jami bahosi 154 million 626 ming soʻmlik qoramollarini qoʻlga kiritib, hech nima boʻlmagandek yuraveradi. Pulini olmoqchi boʻlgan jabrlanuvchilar unga yalinib-yolvorishadi, insofga kelishini kutishadi. Ammo u har kuni turli bahonalarni roʻkach qilib, aldab yuraveradi. Toqati toq boʻlgan jabrlanuvchilar oxiri aldanib qolishganini anglab yetishadi va tuman ichki ishlar boʻlimiga murojaat qilishadi.
Jinoyat ishlari boʻyicha Hazorasp tumani sudi firibgarlik bilan shugʻullanib, oʻzgalar mulkini qoʻlga kiritgan B. Karimga nisbatan odilona hukm chiqardi.
Akbar AMINOV,
Jinoyat ishlari boʻyicha Hazorasp tumani sudi raisi.
Xudoybergan JABBOROV,
“Postda” muxbiri.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring