Mutolaa uchun munosib ragʻbat

11:20 29 Noyabr 2024 Jamiyat
294 0

Qudratilla NAJMIDDINOV/“Xalq soʻzi”. Yoshlar tarbiyasi, ular dunyoqarashini mustahkamlash va savodxonligini oshirishda kitobga oshnolikning oʻrni beqiyos. Bunda mutolaa madaniyatini shakllantirish orqali adabiyotlar targʻibotini yoʻlga qoʻyish muhim ahamiyatga ega. Ayni maqsadda tashkil etilgan tanlovlarga toʻxtalib oʻtsak, joriy yilda “Eng kitobxon maktab”, “Eng faol kitobxon oʻquvchi”, “Ijodkor bolalar”, “Eng kitobxon oila” va “Eng faol kutubxonachi” kabi yoʻnalishlar boʻyicha oʻtkazilgan koʻrik-tanlovda Namangan viloyatidan 35653 kishi faol ishtirok etdi. Ular orasidan 38 nafari tanlov shartlariga toʻla javob berib, yakunlovchi bosqich gʻolibligiga erishdi.

— Ishtirokchilar orasida kitobning chinakam ixlosmandlari juda koʻp ekan, ulardan eng kuchlilarini aniqlash oson kechmadi, — deydi Muhammadsharif Soʻfizoda nomli viloyat bolalar kutubxonasi direktori Zulhumor Toʻraxoʻjayeva. — Bunda tanlov shartlarining har biriga oʻta talabchanlik bilan yondashilib, qatnashchi oʻqib tugatgan kitobning sonigina emas, balki uni qay darajada uqqani, olgan saboqlarini hayotda qoʻllay bilishi, mutolaa targʻiboti borasidagi izlanishlariga qatʼiy eʼtibor qaratildi.

Tanlovning “Eng faol kitobxon oʻquvchi” nominatsiyasida Namangan tumanidagi 19-umumtaʼlim maktabining 8-sinfida tahsil olayotgan Muslima Turgʻunpoʻlatova birinchi oʻrinni egalladi. Uning taqdimotida ayni shartlar ijrosi boshqalardan yuqori ekanligi shundoqqina ajralib turdi. Tanlovning “Kitobxon oila” yoʻnalishida gʻoliblikni qoʻlga kiritgan Kosonsoy tumanidagi Uzunqishloq mahallasida yashovchi Qayumovlar xonadonining 500 dan ortiq adabiyotlar jamgʻarmasiga ega kutubxonasi bor. Ularni oʻqib chiqqan bobo va buvi, ota-ona va ikki farzand mutolaaning maʼnaviy samarasi naqadar yuqori ekanligini amalda isbotladilar.

Kecha Davlatobod tumanidagi “Yangi Oʻzbekiston — yoshlar ziyo maskani”da “Kitobxonlik” festivali oʻtkazilib, tadbir davomida tanlov gʻolib va sovrindorlari tantanali ravishda taqdirlandi. Ularga maxsus diplom va qimmatbaho sovgʻalar topshirildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер