Mustaqillikka 29 yil: Ijtimoiy himoya davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishiga aylandi
Bu yil istiqlolimizning 29 yillik toʻyi «Sen — qudrat manbai, saodat maskani, jonajon Oʻzbekistonim!» degan shior ostida nishonlanmoqda. Oʻtgan 29 yil davomida Oʻzbekistonda milliy demokratik davlat qurish, demokratik yangilash va modernizatsiyalash, iqtisodiyotni yangi asosda tashkil etish, aholining hayot darajasi va sifatini oshirish borasida muhim natijalarga erishildi.
Oʻzbekistonda ijtimoiy sohaga jamiyat eʼtiborini kuchaytirish, manzilli ijtimoiy himoyani kafolatlash davlat siyosatining asosiy ustuvor yoʻnalishlaridan biridir. Ayniqsa, soʻnggi yillarda mazkur sohada mamlakatimizda beqiyos ishlar amalga oshirildi. Bunda Prezidentimiz tashabbusi bilan ishlab chiqilgan 2017–2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasi muhim dasturilamal boʻlayotir. Ijtimoiy sohaga oid qator huquqiy hujjatlar, maqsadli dasturlar qabul qilindi.
Bundan tashqari, joriy yilda koronavirus tarqalishi tufayli global inqiroz holatlarining iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy taʼsirini kamaytirish, aholi va tadbirkorlik subyektlarini manzilli qoʻllab-quvvatlashning qoʻshimcha chora-tadbirlari yuzasidan kechiktirib boʻlmaydigan va oʻta muhim vazifalarni oʻz ichiga olgan huquqiy hujjatlar qabul qilinib,pandemiya oqibatlarini yumshatishga erishildi.
Hech bir sohani uning qonunchilik asoslarini mustahkamlamasdan turib, rivojlantirib boʻlmaydi. Shu maʼnoda, soʻnggi uch yilda Oliy Majlis tomonidan ijtimoiy sohaga oid 30 dan ziyod qonun qabul qilingani soha taraqqiyotida muhim omil boʻldi. “Maktabgacha taʼlim va tarbiya toʻgʻrisida”gi, “Fuqarolarning reproduktiv salomatligini saqlash toʻgʻrisida”gi, “Ilm-fan va ilmiy faoliyat toʻgʻrisida”gi, “Innovatsion faoliyat toʻgʻrisida”gi qonunlar shular jumlasidandir.
Joriy yilda esa Qonunchilik palatasi tomonidan “Nogironligi boʻlgan shaxslarning huquqlari toʻgʻrisida”gi, “Aholi bandligi toʻgʻrisida”gi qonunlar qabul qilinib, Senatga yuborildi. Parlamentimiz tomonidan 10 dan ortiq xalqaro shartnoma, xususan Xalqaro mehnat tashkilotining 4 ta konvensiyasi ratifikatsiya qilindi.
Shuningdek, keyingi yillarda kambagʻallikka barham berish, aholi sogʻligʻini saqlash, ayniqsa, xotin-qizlarga nisbatan zoʻravonlikka qarshi kurashish, gender tenglikni taʼminlash kabi muhim sohalardagi ishlarni tashkil etishning huquqiy asoslarini takomillashtirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Birgina 2019-yilda ijtimoiy xarajatlarni moliyalashtirish uchun davlat byudjetidan umumiy xarajatlarning 53,8 foizi miqdorida mablagʻ sarflandi. Bu xarajatlar YAIMga nisbatan 12,4 foizni tashkil etdi. Ushbu xarajatlarning 93,5 foizi ijtimoiy soha va aholini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash xarajatlari hissasiga toʻgʻri keldi. Ijtimoiy sohani rivojlantirish sohasida aholi bandligini taʼminlash va yangi ish oʻrinlarini tashkil etishga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda. Shuningdek, xotin-qizlarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlashni kuchaytirish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, tegishli dasturga asosan, 2019-yilda ogʻir turmush sharoitida yashayotgan 13 ming 44 nafar xotin-qizning bandligi taʼminlandi.
Dunyoda ijtimoiy-iqtisodiy beqarorlik kuzatilayotgan bugungi murakkab davrda mamlakatimizda inson manfaatlarini barcha narsadan ustun qoʻyib, amalga oshirilayotgan bunday xayrli ishlar xalqimizning turmush farovonligini yuksaltirish, oilalarda mehr-oqibat muhitini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Bunday ezgu ishlar tizimli asosda davom ettirilishi yurt taraqqiyotini yana-da jadallashtirishda oʻz samaralarini beraveradi.
Odiljon TOJIYEV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
Mehnat va ijtimoiy masalalar qoʻmitasi
raisining oʻrinbosari,
“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring