Mustaqillik — inson qadri kafolati

17:12 27 Avgust 2020 Siyosat
5683 0

Mustaqillik... bu soʻzning qadri naqadar baland, naqadar aziz! Shukrki, bugun hur va ozod yurtda yashayapmiz, inson manfaatlari, huquq va erkinliklari, osuda va farovon hayoti kafolatlangan. Yurtimiz tinch, xonadonlarimiz fayzli. Tongimiz ikki kaft orasidagi muborak duolar bilan boshlanadi. Xotirjam mehnat qilamiz, barakaga yoʻgʻrilgan har bir kunimizga beixtiyor shukrona aytamiz.

Bugun Oʻzbekistonning oʻz yoʻli bor, maqsadi aniq, ertasi bugunidan-da, nurli. Shiddat bilan rivojlanayotgan mamlakatimiz ravnaqi har bir sohada oʻz aksini topmoqda. Mustaqil demokratik yoʻldan dadil odimlayotgan Oʻzbekistonda, ayniqsa, inson, uning hayoti, erkinligi, shaʼni, qadr-qimmati va boshqa daxlsiz huquqlari oliy qadriyat hisoblanadi.

Shu boisdan, fuqarolarimiz manfaatlarini har tomonlama himoya qilish maqsadida xalqaro ahamiyatga molik loyihalar ishlab chiqilgan boʻlib, unga koʻra, joriy yilda BMTning inson huquqlari boʻyicha Kengashiga saylanish uchun Oʻzbekiston oʻz nomzodini ilgari surmoqda. BMT Kotibiyatiga Inson huquqlari boʻyicha Kengashga 2021 — 2023-yillar uchun ilgari surilayotgan Oʻzbekiston Respublikasi nomzodini rasmiy roʻyxatdan oʻtkazish va tashkilotning “Candiweb” elektron sahifasida yoritish boʻyicha nota yuborildi. 

Shu oʻrinda aytib oʻtish lozimki, hozirgi murakkab sharoitda universal nufuzli xalqaro tashkilot sifatida BMTning ahamiyati va roli tobora ortmoqda. Ayniqsa, BMT va uning ixtisoslashgan institutlari, xususan, BMTning Inson huquqlari boʻyicha Kengashi yer yuzidagi davlatlarning tinchlik va xavfsizlikni, barqaror taraqqiyotni hamda inson huquqlari himoyasini taʼminlash borasidagi saʼy-harakatlarini birlashtirishda yetakchi oʻrin tutadi.

Oʻzbekiston hukumati oʻz nomzodini koʻrsatish maqsadida 2019-yilning 12-iyulida Toshkentda “Oʻzbekiston Respublikasining inson huquqlari sohasidagi koʻngilli majburiyatlari” loyihasini taqdim etdi. Mazkur hujjat BMT Bosh Assambleyasining 60/251-rezolyutsiyasiga muvofiq tayyorlangan boʻlib, u oʻzida Oʻzbekistonning inson huquqlarini ragʻbatlantirish va himoya qilish ishiga qoʻshgan hissasi hamda inson huquqlari sohasidagi koʻngilli majburiyatlarini mujassam etgan.

Soʻnggi yillarda Oʻzbekistonda inson huquqlarini taʼminlash boʻyicha samarali qonunchilik tizimi yoʻlga qoʻyilgan. Bugun xorijda mehnat qilayotgan fuqarolarimizning haq-huquqlari, manfaatlarini himoya qilish borasida ham qonunchiligimizda bir qator yangilik va qulayliklar joriy etilmoqda. Ilgari davlat tomonidan mehnat migrantlarini qoʻllab-quvvatlash, ularning kundalik ehtiyojlari va orzu-umidlari toʻgʻrisida har tomonlama gʻamxoʻrlik qilish, mamlakat hududida ham, uning tashqarisida ham ishonchli ijtimoiy va huquqiy himoya kafolatlari boʻlmagan. Endilikda mamlakatimiz tashqarisida ishlayotgan har bir fuqaroning qonuniy manfaatlari va huquqlarini himoya qilish, ular uchun munosib ish sharoitlarini taʼminlashga qaratilgan tizim yaratilmoqda. Soʻngi ikki yil davomida tashkillashtirilgan, uyushgan va xavfsiz migratsiyani taʼminlash, mehnat migrantlari va ularning oila aʼzolarini himoya qilish maqsadida 8 dan ortiq qonun va qarorlar qabul qilindi.

Masalan, 2019-yil 20-avgustda Prezidentimizning “Xorijda vaqtincha mehnat faoliyati bilan shugʻullanayotgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish choralarini yana-da kuchaytirish toʻgʻrisida”gi Farmoni qabul qilindi. Mazkur Farmon bilan Vazirlar Mahkamasining ijro etuvchi tuzilmasida 8 nafardan iborat boʻlgan xorijda vaqtincha mehnat faoliyati bilan shugʻullanuvchi fuqarolarni qoʻllab-quvvatlash va huquqlarini himoya qilish masalalari departamenti tashkil etildi.

Xalqaro sheriklar bilan hamkorlikda inson huquq va erkinliklarini yana-da mustahkamlash, himoya qilish va ragʻbatlantirishga yoʻnaltirilgan turli loyihalar amalga oshirilmoqda. Jumladan, joriy yilda Oʻzbekiston fuqarolarni tashkillashtirilgan holda xorijga ishga yuborish, ularni chet elda mehnat va boshqa huquqlarini taʼminlash maqsadida Yaponiya, Koreya, Birlashgan Arab Amirliklari, Turkiya va Qozogʻistonning vakolatli davlat organlari bilan hukumatlararo va idoralararo bitimlar tuzildi.

2019-yilda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi va xususiy bandlik agentliklari tomonidan 182,7 ming kishining xorijga vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun yuborilishiga koʻmaklashildi. Koreya Respublikasining Kvandju va Rossiyaning Moskva shahrida Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi vakolatxonalari ochildi va ular tomonidan 27,1 ming fuqaroni huquqiy himoya qilish boʻyicha xizmatlar koʻrsatilib, 578,5 ming AQSH dollari miqdoridagi toʻlanmagan oylik ish haqlari undirib berildi. Qonuniy vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun ketayotgan 131,6 ming Oʻzbekiston fuqarolariga imtiyozli chipta (bilet)lar va 57,2 ming nafariga sugʻurta polislari berildi hamda 17,0 ming nafariga “Visa-Migrant” kredit kartasi rasmiylashtirildi. Shuni ham qayd etish kerakki, ogʻir moliyaviy ahvolga tushib qolgan, ayniqsa Rossiya Ichki ishlar vazirligining fuqarolarni vaqtinchalik saqlash markazlaridan 3,5 ming Oʻzbekiston fuqarosi xorijdan qaytarib Vatanga olib kelindi. Mehnat migratsiyasi boʻlgan vaqtda vafot etgan 310 nafar fuqaroning jasadi Oʻzbekistonga olib kelindi, tibbiy yordam kerak boʻlgan 102 nafar fuqaroga aviachiptalar olib berildi.

Bu hali oxirgi ikki yilda amalga oshirilgan ishlarning namunasi. Hali oldinda belgilangan rejalar bisyor. Maqsad bitta: fuqarolarimiz haq-huquqlarini himoya qilish, ularning farovon turmush tarziga koʻmaklashishdan iborat. Bu islohotlarning barchasi Mustaqillik sharofati, Istiqlolning bizga bergan tuhfasidir. Albatta bu oʻzgarishlar fuqarolarimizning har bir yangilanishga daxldor tarzda yashashga undaydi.

Gulshana XUDOYOROVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер