Muqaddas opaning alpkelbat oʻgʻlonlari kursant boʻldi

12:56 14 Oktyabr 2022 Jamiyat
760 0

Foto: Xalq so‘zi

Qarshi tumanidagi “Xoniyon” MFYda yashovchi Muqaddas Qodirova haqida, yodingizda boʻlsa, “Xalq soʻzi” sayti va gazetasida oldin ham soʻz yuritgan edik. Bolaga mehri osmon qadar baland, dunyoning barcha quvonchu shodliklarini murgʻak goʻdakning birgina tabassumiga almashtirmaydigan bu ayol Mehribonlik uylar tugatila boshlaganida oʻz xonadonini oilaviy bolalar uyiga aylantirgandi. Besh farzandi qatoriga yana 5 oʻgʻil kirgan, Hasan, Husan, Jonibek, Sherdil va Saidakbarxonga onalik muhabbati bilan bagʻrini ochgan edi.

Buni qarangki, Muqaddas opaning Hasan va Husan egizaklari birvarakayiga Jamoat xavfsizligi universitetiga oʻqishga kirib, kursantlik libosini kiyishdi. Muqaddas opaning sevinganini aytmaysizmi?! Qoʻni-qoʻshnilarga “Mening Hasanim ham, Husanim ham kursant boʻldi, orzusi ushaldi”, deb ogʻzidan bol tomib gapiradi.

Ha, Hasan va Husan Boytoʻrayevlar Milliy gvardiya saflarida yurt tinchligi va xotirjamligi yoʻlida xizmat qilishga bel bogʻlashdi. Bu orada Muqaddas opa sarpo-surugʻ yigʻib, kelinga sep hozirlab, Hasani va Husanini uylash tashvishi bilan yuribdi.

Albatta, davlatimiz rahbarining Mehribonlik uylarini tugatib, oilaviy bolalar uylari tashkil etish yuzasidan ilgari surgan tashabbusi tom maʼnoda oʻzini oqladi. Buni Muqaddas opa Qodirova va turmush oʻrtogʻi Sayyod Sobirov oilasidagi maʼnaviy muhit va ota-onalik mehri misolida yaqqol kuzatish mumkin.

Yaqinda Qashqadaryo viloyat hokimligi Bolalarni himoya qilish masalalari kotibiyati mudiri Farrux Primov Qarshi tumanidagi oilaviy bolalar uyi tarbiyalanuvchilari bilan muloqot qilganida bunga toʻla-toʻkis amin boʻldi. Oilaviy bolalar uylarining umumiy ahvoli, sanitar-gigiyenik holati toʻliq oʻrganildi. Kotibiyat mudiri oilalar bagʻriga olgan bolalarga badiiy va ilmiy kitoblar hadya qildi.

Darvoqe, Hasan va Husanning ukalari – Jonibek, Sherdil va Saidakbarxon ham akalari izidan borib, “Katta odam boʻlamiz!” deyishmoqda.

 

Faxriddin Bozorov, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер