Munosabat bildirishda xolis boʻlaylik yoxud davlat tili maqomiga nooʻrin daxl qilmaylik
Arxiv surat
Maʼlumki, shu kunlarda “Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 42-moddasiga qoʻshimcha kiritish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni loyihasi qizgʻin muhokamalar markazida turibdi. Loyiha muallifi 42-moddani davlat organlari va tashkilotlarida ish yuritishda davlat tili haqidagi qonun hujjatlari talablariga rioya etmaslik mansabdor shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining ikki baravaridan besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻlishi haqidagi ikkinchi qism bilan toʻldirish taklifini kiritgan.
Afsuski, Qonun loyihasi yuzasidan regulation.gov.uz portalida (maxsus platformada) qoldirilayotgan hamda ijtimoiy tarmoqlarda bildirilayotgan ayrim fikr-mulohazalarga eʼtibor qaratar ekanmiz, ularning naqadar noxolis ekanligiga guvoh boʻlamiz. Ushbu fikr-mulohazalarga nisbatan munosabat bildirishdan avval, loyiha matni mazmun-mohiyatini anglab yetmay yoki tushunishni ham xohlamay “ayyuhannos solayotgan” ayrim shaxslarga quyidagilarni eslatib oʻtmoqchimiz:
Birinchidan, Qonun loyihasi faqat davlat organlari va tashkilotlarida ish yuritishda davlat tili haqidagi qonun hujjatlari talablariga rioya etmaganlik uchun maʼmuriy javobgarlik belgilanishini nazarda tutadi.
Ikkinchidan, u yuqorida qayd etilgan maʼmuriy huquqbuzarlikning subyekti sifatida faqat davlat organlari va tashkilotlarining mansabdor shaxslariga jarima solishni koʻzda tutadi.
Mazkur Qonun loyihasi Oʻzbekiston Respublikasi hududida yashovchi millat va elatlarning oʻz ona tilini qoʻllashdan iborat konstitutsiyaviy huquqlariga, fuqarolarning millatlararo muomala tilini oʻz xohishlariga koʻra tanlash huquqiga, tillarning turmushda, shaxslararo muomalada hamda diniy va ibodat bilan bogʻliq udumlarni ado etishda qoʻllanishiga, shuningdek fuqarolarning oʻzaro muomala, tarbiya va taʼlim olish tilini erkin tanlash huquqini amalga oshirishiga mutlaqo monelik qilmaydi.
Shu bilan birga, loyiha Oʻzbekiston Respublikasi hududida yashovchi shaxslarning davlat tashkilotlari va muassasalariga, jamoat birlashmalariga arizalar, takliflar, shikoyatlar bilan davlat tilidan tashqari boshqa tillarda ham murojaat qilish huquqiga hamda Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, “Davlat tili haqida”gi Qonuni va boshqa qonun hujjatlarida belgilab qoʻyilgan bir qator tilga oid huquqlariga ham daxl qilmaydi.
Boshqacha soʻz bilan aytganda, Oʻzbekiston Respublikasi oʻz hududida istiqomat qiluvchi barcha millat va elatlarning tillari hurmat qilinishini taʼminlash, ularning rivojlanishi uchun sharoit yaratish kabi oʻz zimmasiga olgan masʼuliyatdan hech qachon tonmaydi.
Qonun loyihasi mazmuni tom maʼnoda davlat organlari va tashkilotlarida ish yuritishda davlat tili haqidagi qonun hujjatlarining mavjud talablarini mensimayotgan, kezi kelganda aytish kerak, Oʻzbekiston aholisining taxminan 82,5 foizini tashkil qiladigan oʻzbeklarning oʻz davlatchiligida ularning “haqqiga rioya etmayotgan” ayrim mansabdor shaxslarni tartibga chaqirishga qaratilgandir.
Xolislik nuqtayi nazaridan yondashadigan boʻlsak, haqiqatdan ham, davlat organlari va tashkilotlarida davlat tilida ish yuritishga doir qonunchilik talablariga rioya etmaslik bilan bogʻliq qator kamchiliklar koʻzga tashlanadi.
Xususan, “Davlat tili haqida”gi Qonunning 8-moddasiga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasining qonunlari, davlat hokimiyati va boshqaruv organlarining boshqa hujjatlari davlat tilida qabul qilinadi va eʼlon etiladi. Bu hujjatlarning tarjimalari boshqa tillarda ham eʼlon qilinadi. Vaholanki, koʻrilayotgan chora tadbirlarga qaramay, ayrim hollarda qonun hujjatlari loyihalari matni faqat rus tilida tayyorlanmoqda. Keling, siz sari boraylik, rus tilida tayyorlanib, oʻzbek tiliga tarjima qilinsa ham mayli edi. Biroq ayrim qonun hujjatlarining oʻzbek tilidagi matnini umuman topolmaysiz. Bunga nima deysiz? Axir, oʻzingiz oʻylab koʻring, bu davlat tilining huquqiy maqomini mensimaslik emasmi? Ustiga-ustak, oʻzbek tili qonun hujjati mazmunini toʻla yoritib berolmasligi sababli rus tilida tayyorlanadi, degan taʼnalar ham baʼzan quloqqa chalinadi. Nahotki, insoniyatning ilmu irfon beshigini tebratgan bu millat tili oʻz taqdiriga daxldor huquqiy hujjatlar mazmunini yoritishga ojizlik qilsa? Aksincha, shunday fikrlovchilarning oʻzlari oʻzbek tilining ulkan imkoniyatlarini tor tasavvurlariga sigʻdira olmaydigan fikri ojizlardir.
Bundan tashqari, aksariyat davlat organlari va tashkilotlarida davlat tilini bilmaydigan yoki bilishga harakat ham qilmaydigan yoxud bila turib ish yuritishda undan foydalanmaydiganlar qatlami mavjud. Bunday “qadri osmon”lar oldida rus tilini bilmasligi sabab mulzam boʻlganlar qancha. Savol tugʻiladi. Ularga davlat kursisini berib qoʻygan mard va oliyjanob oʻzbek xalqiga hamda uning tiliga boʻlgan hurmat shumi?
Shu bilan birga, “Davlat tili haqida”gi Qonunning davlat tili rasmiy amal qiladigan doiralarda oʻzbek adabiy tilining amaldagi ilmiy qoidalari va normalariga rioya etilishi haqidagi talabini esdan chiqarib, oʻz shevasini tap tortmasdan davlat organlari va tashkilotlarida “ish yuritish tili”ga aylantirayotganlar ham talaygina.
Qonun loyihasi faqat davlat organlari va tashkilotlarida ish yuritishda yoʻl qoʻyilayotgan aynan yuqoridagi kabi qonun buzilishlari va ularning salbiy oqibatlariga barham berish orqali davlat tili himoyasini taʼminlashga qaratilgandir.
Shu oʻrinda, loyiha yuzasidan regulation.gov.uz portalida (maxsus platformada) qoldirilayotgan hamda ijtimoiy tarmoqlarda bildirilayotgan ayrim noxolis fikr-mulohazalarga eʼtibor qaratsak.
Baʼzi shaxslar Qonun loyihasi faqat rusiyzabon vatandoshlarimizning huquqlarini kamsitishga qaratilganligi, agar u maʼqullanadigan boʻlsa, rus tilida muloqot qiladigan koʻplab malakali mutaxassislar mamlakatni tark etishi mumkinligi haqida fikr qoldirishgan. Baʼzilari esa, ayrim mamlakatlarda roʻy bergan notinchliklar misolida Oʻzbekistonda ham shunday vaziyat yuzaga kelishi mumkinligi haqida oʻz “xavotirlari”ni izhor qilishgan. Quvonarlisi shundaki, ayrim rusiyzabon doʻstlarimiz muhokama qilinayotgan Qonun loyihasi boshqa tillarni, shu jumladan, rus tilini kamsitishni nazarda tutmasligini, aksincha, davlat organlari va tashkilotlarida ish yuritishda “Davlat tili haqida”gi Qonunning avvaldan mavjud boʻlgan talablari ijrosini taʼminlashga qaratilganligini eʼtirof etishgan.
Shu oʻrinda, yuqoridagi kabi keskin eʼtirozlar va “xavotirlar” fonida amalda davlat tilini oʻrganishni istamayotgan shaxslarga maslahatimiz shuki, oʻz ona tilingizdan tashqari, oʻzbek tilini ham ikkinchi til sifatida oʻrganing. Zero, soʻngi tadqiqotlar shuni koʻrsatdiki, ikkinchi tilni oʻrganish Alsgeymer kasalligi (Alzheimerʼs disease (AD))ga qarshi kurashishda yordam beradi va miyaning qarish taʼsirini sekinlashtiradi (https://www.importanceoflanguages.com/importance-japanese-language/).
Soʻzimiz soʻngida shuni aytmoqchimizki, aksariyat davlatlar oʻz tillarini xalqaro munosabatlarda keng qoʻllanilishi uchun bor imkoniyatlarini safarbar etayotgan bir davrda biz mamlakat ichida davlat tilining huquqiy maqomini oʻz oʻrniga qoʻyish masalasida bahs olib borayotganimiz achinarli holdir.
Ayni damda taklif etilayotgan Qonun loyihasini qoʻllab-quvvatlash bilan bir qatorda davlat tilini hozirgi islohotlarga mutanosib ravishda rivojlantirish boʻyicha barcha imkoniyatlar ishga solinishi zarur deb hisoblaymiz.
Bobomurod AVAZOV,
Toshkent davlat yuridik universiteti Xalqaro tijorat huquqi kafedrasi oʻqituvchisi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring