Mulk huquqiga oid bir qator cheklovlar bekor qilinadi
“Mulk huquqining daxlsizligini ishonchli himoya qilish, mulkiy munosabatlarga asossiz aralashuvga yoʻl qoʻymaslik, xususiy mulkning kapitallashuv darajasini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident Farmoni (PF–198-son, 24.08.2022-y.) qabul qilindi.
Farmon bilan quyidagi tartiblar, talablar va cheklovlar 2022-yil 1-sentyabrdan bekor qilinadi:
— yerga boʻlgan huquqlardan foydalanishda:
— yerga boʻlgan huquqning vujudga kelishiga asos boʻlgan hujjatlarni bekor qilish orqali yerga boʻlgan huquqni tugatish, mazkur hujjatlar faqat sud tomonidan bekor qilinishi yoki haqiqiy emas deb topilishi mumkin;
— yerdan ixtiyoriy voz kechishni Hukumat yoki hokimlik qarorlari bilan rasmiylashtirish (ixtiyoriy voz kechish toʻgʻrisida notarial tasdiqlangan ariza huquqlni bekor qilish uchun asos boʻladi);
— yuridik shaxs tugatilishi bilan uning yeriga boʻlgan huquqlarini bekor qilish;
— yerni jamoat ehtiyojlari uchun olib qoʻyishda kompensatsiya sifatida davlatning boshqa koʻchmas mulkini berish, bunda koʻp kvartirali uylardagi turar joy berilishi mumkin;
— turarjoyga boʻlgan mulkiy huquqlarni amalga oshirishda:
— turarjoyga nisbatan mulkiy huquqlarga yoki turar joy mulkdori bilan qarindoshlik aloqalariga ega boʻlmaganlarni doimiy roʻyxatdan chiqarish uchun ularning roziligini olish;
— sud tomonidan turarjoyga nisbatan insofli egallovchi deb topilgan jismoniy shaxsdan ushbu turar joyni unga nisbatan mulk huquqi davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan paytdan boshlab 3 yil oʻtgach natura shaklida talab qilib olish.
2023-yil 1-yanvardan Kadastr va koʻchmas mulklarni roʻyxatdan oʻtkazish integratsion axborot tizimi (UZKAD) koʻchmas mulk obyektlariga boʻlgan huquqlarning davlat reyestri va unga oid maʼlumotlar yuritiladigan, maʼlumotlarining haqiqiyligi va ishonchliligi davlat tomonidan kafolatlanadigan yagona axborot tizimi hisoblanadi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring