Muammo oqibatlari bilan emas, sabablari bilan qiziqmoq kerak

22:25 23 Mart 2023 Jamiyat
639 0

Foto: Xalq so‘zi

Nurotalik chorvadorlarda «Uching toʻrtga yetadimi?!» degan hikmatomuz savol bor. Bunda choʻponlar uch fasl davomida toʻrtinchi fasl – qishga koʻrilgan tayyorgarlikni biri-biridan soʻraydilar.

Qishning qirovli kunlariga erta bahordanoq hozirlik koʻrish lozimligi hamon dolzarbligini yoʻqotgan emas. Qolaversa, oʻtgan mavsum buni yana bir bor esga solib, muammolarni bartaraf etishdan koʻra ularning oldini olish osonroq ekanligini koʻrsatib qoʻydi. Shu bois tegishli xulosa chiqargan taʼminotchi korxonalar hozirdanoq yeng shimarishgan. Xususan, «Hududgaz Navoiy» gaz taʼminoti filiali hamda uning shahar va tuman boʻlimlari tomonidan 2023-2024-yillar kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlari boshlab yuborildi.

— Gazlashtirilganiga ellik yildan oshgan Navoiy shahrida gaz taʼminoti bilan bogʻliq qator muammolar yigʻilib qolganini oʻtgan qish yaqqol koʻrsatdi, — deydi «Hududgaz Navoiy» gaz taʼminoti filiali matbuot xizmati rahbari Zulfiya Boboyeva. — Shu sabab shaharda gaz taʼminoti tarmoqlari taftishdan oʻtkazilib, aniqlangan kamchiliklar peshma-pesh bartaraf etilmoqda.

Taʼkidlash joiz, bugun Navoiy shahridagi mavjud 202 ta gaz taqsimlash punktidan 10 donasi yuqori bosimli boʻlib, qolgan 192 donasi oʻrta bosimli gaz taqsimlash punktlaridan iborat. Gaz quvurlarining umumiy uzunligi 556,5 kilometrni tashkil etadi. Shu kunga qadar gaz taqsimlash punktlari hamda gaz quvurlarida oʻtkazilgan texnik koʻrik davomida aniqlangan kamchiliklar boʻyicha 1,3 kilometrlik gaz quvurlarini rekonstruksiya qilish ishlariga kirishildi. Shuningdek, 24 kilometr gaz quvurlari estetik jihatdan tartibga keltirilib, tarmoqlarda boʻyoqlash ishlari bajariladi.

Tarmoqlarda taʼmirlash ishlari bilan bir vaqtda yana 157 ta gaz taqsimlash punkti hamda qariyb 100 kilometrlik gaz quvurlari tarmoqlarida taftish ishlari olib borilmoqda. Bunda 36 kilometr yer osti gaz quvurlarining holati pribor usuli bilan tekshirilsa, 6,5 kilometr gaz quvurlarini bosim ostida sinash va havo bosimi yordamida tozalash ishlari amalga oshiriladi.

Temur ESHBOYEV, «Xalq soʻzi».

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер