Moskva viloyatining Solnechnogorsk shaharchasidagi turarjoylardan birida sodir boʻlgan yongʻin tufayli vafot etganlar shaxsiga aniqlik kiritildi
Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi Moskva viloyatining Solnechnogorsk shaharchasidagi mehnat migrantlari yashaydigan turarjoyda sodir boʻlgan yongʻin yuzasidan bayonot berdi.
«2021-yilning 13-noyabr kuni Moskva viloyatining Solnechnogorsk shaharchasi Pribrejnaya koʻchasida joylashgan quruvchilarning vaqtincha turarjoyida yongʻin yuz bergan.
Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining Moskva shahridagi vakolatxonasi ushbu holat yuzasidan Favqulodda vaziyatlar vazirligi xodimlari bilan aloqa oʻrnatdi.
Yongʻin oqibatida ushbu vaqtincha turar joyda yashab kelgan mehnat migrantlari orasida 2 kishi jarohat olgan va 4 kishi vafot etgan.
Hozirgi vaqtda vafot etganlarning shaxsiga aniqlik kiritildi. Maʼlum boʻlishicha, ularning barchasi Oʻzbekiston fuqarolari (Sh.A. 1969-y.t., E.U. 1998-y.t., Sh.K. 1987-y.t., A.R. 1998-y.t.).
Ushbu holat nazoratga olingan va vafot etgan yurtdoshlarimiz jasadlarini Vatanga qaytarish choralari koʻrilmoqda», deyiladi Agentlik bayonotida.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring