Moratoriy talabini buzgani uchun 10 million soʻm jarima toʻladi
Qudratilla Najmiddinov/“Xalq soʻzi”. Davlatimiz rahbarining 2023-yil 17-yanvardagi “Suv havzalarida noruda materiallarni qazib olishni tartibga solish chora tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni 1-bandiga koʻra Namangan viloyatidan oqib oʻtuvchi Norin daryosi va Sirdaryo oʻzanlaridan noruda materiallarni qazib olishga muddatsiz moratoriy joriy qilingan. Viloyat prokuraturasi hamda Ekologiya boshqarmasi tomonidan ayni vazifa ijrosi yuzasidan keng koʻlamda targʻibot va tashviqot ishlari yoʻlga qoʻyilgan. Shunga qaramay, ayrim fuqarolar tomonidan noqonuniy ravishda daryo oʻzanidan qum-shagʻallarni qazib olish holatlari uchramoqda. Masalan, Sirdaryoning Namangan tumani Toʻsar qishlogʻidan oqib oʻtuvchi qismida fuqaro Gʻ.R. oʻz ekskavatori bilan mashinalarga shagʻal yuklayotgan paytda nazoratchilar qoʻliga tushdi. U oʻzining bu xatti-harakati bilan MJtKning 70-1-moddasida belgilangan daryolar oʻzanlarini tozalashga va qirgʻoqlarini mustahkamlashga doir ishlarni amalga oshirish tartibini buzgan. Holat boʻyicha fuqaroga yuqoridagi moddaning birinchi qismi bilan bayonnoma rasmiylashtirilib, bazaviy hisoblashning 30 barobari miqdorida, yaʼni, 10.200.000 soʻm jarima tayinlandi.
– Oʻrnatilgan moratoriy talablari bajarilishi yuzasidan oʻtkazilayotgan monitoringlar chogʻida 17 ta holatda qonunbuzilishlar aniqlanib, aybdorlarga nisbatan 156,4 mln soʻm miqdorida maʼmuriy jarimalar qoʻllanildi, – deydi Namangan viloyat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi boshqarmasi boʻlim boshligʻi Bunyodbek Ahmadaliyev. – Bundan tashqari, 4 ta oʻzan tozalash faoliyati bilan shugʻullanuvchi tadbirkorlik subyektlarida tekshirishlar oʻtkazilib, aniqlangan kamchiliklar boʻyicha toʻplangan hujjatlar huquqni muhofaza qilish idoralariga yuborildi.
Xoʻsh, daryo oʻzanlaridan qum-shagʻal qazib olish taʼqiqlangan boʻlsa, qurilish uchun suv va havodek zarur noruda materiallar qayerdan olinadi?
– Bu masala yechimi ustida ish olib borilmoqda, – davom etadi B. Ahmadaliyev. – Geologiya hamda Iqtisodiyot va moliya vazirliklari, boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda togʻ va togʻoldi hududlarida muqobil noruda foydali qazilma konlari va kichik sanoat zonalarini tashkil qilish chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqish belgilangan boʻlib, Namangan viloyatining Chortoq, Yangiqoʻrgʻon va Toʻraqoʻrgʻon tumanlarida yer tanlash ishlari amalga oshirib kelinmoqda. Yaqin vaqtda daryo oʻzanlari, sohil boʻyi mintaqalari va suvni muhofaza qilish zonalarida joylashgan noruda materiallarni qayta ishlash korxonalarini togʻ va togʻoldi hududlariga yoki ushbu hududlarning yaqinida joylashgan kichik sanoat zonalariga koʻchiriladi.
Maʼlumot uchun, Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 12-sentyabr kungi “Noruda materiallarni qazib olishga moratoriy joriy etilgan suv havzalari hududlarining chegaralarini belgilash toʻgʻrisida”gi qarori bilan Norin va Sirdaryo suv havzalari hududlari chegarasi belgilandi. Mazkur hujjatga koʻra, Norin daryosining Uchqoʻrgʻon tumanidagi gidrouzeldan, Sirdaryoga quyilishgacha boʻlgan qismi, Sirdaryo daryosining ikki daryo qoʻshilishidan hosil boʻlgan qismidan Pop tumanidan Tojikiston Respublikasiga oʻtish qismigacha chegaralari koʻrsatilgan. Demak, daryolarning egasi bor. Unga daxl koʻrsatish bilan bogʻliq har qanday urinish qonuniy bahosini oladi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring