Moliya vazirligining bir qator funksiyalari Soliq maslahatchilari palatasiga oʻtkaziladi
“Soliq maslahati sohasini yana-da rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” Prezident qarori (PQ–4846-son, 30.09.2020-y.) qabul qilindi. Bu haqda “Huquqiy axborot” kanali xabar berdi.
Qarorga muvofiq, 2021-yil 1-yanvardan Moliya vazirligining quyidagi funksiyalari Oʻzbekiston Soliq maslahatchilari palatasiga oʻtkaziladi:
• soliq maslahatchisining malaka sertifikatini olish uchun malaka imtihonlarini oʻtkazish va sertifikatni berish;
• soliq maslahatchilarini oʻqitish va ularning malakasini oshirish dasturlarini tasdiqlash;
• soliq maslahatchilarining reyestrini yuritish.
Soliq maslahatchisi advokatlik tuzilmalari, auditorlik tashkilotlarida ishlagan taqdirda, soliq maslahati boʻyicha faoliyatda 3 yil mobaynida ishtirok etmaganligi uchun uning malaka sertifikati amal qilishini tugatishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Qarorga koʻra, Soliq toʻlovchilar ixtiyoriy tugatilganda soliqlar boʻyicha xulosa berish huquqiga ega boʻlgan soliq maslahatchilari tashkilotlari roʻyxati (Roʻyxat) yuritiladi.
“Tavakkalchilikni tahlil qilish” avtomatlashtirilgan axborot tizimi vositasida aniqlanadigan, yillik aylanmasi oxirgi uch yil mobaynida 1 milliard soʻmgacha boʻlgan soliq toʻlovchilar (tavakkalchilik darajasi yuqori boʻlgan soliq toʻlovchilar bundan mustasno) ixtiyoriy tugatilganda roʻyxatga kiritilgan soliq maslahatchilari tashkilotlarining soliqlar boʻyicha xulosalari soliq organlari tomonidan tan olinadi.
2021-yil 1-yanvardan Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti va Toshkent moliya institutida “soliqlar va soliqqa tortish” hamda “buxgalteriya hisobi va audit” yoʻnalishlari boʻyicha 4-kurs bakalavriati oʻquv dasturlariga “soliq maslahati” fani kiritiladi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring