Mol bozorda fuqarolarning pullarini oʻmargan xavfli retsidivist qoʻlga olindi

15:07 16 Sentyabr 2019 Jamiyat
1402 0

Illyustrativ foto

Davlat insonlarning daxlsizlik huquqini taʼminlar ekan, avvalo har bir kishi ham oʻz mol-mulkini saqlashga masʼul ekanligini taʼkidlab oʻtish kerak. Xususan, oʻgʻirlik jinoyatlari tahlil qilinar ekan, baʼzan oʻzimizning eʼtiborsizligimiz pand berayotganligini koʻrish mumkin.

Xususan, joriy yilning 31-avgust kuni fuqaro F.K. oʻzganing mol-mulkini kissavurlik yoʻli bilan yashirin ravishda talon-toroj qilish maqsadida, Karmana tumani “Talqoq” mahallasida joylashgan “mol bozori” hududiga kelib, “oʻlja” axtaradi. Yelim xalta yoki pichoq bilan kesish oson boʻlgan boshqa biror yukxaltaga solingan pullar borki — uning uchun bu ayni muddao edi: gʻira-shira yorugʻlik, qolaversa ming-minglab odamlar orasidagi gʻala-gʻovurda “ish” oson bitadi. Birinchi oʻlja koʻzga koʻringach kissavur uning ortidan ancha yergacha kuzatib bordi — bozor darvozasidan ichkari kirib, odamlar orasiga singib ketishganda qoʻlidagi pichoq yordamida qora rangli yelim sumka koʻtargan kimsaning 4 million 800 ming soʻm miqdordagi pullarni oʻmaradi.

Ishning imi-jimida bitganidan xursand boʻlgan F.K. yana bir kishining shoʻrini quritmoqchi boʻldi. Bu gal ham avvalgi “ssenariy” takrorlandi – xamirdan qil sugʻurgandek! Yana 500 ming naqd qoʻlga kiritiladi.

Shu kuni pullarini yoʻqotgan fuqarolarning biri “Kattamachit” mahallasida yashovchi fuqaro H.Z, ikkinchisi “Toshrabod” mahallasida yashovchi fuqaro A.S. edi. Ular pullarini oʻgʻirlatib qoʻyganligi borasida shikoyat qilishganda, oʻgʻirlik deyarli bir soatning oʻzida — yarim soat vaqt farqi bilan sodir boʻlganligi maʼlum boʻladi.

Mazkur holat yuzasidan Karmana tuman IIB huzuridagi Tergov boʻlimi tomonidan surishtiruv ishlari boshlangach, bu jinoyat F.K. tomonidan amalga oshirilgani oydinlashdi. Unga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi JKning 169-modda 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari davom etmoqda.

Jinoyatda gumon qilinuvchi 1986-yilda Buxoro viloyatida tugʻilgan boʻlib, bundan avval jinoyat ishlari boʻyicha Qorakoʻl tuman hamda Navoiy shahar sudlari tomonidan sudlangan, xavfli retsedevist. Toshkent viloyatida yashaydi.

Qayd etish joiz, shu kabi xatti-harakatlar bir narsani koʻrsatmoqda: qimmatli buyumlar, xususan pullarimizni seyfda saqlashimiz lozim. Bozorlarda, ayniqsa mol bozorida yurganda eʼtiborimizni atrofga qaratib, borimizdan ayrilishdan ogoh boʻlaylik. Albatta, jinoyatchiga tegishli jazo berishga huquq idoralari masʼul. Biroq, uning oldini olish har birimizga, hushyorligimizga bogʻliq.

B.HAMDAMOV, Karmana tumani IIB huzuridagi TB katta tergovchisi, kapitan

Manba: http://navoitoday.uz

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер