Mislsiz ilohiy moddiy neʼmat

21:32 19 Oktyabr 2020 Jamiyat
2130 0

Janob Paygʻambarimiz Muhammad mustafo Rasululloh sallallohu alayhi va sallam oʻz hadisi shariflarida: “Toʻrtta daryo – Sirdaryo, Amudaryo, Nil, Yevfrat – jannat daryolaridan," – deganlar. Yer kurasida 4ta okean, bir necha dengiz va koʻplab daryolar boʻlsada, planetamizni toʻrtdan uch qismi suv bilan qoplangan boʻlsa-da, shulardan faqat toʻrtta daryonigina Paygʻambarimiz sallallohu alayhi va sallam “jannat daryolaridan” dedilar. Yaxshi eʼtibor bersak, mazkur toʻrtta daryodan ham eng birinchi navbatda Sirdaryo va Amudaryo daryolarini aytdilar. Demak, bizni yurtimiz “jannatmakon yurt” deyilgani balandparvoz soʻzlar emas ekan! Mazkur toʻrtta jannat daryolaridan teng ikkitasi aynan bizni yurtimizda ekanligi ham – bu Yaratganning aynan bizning yurtimizga oʻzgacha Ilohiy nazari bilan boqqani! Yer yuzining boshqa joylariga nisbatan Alloh taolo aynan bizni yurtimizga oʻzgacha nazari bilan, oʻzgacha rahmat nazari bilan boqqanini yaqqol belgisi, dalili, isboti va namunasi! Buni anglab tushunib yetish uchun maxsus ilm dargohlarida, katta-katta institutlarda yoki islom universitetlarida oʻqib, taʼlim olish shart emas! Bu – osmondagi Oy va Quyoshday butun insoniyatga maʼlum va mashhur boʻlgani kabi, dunyo xalqi uchun ochiq-oydin haqiqatligi hammaga ayon!

Oʻzi nazar qilgan, Oʻzi oʻzgacha nazar qilgan mana shu jannatmakon diyorni Alloh taolo Oʻz Ilohiy nazari va Ilohiy rahmati ila boqib, ushbu muqaddas zaminimizni insonning aqli ojizlik qiladigan koʻpgina behisob neʼmatlar bilan neʼmatlantirib qoʻygan. Aynan bizning jannatmakon yurtimizga, muqaddas zaminimizga, Xudo nazar qilgan diyorimizga, jonajon Oʻzbekistonimizga Alloh taboraka va taolodan ato etilgan bunday neʼmatlarni nafaqat inson zoti, balki hech qanday, hatto oxirgi modeldagi yangi chiqqan eng zamonaviy kompyuter ham sanab sanogʻiga yeta olmaydi!

Bunday behisob va bebaho, aziz va buyuk, mislsiz va beqiyos, tengi yoʻq moddiy va maʼnaviy neʼmatlar ichida bittasi bu – “paxta” deb atalmish Ilohiy moddiy neʼmat. Yerdan unib-oʻsib chiqadigan boshqa nabotot-oʻsimliklar qatori paxta ham, agar Xudo xohlasa chiqadi, boʻlmasa yoʻq! Shuning uchun ham paxta – Xudoi taoloning bandalariga beradigan nabotot olamidagi moʻjizaviy neʼmatlaridan biri. Alloh taoloning shu moʻjizaviy neʼmatlari ichida eng kattalaridan va eng manfaatlilaridan biri!

Internet va ensiklopedik maʼlumotlarga qaraganda, fan tilida “Gossypium” deb nomlanadigan “paxta”ni yer yuzida 39 dan ortiq oʻsimliklari mavjud. Shulardan oltitasigina planetamizning oltita mintaqasida oʻsadi xolos. Jahon miqyosida yetishtirilayotgan paxtani 65 foizini 5 ta davlat yetkazib beradi. Bular – Xitoy (4 mln. t), AKSH (4 mln. t.), Hindiston (2,5 mln. t.), Pokiston (1,5 mln. t.) va Oʻzbekiston (1,2 mln. t.). Jahon paxtasini qolgan 35 foizini 70 ta davlat yetkazadi. 

Olimlarning ilmiy tadqiqotlari va jahon statistika maʼlumotlariga koʻra, paxtadan bugungi kunda inson hayotida darkor boʻladigan 100 dan ziyod turli xil navdagi mahsulotlar ishlab chiqariladi. Bu mahsulotlarga odam bolasini muhtojligi esa onasidan tugʻilishidan avvalroq boshlanib, vafot etganidan keyingi davr mobaynida boʻlar ekan! Bitta oʻsimlikdan shuncha turdagi mahsulotlar ishlab chiqariladigan yana boshqa oʻsimlik bu dunyoda yoʻq ekan! Ana! Qanday ulugʻ va beqiyos, haqiqatda moʻjizaviy (!) neʼmatni Alloh taolo bizni diyorimizga ravo koʻrgan!

Alloh taoloning inoyati ila davlatimiz va hukumatimiz tomonlaridan oqilona olib borilayotgan xayrli, savobli ishlarni amalga oshirish maqsadida viloyatlarimiz rahbarlari hamda shahar va tuman rahbarlarining boshchiliklarida mustaqilligimizni sharofati bilan jannatmakon yurtimizni tinchligi, muqaddas Vatanimizni ravnaqi, dono xalqimizni farovonligi, farzandlarimiz bizdan ham baxtliroq boʻlishlari uchun, bolalarimizni kelajagi uchun behisob-behisob, son-sanoqsiz, katta-katta savobli, xayrli va olijanob ishlar bajarilib kelinmoqda. Bu savobli ishlarga nafaqat butun dunyo hamjamiyati tan bermoqda, balki Oʻzbekistondagi bu xayrli ishlarni har bir koʻzi ojiz inson ham koʻrmoqda, har bir qulogʻi ogʻir odam ham eshitmoqda, har bir aqli zaif banda ham mohiyatini anglab, mazmunini tushunib, samaralarini sezib, toʻla-toʻkis his qilmoqda.

“Birni koʻrib shukr qil, birni koʻrib fikr qil” deganlariday yon-atroflarimizga qarab, baʼzi davlatlarda boʻlayotgan ahvollarga qarab fikr qilaylik! “Ey, Allohim! Yurtimga berilgan tinchlikka shukr!” deb, tinch uxlab, eson-omon uygʻonayotganimizga shukr qilaylik! Baʼzi davlatlarda insonlar oʻzini tinchligini-omonligini oʻylab, jon kuydirayotgan bir zamonda, bizni mamlakatimizda esa jahon andozalaridan ham ustun boʻlgan oʻquv dargohlari bizni bolalarimiz uchun barpo etilayotgan bir paytda, xalqaro meʼyorlaridan qolishmaydigan sport inshootlari biz uchun qurilayotgan bir paytda, bizda qoʻsha-qoʻsha imoratlar, qator-qator uylar, yangidan-yangi mashinalar, hashamatli toʻyxonalar, dabdabali toʻy-maʼrakalar, kelin-kuyovga xizmat qilayotgan chet ellarda faqat boylar minadigan avtomobillar, farzandlarimiz chet elma-chet el yurib, dunyoning turli chekkalarida obroʻli-nufuzli oʻquv dargohlarida oʻqib turgan, qoʻllarimizdagi dunyoda hozirgina chiqqan eng zamonaviy telefonlar kundan-kunga hayotimizni boyitib turgan bir paytda, Xudoi taolo sanoqligina davlatlar qatori bizning diyorimizga berayotgan moʻjizaviy paxta neʼmatini nest-nobut qilmay, terib olmasdan, oyoqosti qilib, uvol qilsak, noshukrlik va isrofgarchilik qilgan boʻlmaymizmi?

Noshukrlik va isrofgarchilik esa Xudoga xush kelmasligi har bir aqli raso odamga maʼlum!

Oʻzbekistonni magʻribdan mashriqqacha aylanib chiqsangiz ham, davlatimizni u chekkasidan bu chekkasigacha kezib chiqsangiz ham, mamlakatimizni barcha shahar-qishloqlarini koʻrib chiqsangiz ham bir narsaga guvoh boʻlasiz – har bir viloyat, har bir tuman, har bir shahar, har bir qishloq, har bir mahalla, har bir koʻchada yangilanish, chiroyli oʻzgarish, katta qurilishlar boʻlayotganini koʻrasiz! Bunday islohotlardan yurtimizni biror joyi ham chetda qolmagan!

Oq-qorani taniydigan, foyda-zararni biladigan, oʻng-chapni payqaydigan, ogʻir-yengilni his qiladigan, savob-gunohni ajrata oladigan, katta-kichikni farqiga yetib boradigan, past-balandni tushunadigan, yaxshi-yomonni mazmunini anglaydigan, uzoq-yaqinni mohiyatiga yetib boradigan har bir aql-zakovatli inson biladiki, Oʻzbekistonda boʻlayotgan bunday ulugʻvor ishlar oʻz-oʻzidan boʻlmaydi! Qisqa davr ichida asrlarga teng, savobi cheksiz-chegarasiz boʻladigan bunchalik darajadagi ulkan va buyuk ishlarni amalga oshirish uchun koʻp narsalar ichida moddiy taʼminot ham boʻlishi darkor.

Ushbu nihoyatda masʼuliyatli, mashaqqatli va sharafli, ogʻir va savobli, sermahsul va olijanob ish boʻlmish – xalqimizni rizqi, dasturxonimizni koʻrki, davlatimizni boyligi, yurtimizni xirmoni boʻlgan Alloh taoloning moʻjizaviy neʼmati boʻlgan “paxta”ni yigʻim-terimida jamiyatimizning barcha aʼzolari birgalikda, hammamiz ham bir tan-bir jon boʻlib, bir yoqadan bosh chiqarib harakat qilishimiz zarur. Zero “Koʻp biriksa, togʻ qular”, “Toʻpdan chiqsang xam, koʻpdan chiqma”, “Koʻpdan ayrilgan ozar, koʻpga qoʻshilgan oʻzar”, “Koʻpning haqi yetimning haqidan yomon”, “Koʻpchilik bir mushtdan ursa, oʻldirar, bir burdadan bersa, toʻydirar” deb dono xalqimiz bekordan-bekor, bejiz aytmagan.

Endi har birimiz oʻz-oʻzimizga: “Oʻzim yashab turgan yurtimni tinchligi uchun, ona-Vatanimni ravnaqi uchun, ajdodlarim yotgan muqaddas zaminim uchun, kindik qonim toʻkilgan diyorim uchun, aziz boʻlgan el-xalqim uchun, farzandim mendan ham baxtliroq boʻlishi uchun, bolamni kelajagi uchun men nima ish qildim?” – deb savol beraylik.

Dono xalqimiz oʻzining purhikmat maqollarida “Bekor oʻtirgandan bekor ishla!”, “Bekorchidan Xudo bezor!” deb aytishlarida ham juda koʻp maʼnolar bor. Zero, bu ulugʻ hikmatlar elning ellik ming elagidan oʻtkazilib, keyin muomalaga qoʻyilgan.

Iloho oʻzlarimizni ham, farzand-zurriyotlarimizni ham Mehribon Parvardigorimiz buyurgan, janob Paygʻambarimiz sallallohu alayhi va sallam tavsiya etgan, oʻtmishda oʻtganlarimizni ruhlari shod boʻladigan, xalqimiz xursand boʻladigan, ota-onalarimiz rozi boʻladigan yoʻllardan yurishimizni nasib etsin!

Muhtaram azizlar! Tinch boʻlib turgan yurtimizda musaffo osmonimiz ostida yashayotgan jannatmakon diyorimizni boyligi uchun, Xudoni oʻzgacha Ilohiy nazari tushgan muqaddas Vatanimizni ravnaqi va xalqimizni farovonligi uchun, turmushimizni obodligi va koʻpchilikni rizqi uchun, elimizni moʻl xirmoni va oilamiz dasturxonini koʻrki uchun oʻz hissamizni qoʻshaylik! Shu jannatmakon diyor – muqaddas zaminda yashayotgan har birimiz, Alloh taolo Oʻzbekistonga bergan barcha behisob va betakror, mislsiz va beqiyos neʼmatlaridan foydalanayotgan har bir odam bolasi oʻzini munosib hissasini qoʻshishi lozim ekanligini unutmaylik!

Ibrohimjon INOMOV,
Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi oʻrinbosari

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер