“Misdan yasalgan istehkom” yoxud Buxoroning mudofaa devorlari
Foto: Xalq so‘zi
Tarixingdir ming asrlar...
Qadimda shaharlarning mudofaa devorlari bilan oʻrab olinishi, tabiiyki, dushmandan himoyalanish, xavfsizlikni taʼminlash nuqtayi nazaridan muhim sanalgan. Shuningdek, ular qalʼa - qoʻrgʻonlarning qudratini namoyon etgan.
Buxoro vohasida bugungi kunda uchta mudofaa devorlari qoldigʻi saqlangan boʻlib, koʻpchilik ularni ajratishda aksariyat hollarda chalkashliklarga uchraydi. Birinchisi butun vohani oʻrab olgan Kampirak yoki Kampir devor boʻlib, uzunligi 330 kilometrni tashkil etadi. Ikkinchisining uzunligi 12 kilometr. U koʻhna kentning 555 gektarlik eski shahar qismini oʻrab turgan. Uchinchisi esa shahar ichidagi shahar nomi bilan mashhur Arki oliyning 800 metrga choʻzilgan devor qoldiqlaridir.
Qizilqum sahrolari orqali oʻtgan voha devori bugungi kungacha saqlanmagan, faqatgina Qiziltepa tumanida ayrim vayrona qismlarini koʻrish mumkin. Ikkinchisi nisbatan yaxshi saqlangan. Biroq uning ham atigi 10-15 foizi hozirda qad rostlab turibdi.

Buxoro shahar devori tarixiy taraqqiyot davrlari natijasida kengayib borgan. Akademik Abdulahad Muhammadjonovning maʼlumot berishicha, Buxoroda oʻtkazilgan arxeologik ekspeditsiya natijasida moddiy madaniyat izlari orasida 15,5 metr hamda 18,5 metr chuqurlikda kovlab ochilgan qadimgi ikki mudofaa devorlari qoldiqlari topilgan. Shundan birinchi mudofaa devori 2,5-3, ikkinchisi 2-2,5 metr balandlikda saqlangan. Mir Arab madrasasining yaqinida olib borilgan qazishmalar chogʻida 4,5 metr chuqurlikda shaharning qadimgi mudofaa devorlari qoldiqlari qayd etilgan. Devor paxsa hamda xom gʻishtdan boʻlib, 5-6 metr balandlikda saqlangan. Ushbu mudofaa inshooti V-VI asrlarda qad koʻtargan. U bir necha bor taʼmirlanib, qayta-qayta tiklangani isbotlangan. Shu sababdan ilk oʻrta asrlarga kelib uning kengligi 17 metrgacha yetgan.
Buxoro devori koʻplab hukmdorlar tomonidan qayta qurilib, taʼmirlangan. Xususan, Ahmad ibn Xolid, Masʼud Qilich Tamgʻochxon, Xorazmshoh Muhammad ibn Sulton Takash davrlarida devor yangidan qurilib, taʼmir etilgan. Ammo Somoniylar hukmdori Ismoil Somoniy “To tirik ekanman, Buxoro viloyatining devori men boʻlaman”, deb, bu sermashaqqat yumushdan elni xalos qilgan. Muhammad Narshaxiyning yozib qoldirishicha, u bu vazifani toʻla ado etgan, dushmanlarning Buxoro ustidan zafar quchishlariga yoʻl qoʻymagan.
Oʻrta asrlarda Buxoro shahrining mudofaa devorlari mustahkam qurilganligi tufayli “Misdan quyulgan shahar”, “Misdan yasalgan istehkom”, “Mis shahar” maʼnolarini anglatuvchi «Madinat us-sufriya» atamasi berilgan. Bundan tashqari shaharning “qalʼa”, “qoʻrgʻon” maʼnolarini bildiruvchi «Numijkat», «Bumiskat» nomlari ham uning mustahkam shahar boʻlganiga ishoradir.
Shahar devori XVI asrda kengaytirilganidan soʻng oʻzgartirilmagan. Faqat taʼmirlab turilgan, xolos. Loy suvoqli paxsa devorning oʻrtacha balandligi 5-10 metr atrofida boʻlib, qalinligi poydevorida 5-6 metrni, yuqori qismida 1,5-2 metrni tashkil etgan. Har 100 metr masofada yarim aylana shaklida jami 116 ta burj hosil qilingan boʻlib, bu orqali mudofaa qudrati oshirilgan. Toj shaklidagi tishli dekor qismlaridan iborat devorning yuqori qismi “dandona” deb nomlangan. «Dagona» deb ataluvchi soqchilar yoʻlagi esa dumaloq mudofaa maydonlari va shinaklar bilan taʼminlangan. Devor boʻylab shaharning 11 darvozasi joylashgan boʻlib, shaharga kirish-chiqish nazorat qilingan va mustahkam qoʻriqlangan. Yarim aylana silindrsimon shakldagi qoʻsh minorali darvozalar shom namozidan keyin yopilib, bomdod namozidan soʻng ochilgan. Devor atrofi boʻylab shaharni qoʻriqlash xizmati faoliyat koʻrsatgan. Har bir darvozani oʻnga yaqin sarboz va ularning rahbari oʻnboshi boshqargan. Tunda 8-10 soat davomida darvozalar xavfsizligi toʻliq taʼminlangan. Darvozalar qulflangach, kalitlarni shahar qoʻriqlash xizmati mirshabxonaga joʻnatgan. Soʻngra shogirdpeshalar orqali «Mirigʻazab» deb ataluvchi bosh mahkamaga yuborilgan. Har ertalab soat 6-7 atrofida darvozalar ochilib, soqchilarning navbatchilik xizmati almashib turgan. Ana shunday muhim tarixiy ahamiyatga ega darvozalarning hammasi 1940-yilgacha saqlangan boʻlib, keyinchalik turli bahonalar bilan birin-ketib buzib tashlangan. Hozir faqat Talipoch va Qorakoʻl darvozalari asl holicha saqlanib qolgan.
Mudofaa devori buxoroliklarning yashash hududi etimologiyasi shakllanishi, xususan, shahar ichkarisi yoki tashqarisida istiqomat qilishini belgilashda muhim oʻrin tutgan. Joʻybori darun va Joʻybori berun, Dilkushoyi darun va Dilkushoyi berun hududlari bunga misol boʻla oladi. Buxoroliklar shahar devorini “qalʼa” deb ham atashganini maʼlum. Shu sabab kunji qalʼa (qalʼaning burchagi), nugi qalʼa (qalʼaning uchi), miyoni qalʼa (qalʼaning oʻrtasi), tagi qalʼa (qalʼaning oldi) kabi shaharning topografik joy nomlari sekin-asta shakllangan va hozirgacha ham ishlatilib kelinadi.
Bugun Buxoro ochiq osmon ostidagi muzey shahar sifatida qadrlanadi. Aslida bunday sharaf ming yillik obidalarni mustahkam devor ila oʻrab olgan qadim qalʼaga nisbatan aytilgan. Aslida shahar devor bilan birga yaxlit kompozitsiyani tashkil etadi. Sayyohlar ham ayni shunday oʻrta asrlar tipini saqlab qolgan qadimiy shahar tomoshasiga oshiqadilar. Shunday ekan, biz ham tarixda mustahkamligi sabab mis va bronzaga qiyoslangan, hozirda esa oltinga barobar koʻhna kent devorini koʻz qorachigʻidek asrashimiz, saqlab qolishimiz darkor. Toki, kun kelib bir kun “Attang”, deb qolmaylik.
Zero, devorlar shaharning oʻtmish tarixi, umumiy hududi, uning topografiyasi, toponimi, ijtimoiy-iqtisodiy hayoti, harbiy salohiyati, etnolokal maʼlumotlarni bilishda muhim ahamiyatga ega. Binobarin, sayyohlik yoʻnalishiga mudofaa inshootlari tomoshasini ham kiritish maqsadga muvofiqdir.
Shavkat BOBOJONOV,
Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi
Tarix instituti tayanch doktoranti.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring