Mirzo Ulugʻbek tumanida oʻsimlik dunyosiga 67,5 million soʻmdan ziyod miqdorda moddiy zarar yetkazilganligi aniqlangan 

18:39 04 Mart 2020 Siyosat
1470 0

Oliy Majlis Senatining Agrar, suv xoʻjaligi masalalari va ekologiya qoʻmitasi shu kunlarda oʻz faoliyatida asosiy eʼtiborni murojaatlar bilan ishlash, jumladan sayyor uchrashuvlar oʻtkazishga qaratmoqda. Bu borada, Qoʻmita raisi Bahodir Tojiyev boshchiligida ishchi guruhi tashkil etilib, ekologiya masalalari boʻyicha kelib tushgan bir qator arizalar joyiga chiqib oʻrganildi. Bu haqda yuqori palata axborot xizmati xabar berdi.
 

Mirzo Ulugʻbek tumani, “Elobod” mahalla fuqarolar yigʻini hududidagi Buyuk Ipak yoʻli koʻchasida 2020-yil yanvar oyida bir qator fuqarolar tomonidan obodonlashtirish ishlari olib borish vaqtida daraxtlar noqonuniy ravishda kesilganligi aniqlandi. Bu bilan Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻsimlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish toʻgʻrisida»gi Qonuni 37–moddasi qoʻpol ravishda buzilgan.

Albatta, bunday huquqbuzarlik jazosiz qolmadi. Noqonuniy xatti-harakatlarni sodir etgan fuqarolarga joyida bayonnoma rasmiylashtirilib, ular Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy Javobgarlik toʻgʻrisidagi Kodeksning 79-moddasiga asosan jami 14718000 soʻm miqdorda jarimaga tortilgan, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 17-yanvardagi qaroriga muvofiq oʻsimlik dunyosiga 67512750 soʻm miqdorda moddiy zarar yetkazilganligi aniqlangan.
 

Oʻsimlik dunyosiga yetkazilgan zarar oʻrnini qoplash maqsadida ushbu hudud boʻylab 500 dona qaragʻay daraxtini ekish ishlari tashkil etildi.

Shunga oʻxshash yana bir holat - fuqaro Ibrohim Hoshimov arizasiga koʻra, Yunusobod tumani, Chinobod koʻchasida joylashgan qurilish maydoni oʻrganildi.

Aniqlanishicha, davlat oʻrmon fondiga kirmaydigan daraxt va butalarni kesishga ruxsatnoma olish maqsadida “EVRO HOUSE” MCHJ tomonidan 2019-yil 12-noyabrda Davlat xizmatlari markaziga ariza bilan murojaat etilgan. Uning yuzasidan Toshkent shahar Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi davlat inspektori masalani joyiga chiqib oʻrgangan va tegishli dalolatnoma rasmiylashtirilgan hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 30-oktyabrdagi Farmoniga asosan jami 20 dona mevali va manzarali daraxtlarning kesilishiga rad javobi berilgan.
 

Senatining Agrar, suv xoʻjaligi masalalari va ekologiya qoʻmitasi ishchi guruhi tomonidan bu yerda yetti qavatli turar joy majmuasi qurilayotganligi va qonun buzilish holatlari yoʻqligi hamda daraxtlar kesilmaganligi aniqlandi.
 

Ishchi guruh oʻz faoliyatini davom ettirmoqda.

 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер