Mirzo Ulugʻbek izidan, zabardast olim, jonkuyar ustoz va meʼmor

18:38 04 Noyabr 2024 Jamiyat
603 0

Mirzo Ulugʻbek nomidagi Samarqand davlat arxitektura-qurilish universitetining “universitet” maqomi berilganining 2 yilligiga bagʻishlanadi.

Ajdodlar izidan borish oʻzbek xalqining azaliy anʼanalaridan hisoblanadi. Oʻtmishda bilim va tajribalar ustoz-shogird tizimi asosida ustozlardan shogirdlarga oʻtib kelib, yillar davomida ushbu bilim va tajribalar boyitilgan, kengaytirilgan va sayqallangan. Sobiq shoʻrolar davrida milliy meʼmorchilikning nazardan tushganligi, shaharlarni rivojlantirishda Yevropa klassik anʼanalarining qoʻllanilganligi, undan keyingi davrlarda internatsional uslubining rivojlantirilganligi, milliy shaharsozlik va meʼmoriy anʼanalarimizning yoʻqolib ketganligini kuzatamiz. Ushbu anʼanalarning bilimdoni ustoz-meʼmor, arxitektura doktori, professor Axmedov Muhammad Qosimovich meʼmorchilik sohasining koʻplab yoʻnalishlarida yoʻqolgan va esdan chiqarilgan anʼanalar va usullarni qayta tiklashda jonbozlik koʻrsatgan va uni shogirdlarga mantiqan toʻgʻri talqin qilishda oʻz bilimlarini ayamagan ustoz hisoblanadilar. Ustozning ayniqsa Oʻrta Osiyo shaharsozligida ansamblsozlik anʼanalarining kelib chiqishi va rivojlanishi yoʻnalishida keng ilmiy izlanishlar olib borib, katta meʼmoriy maktab yaratganlar. Tarixiy obidalarning qurilish sirlarini chuqur bilgan ustoz, nafaqat binolarning, balki ularni majmua tarzida oʻzaro uygʻunlashgan holda, tarixiy shaharlar qiyofani shakllanishida alohida oʻrnini teran anglab, uning sirlarini shogirdlariga atroflicha yetkazishga harakat qilganlar. Ustoz nafaqat meʼmoriy obidalarni tarixi bilan balkim zamonaviy shaharsozlik va meʼmorchilikni ushbu obidalar bilan uygʻunlashtirish masalalari bilan ham shugʻullangan. Majmualarning tuzilishi va ularning atrof muhit va oʻzaro ansambl tashkil etishi, shu bilan birga izlanishlar natijalarini ishlab chiqarishga, yaʼni real loyihalarga tatbiq etgan olimlardan hisoblanadi. Bugungi kunda ustozga talabalik davrlardan shogird tushib, u kishining ishlarini davom etib kelayotgan oʻnlab shogirdlar qatorida maqola mualliflari ham oʻz bilim va tajribalarini oʻz shogirdlariga berib kelmoqdalar.

M.Q. Axmedovning ilk yirik ishlaridan bu Qoʻshrabot tuman bosh tarhi va tuman markazini loyihasi edi. 1978-yil Samarqand viloyati ijroiya qoʻmitasining farmoni va qarori hamda SamDAQI rektorining buyrugʻiga asosan Samarqand viloyat Qoʻshrabot tuman markazini loyihalash boʻyicha tuman markazini bosh tarhini ustoz rahbarligida bajardik va keyinchalik ushbu loyiha 1979-yilda tasdiqlandi. Tuman markazini loyihalashda oʻziga xos milliy anʼanalar, iqlimiy va milliy urf-odat, xalq meʼmorchiligi uslublari qoʻllanilgan. Loyiha asosida Qoʻshrabodda joylashgan soy va koʻl atrofi yuqori darajada obodonlashtirilgan boʻlib, bogʻ-park tizimi yaratilgan. Loyihadagi markaziy qism batafsil rejalashtirilgan boʻlib, hozirgi zamonda binolar xalq xizmatiga faoliyat koʻrsatmoqda. (1,2-rasmlar)

1-rasm. Qoʻshrabot tuman markazi bosh tarhi.
2-rasm. Qoʻshrabot tuman markaziy qismi bosh tarhi.

1995-yilda Samarqand shahrining Registon maydonida “Mirzo Ulugʻbek markazi” xalqaro loyiha tanloviga ustoz boshchiligidagi loyihamiz bilan qatnashib, jyuri eʼtiboriga sazovor boʻlib, ushbu loyiha matbuotda eʼlon qilingan edi. Tanlov tashkilotchisi paygʻambarimiz Muhammad (s.a.v.)ning 37 – avlodi boʻlmish Ogʻa-xonning jamgʻarmasi edi. Loyihaning oʻziga xosligi va diqqatga sazovor jihatlari shundaki, bino va inshootlar Oʻrta Osiyo milliy meʼmorchiligiga xos boʻlgan ansambl va kompleks yoʻnalishida ishlab chiqilgan.

3-rasm. “Mirzo Ulugʻbek markazi” loyihasining maketi

Mazkur loyihada Amir Temur bobomizning arki “Tepa qoʻrgʻon” qisman qayta qurilishi hamda Amir Temur taxti yuksak namuna sifatida jimjimador oltin zarhal bilan ishlanishi koʻzga tutilgan edi. Registon koʻchasi yer ostiga olinib, Amir Temur maqbarasidan boshlab, Registon, Bibi Xonim va Respublikamiz birinchi Prezidenti qoʻnim topgan joylar, Shohi Zinda majmuasigacha piyoda sayr qiladigan xiyobonlar ot-arava, “izvosh”, kichik elektromobil va karveyerlar bilan jihozlanib, loyihalangan. Bu yerdagi chashmalar qayta qurilib, suv havzasi tashkil qilinib, hududga miqroiqlim yaratish choralari koʻrilgan. Loyihadagi yana bir diqqatga sazovor joyi shundaki ustozning ustozlari M. S. Bulatov yaratgan Ulugʻbek observatoriyasining grafik qayta tiklangan loyihasi muzey sifatida joylashtirilgan boʻlib, bu ustozning oʻz ustoziga boʻlgan hurmat va ehtiromini bildiradi va ustoz-shogird anʼanalarining qayta tiklanganligining namunasi hisoblanadi.

1993-yilda “Oxford center for Islamic studies” — Islomni oʻrganish markazi (Buyuk Britaniya, London) Imom al-Buxoriy meʼmoriy majmua markazini loyihalash boʻyicha beshta davlat yetakchi meʼmorlariga buyurtma-tanlov eʼlon qildi va ulardan biri M.Q. Axmedov edilar. Imom al-Buxoriy markazi loyihasi ustozning doktorlik dissertatsiyalarini ishlab chiqarishga bevosita tatbiq etish loyihasi edi. Ushbu loyihada meʼmoriy ansamblsozlik yoʻnalishi toʻliq tatbiq etilgan boʻlib, Madina shahridagi Masjidi Nabaviyaning baʼzi elementlari qoʻllanilgan (masalan, yer-osti transport urbanizatsiyasi). Keyinchalik bu loyiha Oʻzbekiston Respublikasi birinchi Prezidenti Islom Karimov nazariga tushib, shu loyihalar asosida qurilishni amalga oshirish kerakligi koʻzda tutilgan edi. Afsuski, baʼzi bir amaldorlarning ishlari tufayli variant oʻzgartirilib qurildi. Agar oʻsha loyiha qurilganda, bugungi kunda hamma binolarni yiqitib, qayta qurilmagan boʻlarmidi. (4,5-rasmlar)

4-rasm. Imom al-Buxoriy majmuasi loyihasi
5-rasm. Imom al-Buxoriy majmuasi loyihasining maketi

Samarqand shahrida joylashgan “Chokar Diza” qabristoni motrudiya tariqatining asoschisi Imom Abu Mansur al-Moturudiy qoʻnim topgan joy hisoblanadi. Ushbu maskanni topib, memorial majmua qurish topshirigʻi berilgan edi. Bu masalada koʻp tadqiqotlar olib borildi va Imom al-Moturudiyning qabrlarining joyi aniqlanib, “Ajdodlar memoriali” barpo etildi. Bu loyihada milliy meʼmorchiligimizning ansamblsozlik anʼanalari qoʻllanildi va keyinchalik Imom al-Moturudiyga bagʻishlab faqatgina maqbara qurildi. Ustoz bu loyihaga “Ajdodlar memoriali” deb nom qoʻydilar, chunki bu koʻhna Samarqandda Imom al-Moturudiydan boshqa qanchadan-qancha pirlar, ustodlar faoliyat koʻrsatib shu qabristonda qoʻnim topgan. (6,7-rasmlar)

6-rasm. Imom al-Moturudiyga bagʻishlangan “Ajdodlar memoriali” loyihasi maketi
7-rasm. Imom al-Moturudiyga bagʻishlangan “Ajdodlar memoriali” loyihasi

2007-yilda Yevropa andozalariga mos Universitet 3.0 talablariga asosan Qozogʻistonlik tadbirkor buyurtmasi bilan Qozogʻiston Respublikasi Aktau shahrida tadbirkorlik universiteti majmuasi 25 Ga joyda ustoz rahbarligida ishlab chiqildi. Loyihalash jarayonida ijodkorlar oldiga qoʻyilgan ajratilgan hudud muhitini shaharsozlikdagi sotsial, iqlimiy ekologik va hajmiy-fazoviy yechimlar toʻlaligicha ilmiy asoslangan holda yechilgan boʻlib, bino va inshootlar uygʻunlik va mutanosiblik jihatdan ansambl turkumida, hudud maksimal obodonlashtirilgan, mikroiqlim yaratish uchun oʻrtada suv havzasi va koʻkalamzor maydonlari umumiy maydonning 50% ni tashkil etib, ekologik muammo yechilgan (8-rasm).

8-rasm. Aktau shahridagi universitet majmuasi loyihasi.

2017-yilda Oʻzbekiston Respublikasi birinchi Prezidenti I.A. Karimovga bagʻishlab, Toshkent, Samarqand va Qarshi shaharlarida haykal majmuasi yaratish boʻyicha tanlov eʼlon qilindi. Bu tanlovda ustozning qimmatli maslahatlarini olib, Samarqand shahri Registon maydonida ansamblga mos kompleks yaratildi. Loyihaning asosiy gʻoyasi Islom Karimovning Oʻzbekistonni rivojlantirishning besh tamoyillari yaʼni “Oʻzbek modeli” aks ettirilgan monument yaratish boʻlib (9-rasm.), kompozitsiya markazida Islom Karimovning jadal oldinga harakatlanib kelayotgan haykali va orqasida Oʻzbekistonning mustabid davridan hozirgi zamongacha boʻlgan davrlar aks etgan muzey majmuasi, hajmiy-fazoviy koʻrinishidagi arkalar orqali aks ettirilgan. Arkalarning bosqichma-bosqich yarim aylana shakldan milliy arkalarga shaklini oʻzgartirilgani — milliy anʼanalarimizning qayta tiklanishi va milliy oʻzligimizning qayta tiklanganligining timsoli hisoblanadi. Loyiha oʻrin olmagan boʻlsa ham, mutaxassislar eʼtirofiga sazovor boʻlib, ommaviy axborot vositalariga talqin qilindi.

9-rasm. Oʻzbekiston Respublikasi birinchi Prezidenti I.A. Karimovga bagʻishlangan haykal majmuasi tanloviga bajarilgan maket.

9-mart 2023-yil Oʻzbekiston 24 telekanalining maxsus reportajida Amir Temur va temuriylar maʼnaviyati va maʼrifati koʻrsatuvida SamDAQU professori A.S. Uralov rahbarliklarida bajarilayotgan ilmiy ishlar talqin qilinib, u davrdagi meʼmorchilikda turkum binolar, meʼmoriy guldasta, yaʼni ansamblsozlik anʼanalari rivojlanganligi eʼtirof etildi. Bu esa ustoz M.Q.Axmedovning ilmiy yoʻnalishlarining davom etayotganligidan dalolat berib, biz shogirdlar u kishining yetolmagan choʻqqilariga erishamiz. Bundan tashqari ustoz taʼlim bergan qanchadan-qancha shogirdlari butun dunyo boʻylab ijod qilib zamonaviy innovatsion bino va inshootlarni barpo etib xalqlar olqishiga sazovor boʻlib kelmoqdalar. Bunga misol qilib hozirgi paytda universitet qoshida ustoz-shogird anʼanalariga muvofiq dual taʼlim tizimi joriy etilib, salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda. Universitet dotsenti S.B. Manoyev rahbarligida talabalar bilan “Navbogʻchiyon” mahalla markazi 2023-yilda qurilib ishga tushirilgan. (10-rasm).

10-rasm. Navbogʻchiyon mahalla majmuasi umumiy koʻrinishi.

Universitetning “Arxitektura” kafedrasi qoshida “Shaharsozlik” ilmiy-tadqiqot markazida dotsent v.b. Rauf Zoirov va Saida Najmiyeva rahbarligida talabalar xalqaro tanlovlarga oʻz ijodiy ishlari bilan qatnashib, yuqori oʻrinlarga sazovor boʻlmoqdalar. (11-rasm)

11-rasm. Samarqand shahridagi xalqaro avtovokzal loyihasi. Talaba: Avazbek Jamolov, rahbarlar: Rauf Zoirov va Saida Najmiyeva

Katta oʻqituvchi Xamza Abdiyev rahbarligidagi talabalar jamoasi bino va inshootlar maketini yasash bilan shugʻullanib, shahar va viloyatda oʻz oʻrinlariga ega. (12-rasm)

12-rasm. Xamza Abdiyev rahbarligidagi maket ustaxonasi va namunalar

Mirzo Ulugʻbek nomidagi Samarqand davlat arxitektura-qurilish universiteti 1966-yilda tashkil etilganidan beri Markaziy Osiyoda yagona oliygoh sifatida butun Sovet ittifoqidan mutaxassislar jalb etilgan va butun ittifoq shaharlaridan talabalar tahsil olishgan. Hozirda universitet oʻzining yangicha zamonaviy taʼlim yoʻnalishlarini oʻquv jarayoniga tatbiq etib, yagona oliygoh sifatida zamonaviy fanlar, yashil arxitektura, shaharsozlikda renovatsiya, BIM texnologiyalari va boshqa zamonaviy fanlar boʻyicha kredit-modul tizimi asosida darslar oʻzbek, rus va ingliz tillarida, chet el mutaxassislarini jalb qilgan holda yuqori darajada olib borilmoqda. Oʻquv jarayonida ustoz-shogird anʼanalari milliy meʼmorchilikda shakllangan anʼanalarni uzviy davom ettirilgan holda zamonaviy meʼmoriy majmualar loyihalari yaratilmoqda. Kelajakda taʼlim tizimini Markaziy Osiyo hamda jahon mamlakatlariga integratsiya qilinishini va universitet reytingini yuksaltirish maqsadida boshqa tillarda ham dars jarayonlarini tashkil etish ishlari olib borilmoqda.

Baxron Manoyev,

SamDAQU dotsenti v.b.

Said Manoyev,

SamDAQU doktoranti, dotsent, (Phd)

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер