«Mintaqadagi yil voqeasi» 

10:56 12 Mart 2018 Siyosat
1859 0

Xorij matbuoti O’zbekiston Prezidentining Tojikistonga davlat tashrifini ana shunday baholamoqda. O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning Tojikiston Respublikasiga davlat tashrifi chet el ommaviy axborot vositalarida keng muhokama qilinayotgan mavzulardan biriga aylandi.
Matbuotda chop etilgan maqolalar va bildirilgan fikr-mulohazalarni tahlil qilar ekanmiz, mazkur tashrif mintaqamizda “yil voqeasi” maqomini olishiga ishonchimiz ortadi. Xususan, Rossiyaning “Mir 24” telekanali katta hajmdagi reportaj tayyorladi. Unda, jumladan, shunday deyiladi:
“Ushbu tashrif tarixiy maqomga ega bo’ldi. Aeroportda Tojikiston Prezidenti o’zbekistonlik hamkasbini shaxsan kutib oldi. Avtomobillar korteji yurgan yo’lda esa, maydalab yog’ayotgan yomg’irga qaramay, odamlar bir necha kilometrga cho’zilgan safga tizilgan edi. Qo’llarida gullar va bayroqlar bilan ular ikki davlat etakchilarini olqishladilar.
20 yil davomida to’planib kelgan masalalarni hal qilish uchun ikki xalqning qardoshligini chin dildan his qilish lozim. Bir necha soat davomida davlatlar rahbarlari deyarli barcha masala bo’yicha kelishuvlarga erishdilar”.
Xitoyning eng yirik nashri — “Jenmin jibao” gazetasida yozilishicha, o’zaro hurmat, ishonch hamda konstruktiv fikr almashinuv ruhida o’tgan muzokaralar O’zbekiston — Tojikiston hamkorligini sifat jihatidan yangi darajaga olib chiqadi.
“Shavkat Mirziyoevning davlat tashrifi arafasida Dushanbeda “Tojikiston — O’zbekiston” ishbilarmonlar kengashi tuzilib, tashrif doirasida uning birinchi yig’ilishi o’tkazildi. Mazkur tadbir savdo-iqtisodiy aloqalarni yanada rivojlantirish, talab yuqori bo’lgan sanoat mahsulotlarini o’zaro etkazib berish hajmini orttirish, ikki tomonlama savdo uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga xizmat qiladi”, deya qayd etadi xitoylik jurnalistlar.
Janubiy Koreyaning “Yonhap News” axborot agentligining bayon etishicha, Toshkent va Dushanbe o’zaro sheriklik aloqalarini izchil rivojlantirish hamda mustahkamlash bo’yicha qat’iy iroda va shijoat namoyon qilmoqda.
“Oliy darajadagi muloqotlarni kuchaytirish borasida muhim qadamlar qo’yildiki, bu kelgusida butun Markaziy Osiyoda tinchlik, osoyishtalik, xavfsizlik hamda barqaror taraqqiyotni ta’minlashga xizmat qiladi”.
Ozarbayjonda faoliyat yuritadigan “Trend” axborot agentligi tarqatgan maqolada respublikamiz rahbarining Tojikistonga davlat tashrifi doirasida tashkil etilgan “O’zbekistonda ishlab chiqarilgan” milliy mahsulotlar ko’rgazmasiga alohida e’tibor qaratiladi. “Ushbu biznes anjumanida namoyish qilingan engil, kimyo, oziq-ovqat sanoati, elektr texnikasi, avtomobilsozlik mahsulotlari, qurilish materiallari va hunarmandlik buyumlari ko’rgazmaga o’zbekistonlik hamkasbi bilan birgalikda tashrif buyurgan Tojikiston Prezidenti tomonidan yuqori baholandi”, deya xabar beradi ozarbayjonlik sharhlovchilar.
Qozog’istonning “Kazinform” axborot agentligi ta’kidlaganidek, Dushanbeda bo’lib o’tgan oliy darajadagi muzokaralar chog’ida jami 27 ta hujjat imzolanib, ular turli jabhalardagi aloqalarni mustahkamlashga qaratilgandir. Agentlik davlat rahbarlari imzolagan Do’stlik va yaxshi qo’shnilikni mustahkamlash to’g’risidagi Qo’shma bayonot, O’zbekiston — Tojikiston davlat chegarasining alohida uchastkalari to’g’risidagi shartnomani qalamga olib, ularni “Tarixiy ahamiyatga ega hujjatlar”, deya ta’riflaydi.
“Bugun ikki tomonlama munosabatlarning rivojlanishiga to’sqinlik qilishi mumkin bo’lgan deyarli hech qanday muammo qolmadi”. Qirg’izistonning Bishkek shahrida faoliyat yuritadigan Markaziy Osiyo yangiliklar xizmati — “CA-News” ana shunday fikr bildirdi. Axborot portali Shavkat Mirziyoev Tojikiston Prezidentiga o’zi uchun qulay paytda O’zbekistonga tashrif buyurishni taklif qilganini qayd etadi. “Taklif mamnuniyat bilan qabul qilindi”, deya yoziladi “CA-News” axborot portali xabarida.
Anvar MIRZAEV («Xalq so’zi»)
tayyorladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер