“Milliy tilni yoʻqotmak millatning ruhini yoʻqotmakdur”
Arxiv surat
21-fevral — Xalqaro ona tili kuni

1999-yili YUNESKOning Bosh anjumani tomonidan eʼlon qilingan Xalqaro ona tili kuni 2000-yil 21-fevralidan boshlab har yili muntazam nishonlab kelinmoqda. Ushbu sana dunyo xalqlarini lisoniy va madaniy taraqqiyot hamda koʻp tillilikni taʼminlashda birlashishga, jipslashishga undaydi.
Chunki globallashgan bugungi zamonda jahonda qanchadan-qancha millatlarning tili, madaniyati, qadriyatlari unutilib, hatto yoʻqolib ketmoqda. Bu esa oʻsha millatning tanazzuliga, boshqa xalqlarga singib ketishiga olib kelyapti. Jadid bobomiz Abdulla Avloniy yozganidek: “Har bir millatning dunyoda borligʻini koʻrsatadurgan oyinai hayoti til va adabiyotidur. Milliy tilni yoʻqotmak millatning ruhini yoʻqotmakdur”.
Haqiqatan ham, jadid maʼrifatparvarlarini oʻylantirgan muhim muammolardan biri til masalasi edi. Chunki millatning oʻzligi uning soʻzligidadir. Oʻz tiliga boʻlgan mehru muhabbat orqali oʻzga tillarni oʻrganish lozimligini eʼtirof etgan jadid bobolarimiz ona yurtning taraqqiyoti, dunyoga yuz tutishi uchun bu zarur ekanini anglab yetganlari aniq.
Mahmudxoʻja Behbudiy “Ikki emas, toʻrt til lozim” deb yozarkan, har bir xalqning maʼrifati va tadriji — rivojlanishi ona tili va oʻzga millat tillarni bilish bilan bogʻliqligini taʼkidlaydi.
Turk dunyosining buyuk maʼrifatparvar ijodkori Ismoilbek Gaspirali “Millatning ikki asosi bordur. Bu ularning tili va dinidur. Agar millat hayotidan shu ikkisidan biri sugʻurib olinsa, bu millat tanazzulga yuz tutur”, degani bejiz emas. U turkiy dunyoning kelajagi, taraqqiyoti haqida qaygʻurib, har bir millat oʻz ona tilini asrab-avaylashi, kelgusi avlodlarga bezavol yetkazishi zarurligini uqtiradi.
Jadid maʼrifatparvarlarining qaysi biri til masalasida fikr bildirmasin, avvalo, ularning qarashlari zamirida “Oʻz ona tilingni qadrla, yanada rivojlantir”, degan xitob yotadi.
Xususan, Isʼhoqxon toʻra Ibratning ushbu mulohazalari bugun ham oʻz ahamiyatini yoʻqotmagan: “Bizning yoshlar, albatta, boshqa tillarni bilish uchun saʼy-harakat qilsinlar, lekin avval oʻz ona tilini koʻzlariga toʻtiyo qilib, ehtirom koʻrsatsinlar. Zero, oʻz tiliga sadoqat — bu vataniy ishdir”.
Bu mulohazalardan shu narsa anglashiladiki, ona tilni bilish unda shunchaki gapirish degani emas, balki unda yashash, nafas olish degani. Chunki har bir tilning oʻziga xos safosi, havosi, boshqacha aytganda, xalq tabiati va tiynatiga xosu mos boʻlgan tagdor gaplari, qochirimlari, kosa tagida nim kosalari bor. Buni faqat his etish kerak. Buning uchun esa ona tilini sevish kerak.
Isʼhoqxon toʻra Ibratning yuqorida keltirganimiz “vataniy ish” iborasini “vataniy ishq” deya talqin qilish ham mumkin. Zero, vatanparvarlik ona tiliga hurmat-ehtiromdan boshlanadi.
Afsuski, yurtdoshlarimiz orasida tilga boʻlgan eʼtibor hanuz koʻngildagidek emas. Til himoyasi — el himoyasi, yurt gʻoyasi ekanini unutib qoʻyamiz baʼzida. Milliy lisonimizning jonkuyarlari uning oʻrni va rutbasi haqida gapirsa, millatchiga chiqaramiz, vaholanki, ular millatparvarlardir. Qani bobolarimiz shior qilgan “Tilda, fikrda, ishda birlik”, hamjihatlik, yakdillik?!
Jaholat bu zulmatdir, unga qarshi kurash mayogʻi esa maʼrifat. Maʼrifatning yarogʻi esa tildir. Demak, taʼlimning ham, muloqotning ham kaliti — til. Til bamisoli dudama xanjarga oʻxshaydi. Ikki tomonlama keskir pichoq. Uning bir tomonida adolat tursa, ikkinchi tomonida, adovat bor. U tuzadi ham, buzadi ham. Obodlik va barbodlik, omonlik va yomonlik, olqish va qargʻish, bunyodkorlik va buzgʻunchilik til vositasida roʻy beradi. Kim undan qanday maqsadda foydalansa, shunga xizmat qilaveradi. Mamlakat taraqqiyoti, Vatan ravnaqi uchun xizmat qiladigan til, nutq, soʻz doim sharaflidir.
Abdulhamid Choʻlpon “Adabiyot nadir?» maqolasida “Adabiyot har bir millatning hisli koʻngul tarixining eng qorongʻu xonalarida maishat (tirikchilik)ning ketishiga qarab har xil tusda va rangda yetishgan, fayzli til birla taqdir etula olmaydirgʻon bir guldir”, deya taʼrif bera turib, “Adabiyot yashasa — millat yashar”, deydi. Shubhasizki, adabiyotning poydevori, tag zamini bu taʼsirchan til, sehrli nutqdir.
Choʻlpon badiiy adabiyotning taʼsirini, har bir insonning badiiy-estetik didini oʻstirishga xizmat qilishini teran idrok etib, shularni qayd etadi: “Har sinf, xalqning oʻziga maxsus ohangi, oʻziga taʼsir qiladurgʻon zori бўлур... baʼzi vaqtda falak bir odamni qaygʻuga solar, ul oʻzi tushunib, oʻylab turub, oh tortub yigʻlar. Bu hasratlarni oʻz ichiga sigʻdirolmas. Birovga aytsa, “Voy bechora” deyurmukin, deb oʻz qaygʻusini birovga aytmakka tilar. Toʻp-toʻgʻri aytganda u qadar taʼsir qilmas. Adabiyot ila aytganda albatta taʼsir qilar”.
Darhaqiqat, Choʻlpon jamiyatning ikki ustuni boʻlgan adabiyot va maʼnaviyatning teran tomiri ham taʼsirchan til hamda sohir nutq bilan chambarchas bogʻliqligini yaxshi his etgan.
“Endi, ey, qardoshlar! Adabiyot oʻquyluk. Adiblar yetishdirayluk, “adabiyot kechalari” yasayluk. Ruh, his-tuygʻu, fikr, ong va oʻy olayluk, bilayluk”, deya zorlanadi u.
Mana, jaholatga qarshi maʼrifat daʼvati, jamiyatning joni va ruhi boʻlgan tilga, soʻz sanʼatiga eʼtibor. Davlatimiz rahbarining maʼnaviyatga bergan ilk taʼrifini bir eslang: “Maʼnaviyat eng taʼsirchan, qudratli qurolimiz”.
Jadidlar gʻoyalari Prezidentimiz qayd etganidek, yangi Oʻzbekiston strategiyasi bilan hamohang ekanini til masalasiga munosabatda ham teran anglash mumkin.
Yurtimizda keyingi yillarda davlat tilini asrab-avaylash maqsadida qonun, bir nechta qaror va farmonlar qabul qilindi. Qonun bilan 21-oktyabr mamlakatimizda “Oʻzbek tili bayrami kuni” etib belgilandi. Boshqa millatlarning oʻz ona tilini oʻrganishi, boyitishi, ushbu zabonda taʼlim olishi uchun barcha shart-sharoit yaratilmoqda.
Binobarin, adabiyotning poydevori, maʼnaviyat va maʼrifatning mezoni, targʻibot va tashviqotning quroli bu tildir. Ona tilimizga boʻlgan ehtirom va sadoqatni ona Vatanga ehtirom va sadoqat deb bilishimiz, shunday qarashni hayotimiz qoidasiga aylantirishimiz lozimligini aslo unutmaslik kerak.
Rahimboy JUMANIYOZOV,
professor, “Notiqlik sanʼati akademiyasi” NTM rahbari.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring