Milliy odat milliy inqirozga yetaklamoqdami?

15:41 25 May 2018 Jamiyat
3650 0

Bugungi kunda milliy marosimlarimiz haqida juda ko‘p gapirilmoqda. Televizorda ham, gazeta-jurnallarda ham, internet saytlarida ham shu mavzu keng yoritilyapti. Hattoki ijtimoiy tarmoqlarni «varaqlasangiz» ham, albatta, to‘ylar mavzusiga duch kelishingiz aniq. Bu — bejiz emas. Chunki ushbu masala shu darajada chigal va chuqurlashib ketganki, uni bir yoki ikki kunda hal qilib bo‘lmaydi. Prezident qo‘yayotgan vazifani amalda ado etish uchun butun xalq birlashishi, hammaning gapi bir joydan chiqishi kerak.
Keyingi yillarda to‘ylarimizda ortiqcha manmanlik, dabdababozlik, sarf-xarajatlar va isrofgarchiliklarga yo‘l qo‘yilib, kim o‘zarga to‘y qilish holatlarini hech kim inkor etmaydi. Bugun pul jamg‘arayotgan, uyini ta’mirlayotgan odamni ko‘rsangiz, aksariyati albatta to‘yga tayyorgarlik ko‘rayotgan bo‘ladi (bu — hamma narsani to‘yga taqash afsuski, o‘ziga xos an’anaga aylanib qoldi). To‘y qilish odamlarning fikru hayoli, hayoti mazmuniga aylandi. Odamlar qurbi yetsa-yetmasa qo‘shnisinikidan o‘tkazibroq, serdabdabaroq to‘y qilishga odatlandi. Qarindoshining to‘yiga uchta artist kelsa, to‘rttasini chaqiradigan, kelin olib kelishga beshta moshina yuborgan bo‘lsa, yigirmatasini qalashtirishni o‘rgandik. Milliy kasallikka aylanayozgan bu illat xalqimizni qashshoqlik tomon yetaklayotganini hammamiz ko‘rib, bilib, jim turdik. Oqibat shu bo‘ldiki, masalaning yechimi davlat rahbarigacha, senat va hukumat qarorigacha yetdi.

Shu o‘rinda jadid ma’rifatparvari Hoji Muin 1919 yilda “To‘y va aza marosimi haqinda” nomli maqolasida bildirgan fikrlarga quloq tuting. “...ilmsizligimiz sababli turli marosim va odatlar yuki ostinda ezilib, muning uchun axloqiy va moliy jihatadn g‘oyat ko‘b zararlar ko‘rmakda bo‘lg‘on bir millatimiz. Bizning xalq “mol va jon ketsa ketsun, obro‘i ketmasun”, xatna yoki nikoh va yo aza marosimini o‘rnug‘a keturmak uchun qo‘llaridan bor narsalarini 1-2 kunda barbod etadilar, qarzdor bo‘ladilar. Qarzlarini ado eta olmag‘ach, oxiri, “molni odam topar, odamni mol topmas”, deb o‘z bog‘ va hovililarini sotib, qarzlarig‘a berarlar”. Oradan salkam 100 yil o‘tsa hamki, hamon o‘sha-o‘shamiz.

Ayrim yoshlar arzon havas ortidan oilasini moliyaviy qiyinchiliklar girdobiga tushirib qo‘yayotgani haqida bot-bot eshitib qolamiz. Shunday pallalarda beixtiyor ko‘nglimizdan ular tarbiyani qayerdan olyapti, nahotki ota-bobolarimiz bizga bergan tarbiyani ularga yetkaza olmadik, degan o‘y kechadi. Nahotki globallashuv asri necha ming yillik qadriyatlarimizni bir chetga uloqtirsa? Yoshlarimizning tafakkuri turli ta’sirlarga qarshi ojiz qoldimi? Yoki biz zamon bilan hamqadam bo‘la olmadikmi?
Bugun yoshlar orasida muqaddas sanalgan oilaga ana shunday molu dunyo hirsi bilan asos solinmoqda. Buning oqibatini esa ko‘rib turibmiz — har 100 juftlikning salkam yarmiga darz ketyapti. Yigitlar mas’uliyatdan qochyapti, qizlar esa majburiyatdan.

Hattoki ayrim qizlarimiz sepu-sarpo, bir kunlik dabdabali to‘y vajini ta’lim olishdan ustun qo‘yishmoqda. Emishki, oliy o‘quv yurtiga kirib ta’lim olguncha o‘sha pulga hamshamdor sarpo-suruq bilan turmushga chiqishni afzal qo‘rishmoqda. Xo‘sh, o‘zi xohlagandek, turmushga ham chiqdi, qo‘sha-qo‘sha farzandli ham bo‘ldi. Ammo ko‘ziga termulib turgan bu farzandlarni na to‘la-to‘kis moddiy jihatdan ta’minlay olishadi, na ma’nan to‘liq ta’minlashga oilani kuchi yetmaydi. Chunki bunday moddiy manfaat asosda qurilgan oilada farzand kelajagi muhim sanalmaydi-da. Orada farzandlar kemtik tarbiya bilan katta bo‘ladi. Fuqaroni kemtikligi jamiyatning ham kemtikligidir. 

Odamlar bir-biridan o‘taman deb, yillar davomida ter to‘kib to‘plagan pullarini isrof qilishning yangi va yangi yo‘llarini kashf qilishdi. Qaysi viloyatga nazar solmang, to‘ydagi isrofning o‘ziga xos turini ko‘rasiz. Mumin-musulmon inson pulini sarflashdan oldin “Qayerga sarflayapman, ishlatgan joyim dunyo va oxiratda menga foyda keltiradimi?” deb o‘ylashi kerak. Zero, muqaddas dinimizda ham isrof qattiq qoralanadi. Ba’zida “Yaqindagina to‘yni judayam chiroyli, hashamatli o‘tkazgan edi. Endi qara, afsuski, kelinning javobini berib yuborishibdi”, deb qolishadi. Boylik yoki dabdabali o‘tkazilgan to‘y oila mustahkamligini ta’minlamaydi. Ikki yosh o‘rtasiga mehr-muhabbat rishtasini ham solmaydi. Aksincha dabdaba ortidan bo‘yindagi qarzlar ikki yoshni go‘zal boshlashi kerak bo‘lgan hayotiga raxna soladi. Ular yangi hayotga tinch-xotirjam emas, bo‘yinlariga qarz notinchlik bilan kirib boradilar. Qarbsizki, notinchlik mehr o‘rniga nafrat uyg‘otadi, qanchadan-qancha illatlarni olib keladi.

Prezidentimiz tomonidan ilgari surilayotgan g‘oya — to‘ylarni ixchamlashtirish masalasi ko‘p jihatdan ana shunday muammolarga o‘ziga xos yechim bo‘ladi. “To‘y eng ko‘pi 150 kishiga, osh 200 kishiga bo‘ladi. Men o‘zim yuragimdan bilgan holda shuni aytyapman. Ikkinchidan, to‘y qilishning me’yorini ham yozib beramiz”, deya ta’kidlagan davlat rahbarining eng asosiy maqsadi — xalqimiz farovonligini ta’minlashdir. 

Nazarimimizda, ixcham va zamonaviy, milliyligimizga xos to‘ylarni ishlab chiqish zarurati mavjud. Bu borada juda ko‘plab takliflar bildirilyapti. Masalan, ikki yoshni FHDYo xodimi nikohlarini qayd etgach, mehmonlar ko‘ngli va qo‘njidagi sovg‘asini kelin-kuyovga topshirsin. Bazmda ham birgina xonanda yetarli (buni qarorga alohida kiritishsa, yaxshi bo‘lardi). Dasturxon ham imkon qadar ixcham, kerak bo‘lsa, «shvedcha stol» ko‘rinishida bo‘lishi mumkin. Xoxlagan odam o‘zi uchun keraklisini olib, iste’mol qiladi. Bunday dasturxon katta xarajatni ham talab qilmaydi. Mana shunday tartibda o‘tgan to‘ydan ikki yosh qarzdor emas, tinch xotirjam kerak bo‘lsa o‘zlariga yarasha mulk bilan oila qo‘rg‘oniga qadam qo‘yishadi. 

Bugun mamlaktimiz rivojlanib borarkan yangicha qarashlarni shakllantirish kerak. Rivojlangan davlatlarda joriy qilingan tizimlarni xalq manfatiga mos jihatlarini hayotimizga tadbiq etish lozim. Ana shunday tizimlardan bir to‘y va marosimlarni o‘tkazish firmalarni joriy qilish. Hozir ham bor ba’zi to‘ylarni tashkil qiluvchi firmalar ular faqat xorijda ham keraksiz hisoblangan ortiqcha xarajat va milliyligimizga mos bo‘lmagan dabdabali odatlarni targ‘ib qilmoqdalar. Biz taklif qilayotgan firmalar ixcham va qulay tartibda to‘y, maraka va marosimlarni tashkil qilishadi. 
To‘y va marosmlarni qonun yo‘li bilan belgilab berilmas ekan, xalqimiz orasida kim o‘zarga, dabadabaga ruji qo‘yish kuchayib boraveradi. Buning ortidan turli illatlar paydo bo‘ladiki, bu illatlar na xalqimiz qadriyatiga na bir boshqa qadriyatlarga to‘g‘ri keladi. Oxir-oqibat xalqni inqirozga, milliy inqrozga olib borishi hech gap emas.
Alisher Qodirov,
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati, 
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер