«Mikrokreditbank» tomonidan yangi markaz ishga tushirildi
Mijozlarga qulaylik yaratish bugungi zamonaviy banklar oldiga qoʻyilayotgan eng muhim vazifalardan biri hisoblanadi. Binobarin, bu ular uchun rivojlanish, moliya bozorida oʻz oʻrnini yana-da mustahkamlash uchun juda zarur.
«Mikrokreditbank» aksiyadorlik tijorat banki ayni shu maqsadda oʻz mijozlariga samarali hamda keng koʻlamli xizmat koʻrsatish, shuningdek, mijozlar safini yana-da kengaytirish maqsadida bir qator loyihalarga qoʻl urmoqda. Mazkur moliya muassasasi tomonidan yaqinda poytaxtimizning Shayxontohur tumanida “Chigʻatoy” bank xizmatlari markazi faoliyatini yoʻlga qoʻygani buning tasdigʻidir.

Markaz ixchamgina boʻlsada, faoliyat keng. Yaʼni bu yerda mijozlarga mutaxassislar maslahatini olish, hisob raqam ochish va kredit olish uchun ariza berish, onlayn omonatlarni rasmiylashtirish, barcha turdagi toʻlovlar hamda xalqaro pul oʻtkazmalarini amalga oshirish imkoniyati yaratilgan.
Aytish joizki, ushbu hududda bank xizmatlariga ehtiyoj katta edi. Shuni hisobga olgan holda «Mikrokreditbank» mutasaddilari markazni aynan aholiga qulay joyda tashkil qildi.

Maʼlumot oʻrnida qayd etish kerakki, ayni paytga qadar «Mikrokreditbank» tomonidan bank faoliyatini moliyaviy sogʻlomlashtirish, operatsion xarajatlarni optimallashtirish hisobiga xizmat koʻrsatish geografiyasini kengaytirish maqsadida 76 ta ixcham va kam xarajat talab qiluvchi “Bank xizmatlari markazi” faoliyati yoʻlga qoʻyildi.
Bank axborot xizmati tomonidan maʼlum qilinishicha, ushbu amaliyotlarni kelgusida ham davom ettirib, joriy yil yakuniga qadar jami 90 ta zamonaviy markazlar ishga tushirilishi rejalashtirilgan.
Reklama
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring